Usmanxanov Odilxon Ayubxanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tug‘ma orqa miya churralarining kompleks diagnostik prinsiplari va jarrohlik korreksiyasining taktikasi», 14.00.28–Neyroxirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tib228.
Ilmiy rahbar: [Mirsadikov Doniyor Abdulxaevich], tibbiyot fanlari doktori. Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, DSc.28.02.2018.Tib.62.01.
Rasmiy opponentlar: Axmediev Maxmud Mansurovich, tibbiyot fanlari doktori; Voronov Viktor Grigor`evich, tibbiyot fanlari doktori, professor, (Rossiya Federatsiyasi).
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. orqa miya churralarini tashxislash va xirurgik davolash usullarini takomillashtirish asosida davo natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
orqa miya dizrafizmida MSKT-gernio/mielografiya usuli yordamida “kontrast yo‘lakcha” diagnostik belgisi ishlab chiqilgan;
orqa miya churralarining spontan yorilishida bemorlarni shoshilinch holatdan rejali jarrohlik amaliyotiga o‘tkazishga imkon beruvchi «churra drenaji» usuli ishlab chiqilgan;
churrani lipomielotsele turida jarrohlik usuli terini «minaret» kesimi orqali amalga oshirish bilan takomillashtirilgan;
yarali likvoreya, meningit va meningoensefalit kabi asoratlarni oldini olishda orqa miya subaraxnoidal bo‘shliqning «tashqi drenaj» usuli zarurligi isbotlangan;
orqa miya churrasi qo‘shaloq nuqsonlar bilan uchraganida va churraning yorilishi bo‘lgan holatlarida xirurgik davolash bosqichlari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tug‘ma orqa miya churralarining kompleks diagnostik prinsiplari va jarroxlik davolash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Orqa miya churralarini jarroxlik davolash usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiro uchun patenti olingan (№IAP 04319, 09.03.2011). Taklif etilgan ixtironi qo‘llash kasallikning ikkilamchi asoratlari va o‘limni kamaytirish (10,8% dan 1,9%gacha) imkonini bergan;
«Orqa miya churralarini tashxislash usuli»ga Intellektual mulk agentligining ixtiro uchun patenti olingan (№IAP 05619, 13.06.2018). Taklif etilgan ixtironi qo‘llash kasallik tashxisini yaxshilash (38,3%) va jarrohlik rejasini takomillashtirish imkonini bergan;
«Orqa miya tug‘ma churralarini tashxislash va davolash usullarini takomillashtirish» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 28 avgustdagi 8n-d/15-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyalar bolalarda orqa miya churrasi kasalliklarining asoratlarini va kasalxonada davolanish kunlarini (4 kunga) kamaytirish hamda davolash natijalarini yaxshilash imkonini bergan;
«Lipomielotsele jarrohlik davolash usuli» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 28 avgustdagi 8n-d/15-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyalar bolalarda tug‘ma orqa miya churralarini lipomielotsele xilini davolashda yuzaga keladigan asoratlarning oldini olish va mavjud bo‘lgan nevrologik tanqislikni davolash imkonini bergan;
tug‘ma orqa miya churralarining kompleks diagnostik prinsiplari va jarrohlik taktikasini korreksiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Andijon viloyati ko‘p tarmoqli bolalar markazi amaliyotlariga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 28 avgustdagi 8n-d/15-son; 2018 yil 10 oktyabrdagi 8n-z/176-son ma’lumotnomalari). Natijada orqa miya tug‘ma churrasi bo‘lgan bemorlarda tashxislash va davolashning yangi uslublarini qo‘llash orqali bemorlarning hayot sifati yaxshilangan va operatsiyadan keyingi asoratlar 5 barobar kamaygan.