Nurboev Farmon Ergashovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Surunkali jigar kasalliklar personal farmakoterapiyasi va gepatoprotektorlar farmakoepidemiologiyasi», 14.00.05–Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Tib323.
Ilmiy maslahatchi: Mavlyanov Iskandar Raximovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Karimov Mirvosit Mirvosiqovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Rustamova Mamlakat Tulibaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Fozilov Abduqahhor Vohidovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Novosibrsk davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: surunkali jigar kasalliklarini davolashda qo‘llanilayotgan dori vositalarining farmakoepidemiologik miqdor va sifat tahlili ma’lumotlarga asoslanib, ular farmakoterapiyasiga differensial yondashuv sxemasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro va Navoiy viloyat kasalxonalarida 2006–2016 yillarda surunkali jigar kasalliklarini davolashda qo‘llanilgan dori vositalari ichida gepatoprotektorlar miqdori va uning dinamikasi aniqlangan;
ilk bor surunkali virusli va virussiz gepatitlar hamda jigar sirrozi farmakoterapiyasida gepatoprotektor dori vositalari qo‘llanish ko‘lami boshqa dori guruhlariga nisbatan hajmi va dori vositalari sarf xarajatlar ichida tutgan o‘rni ko‘rsatilgan;
surunkali jigar kasalliklari farmakoterapiyasida ishlatilgan gepatoprotektorlarning qo‘llash chastotasi bilan uning sarf xarajatlar darajasi orasida nomutanosiblik mavjudligi isbotlangan;
Buxoro va Navoiy viloyatlarida 2006-2016 yillar davomida surunkali virusli va virussiz gepatitlar hamda jigar sirrozi farmakoterapiyasida qo‘llanilgan dori vositalari, jumladan gepatoprotektorlarning AVS va VEN tahlillari ilk bor o‘tkazilib, A, V va S sinflari bo‘yicha ularning noto‘g‘ri taqsimlanganligi isbotlangan;
Buxoro va Navoiy viloyatlarida 2006 – 2016 yillar davomida surunkali virusli va virussiz gepatitlar hamda jigar sirrozi farmakoterapiyasida qo‘llanilgan dori vositalari ichida noessensial (ikkinchi darajali) dori preparatlarining miqdori yuqori ekanligi, gepatotrop preparatlar bilan ta’minlanish sifati hamda resurs yo‘qotishlari mavjudligi isbotlangan;
xolestaz sindromi ustuvorligi bilan kechuvchi surunkali jigar kasalliklarda klinik-biokimyoviy ko‘rsatqichlar darajasini hisobga olgan holda ursosan preparati miqdoriga tabaqalashgan yondashuv shakllantirilgan va uning samaradorligi isbotlangan;
surunkali S virusli gepatit va jigar sirrozida klinik-biokimyoviy ko‘rsatqichlar darajasini hisobga olib ursosan preparati dozasini tabaqalashgan holda hamda virusga qarshi preparatlar bilan birgalikda qo‘llash orqali yuqori iqtisodiy samaraga erishish imkoniyati borligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Surunkali jigar kasalliklarini davolashda qo‘llanilayotgan dori vositalarining farmakoepidemiologik va farmakoekonomik tahlili va ushbu xastaliklarda dori vositalari miqdoriga tabaqalashtirilgan yondashuvi bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Jigar ichi xolestazi sindromini samarador davolash usulini qo‘llash” uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 15 oktyabridagi 8n-r/591-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada jigar ichi xolestazi sindromi ustuvorligida kechadigan surunkali jigar xastaliklari sindromining og‘irlik darajalariga mos ravishda ursosan preparati miqdoriga tabaqalashgan yondashuvni qo‘llash an’anaviy yondashuvga nisbatan yuqoriroq tibbiy samaraga ega bo‘lish va preparat miqdorini tejash imkonini bergan;
jigar ichi xolestazi sindromi ustuvorligida kechadigan surunkali jigar xastaliklari sindromini davolashga yangicha yondashuv bo‘yicha ishlab chiqilgan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Buxoro viloyat yuuqumli kasalliklar shifoxonasi, Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi gepatologiya va gastroenterogiya bo‘limlari amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 20 iyunidagi 8n-z/133-son ma’lumotnomasi). Ushbu natijalar surunkali jigar kasalliklari bilan xastalangan bemorlar davo samaradorligini oshirishga, davo muddatlarini kamayishiga va preparat miqdorini kamayishi hisobiga yuqori iqtisodiy samara bergan.