Namozov Normamat Chorievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qumli cho‘l tuproqlarining xossalari va ulardan samarali foydalanish (Forish tumani yaylovlari misolida», 06.01.03–Agrotuproqshunoslik va agrofizika (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx88.
Ilmiy rahbar: Turapov Ibragim, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Qurvantoev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Xaqberdiev Obid Eshniyozovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Forish tumani yaylovlarida tarqalgan qumli cho‘l tuproqlarining tarkibi, xossalari, mikrobiologik faolligini aniqlash va degradatsiya jarayonlarini oldini olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Jizzax viloyati Forish tumani yaylovlarida tarqalgan qumli cho‘l tuproqlarning morfologik belgilari, agrokimyoviy, agrofizikaviy, suv-fizikaviy xossalari aniqlangan;
qumli cho‘l tuproqlari tarkibidagi suvda oson eruvchi tuzlar miqdorini tahlili natijalariga ko‘ra ushbu tuproqlar uchlamchi davr qumtoshli sho‘rlangan yotqiziqlarda shakllanganligini va kelajakda sug‘orish imkoni tug‘ilsa sho‘rlanish xavfi mavjudligi asoslangan;
qumli cho‘l tuproqlarda ekishdan oldin tuproqqa ishlov berishda shudgorlash + mola bosish tadbiri cho‘l ozuqabop o‘simliklarining o‘sishi-rivojlanishiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
qumli cho‘l tuproqlarida kechayotgan degradatsiya jarayonlarini oldini olishda ochilib qolgan maydonlarga cho‘l ozuqabop o‘simliklaridan izen, teresken va cho‘g‘on o‘simliklarini ekish samarali ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Forish tumani qumli cho‘l tuproqlarining xossalari va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Tabiiy cho‘l yaylovlaridan pichan jamg‘arish va cho‘l ozuqabop o‘simliklari urug‘larini yig‘ishda o‘rgich-to‘plagich mashinasidan foydalanishga doir» tavsiya qishloq xo‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 14 iyundagi 02/020-152-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiya respublikaning cho‘l yaylovlaridan pichan jamg‘arish va cho‘l ozuqabop o‘simliklari etishtirish va urug‘larini yig‘ishda chorvachilik sohasidagi fermer xo‘jaliklari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
yaylov tuproqlari holatini yaxshilashga qaratilgan shudgorlash+mola bosish agrotadbiri ishlab chiqilib, Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Axmedov Mansur” fermer xo‘jaligining 5,5 gektar va «BMKB-Agromash» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 10,5 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 14 iyundagi 02/020-152-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproqda qulay sharoit yaratilgan, chizellab+mola bosish hamda boronalab+mola bosish agrotadbirlariga nisbatan o‘simliklar bo‘yi 2,3–15,4 sm ga yuqori o‘sishi ta’minlangan;
cho‘l ozuqabop o‘simliklari navlarining o‘sishi, rivojlanishi bo‘yicha ishlab chiqilgan agrotadbirlar Jizzax viloyati Forish tumani qumli cho‘l tuproqlari sharoitida 16,0 gektar maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 14 iyundagi 02/020-152-son ma’lumotnomasi). Natijada izenning «Otavniy» navi, cho‘g‘onning «Jayxun» navidan 4 sm ga, tereskenning «To‘lqin» naviga nisbatan 22 sm baland o‘sganligiga va undan gektaridan 0,5-1,0 sentner urug‘ olishga erishilgan.