Bozorov Aminjon Nurilloevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Molibden sanoat mahsulotlari va texnogen chiqindilarini kompleks qayta ishlashning samarali fizik-kimyoviy usullarini hamda molibden, reniy va boshqa qimmatli komponentlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.07 – Kompozision, lok-bo‘yoq va rezina materiallari kimyosi va texnologiyasi, 05.02.01 - Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/T809.
Ilmiy maslahatchilar: Negmatov Soyibjon Sodikovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Abed Nodira Soyibjonovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK, DSc.03/30.12.2019.K/T.03.01.
Rasmiy opponentlar: Pirmatov Eshmurat Azimovich, texnika fanlari doktori, professor; Xasanov Abdurashid Solievich, texnika fanlari doktori, professor; Sharofutdinov Ulugbek Ziyatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: molibden sanoat mahsulotlari va texnogen chiqindilarini kompleks qayta ishlashning samarali fizik-kimyoviy usullarini hamda molibden, reniy va boshqa qimmatli komponentlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shlam keklarining mineralogik va kimyoviy tarkibi aniqlanib, rangli va noyob metallarning miqdori ko‘pligi, molibden va mis oksid va sul`fid tabiatiga, reniy esa ReO-4 anion shaklida ekanligi isbotlangan;
molibden sanoat mahsuloti kuyindilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sodali ishqorlash jarayoni ishlab chiqildi hamda molibdenni ajratib olishda ishqorlash mexanizmi va samaradorligiga turli xil omillarning ta’siri (soda konsentratsiyasi, Q:S nisbati, granulometrik tarkibi va ishqorlab-eritish vaqti) aniqlangan;
shlam keklarini 120 g/l sodali konsentratsiyada ishqorlab eritilganda, eritmadan molibdenni ajratib olish 90,0% ga etkazildi va molibdenning qoldiq keklardagi ulushi esa 0,5% gacha kamayishi aniqlangan;
pH 3,0-3,5 bo‘lgan kislotali sodali eritmalaridan molibden va reniyning sorbsiyasi natijasida, molibden va reniy poliionitlarining “Pyurolayt” A-100Mo (molibden) va “Pyurolayt” A-170 (reniy), ion almashinuvchi sorbentining funksional guruhlari bilan kompleks kompleks hosil qilishi, molibden ishlab chiqarishning mahsuldor hamda chiqindi eritmalaridan molibden va reniyning sorbsiyasi va desorbsiyasining kinetik qonuniyatlari aniqlangan;
molibden ishlab chiqarishning texnogen chiqindilarini kompleks qayta ishlashning prinsipial texnologik sxemasi hamda molibden, reniy va boshqa qimmatli komponentlarni ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
turli ion almashinuvchi sorbentlarda ion almashinuv jarayonlari asosida ammoniy molibdat va ammoniy perrenat ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi hamda ikkilamchi mahsulot sifatida mis-temir konsentratlarini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Molibden sanoat-maxsuloti va texnogen chiqindilarini qayta ishlashning samarali usulini hamda molibden va reniy ammoniy tuzlarini olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
molibden sanoat-mahsuloti va shlam-keklarini sodali qayta ishlashning samarali texnologiyasi «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJning 2024 yil 2 oktyabrdagi 01/293-son ma’lumotnomasi). Natijada, aralash tarkibli molibden sanoat-mahsuloti xomashyosidan molibdenni 97,8 % gacha ajratib olish imkonini bergan;
molibden sanoat maxsulotini soda bilan qizdirib va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sodali eritmalar bilan ishqorlab eritishning ikkita sxemasi taklif etilib «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJda amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2024 yil 6 noyabrdagi 11-24/01-01500 - son ma’lumotnomasi). Natijada, qoldiq keklar tarkibidagi molibdenning miqdori 2,1% gacha kamayishi hamda oltin konsentratsiyasi - 37,2%, kumush -39,3% gacha oshishiga imkon bergan;
molibden ishlab chiqarish chiqindi eritmalaridan molibdenni ajratib olish texnologiyasi «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJda amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» AJning 2024 yil 2 oktyabrdagi 01/293-son ma’lumotnomasi). Natijada, tashlandiq eritmalar tarkibidan 85,0-90,0% molibdenni ajratib olish imkonini bergan;
molibden sanoati tashlandiq eritmalaridan reniyni sorbsion ajratib olish texnologiyasi «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJda amaliyotga joriy etilgan «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2024 yil 6 noyabrdagi 11-24/01-01500 - son ma’lumotnomasi). Natijada, GOST 31411-2009 ga mos keluvchi 69,4% li AR-0 markadagi ammoniy perrenat olish imkonini bergan.