Gadjiev Xagani Mohubbat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kompyuter-texnik ekspertizasini uslubiy va tashkiliy-huquqiy jihatlarini takomillashtirish”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu971.
Ilmiy rahbar: Rasulev Abdulaziz Karimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Murodov Baxtiyorjon Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Muminov Behzod Abduvaxobovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat yuridik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kompyuter-texnik ekspertizasini o‘tkazishda uchraydigan muammoli masalalarni baholash asosida ushbu ekspertizani o‘tkazishning metodik, tashkiliy va huquqiy jihatlarini maqbullashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kompyuter-texnik ekspertizasi obektlarining ishlash xususiyatini tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish uchun maxsus ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyatga ega texnik xodimlarni shartnoma asosida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga jalb qilish zarurligi asoslab berilgan;
mobil qurilmalardan olinadigan elektron (raqamli) ma’lumotlarning maqbulligini ta’minlash maqsadida ekspert-kriminalistlar uchun mobil qurilmalarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqilib, ma’lumotlarni mobil qurilmalardan olish va tahlil qilish jarayonida ekspertning harakatlar algoritmi hamda ekspert xulosalarini tayyorlashga qo‘yiladigan me'yoriy talablar belgilangan;
kompyuter-texnik ekspertizasini o‘tkazish uchun ekspert-kriminalistning avtomatlashtirilgan ish joyini jihozlash bo‘yicha zamonaviy apparat-dasturiy majmualar, maxsus texnik va dasturiy ta’minot vositalari hamda ekspertiza tadqiqotlari uchun zarur jihozlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan texnik topshiriq ishlab chiqilgan;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek muhim axborot infratuzilmasi obektlarining axborot tizimlari va resurslarining ma’lumotlarini dastlabki tergov muddatlariga muvofiq zaxira nusxa yaratib, saqlash zarurligi, ularning saqlanish muddati kiberhavfsizlik talablariga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan hamda majburiy tartibda yoki kiberhavfsizlik sub'ektlarining tashabbusi bilan amalga oshiriladigan ekspertiza o‘tkazilishi uchun oxirgi uch oydan kam bo‘lmasligi lozimligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kompyuter-texnik ekspertizasining metodik, tashkiliy va huquqiy jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra:
maxsus ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyatga ega texnik xodimlarni shartnoma asosida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga jalb qilish haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2022 yil 8 fevral, PQ-122-son) qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarining kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasining 18-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022 yil 27 dekabrdagi 21/1456-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari darajasini oshirishga, shuningdek, qo‘shimcha yuqori malakali kadrlarni ish jarayoniga jalb qilish orqali ekspertizalar o‘tkazish muddatlarini qisqartirish va samaradorligini oshirishga imkon bergan;
mobil qurilmalardan olinadigan elektron (raqamli) ma’lumotlarning maqbulligini ta’minlash maqsadida ekspertlar-kriminalistlar uchun mobil qurilmalarni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazining Ekspert-malaka komissiyasi tomonidan ijobiy baholandi hamda ekspert-kriminalistik bo‘linmalarning kompyuter-texnik ekspertizasini o‘tkazish borasidagi amaliy faoliyatida foydalanish uchun tavsiya etildgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil 25-yanvardagi 21/93-son ma’lumotnomasi). Mazkur metodik tavsiyalar mobil qurilmalarning ekspert tadqiqotlari jarayonlarini unifikatsiyalash va tizimlashtirishga imkon berdi, ekspert xulosalarini tayyorlashga qo‘yiladigan bir xil talablar belgilangan;
kompyuter-texnik ekspertizasini o‘tkazish uchun ekspert-kriminalistning avtomatlashtirilgan ish joyini jihozlash bo‘yicha zamonaviy apparat-dasturiy majmualar, maxsus texnik va dasturiy ta’minot vositalari hamda ekspertiza tadqiqotlari uchun zarur jihozlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan ishlab chiqilgan texnik topshiriq IIV hamda Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazining raqamli ekspertiza laboratoriyasini tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil 25-yanvardagi 21/94-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan texnik topshiriqdan foydalanish kompyuter-texnik ekspertizasi laboratoriyasining samarali ishlashiga, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishiga va faoliyati tashkiliy-huquqiy jihatdan zamonaviy standartlarga muvofiq ta’minlanishiga sharoit yaratish imkonini bergan;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek muhim axborot infratuzilmasi obektlarining axborot tizimlari va resurslarining ma’lumotlarini zaxira nusxasini yaratish orqali bunday ma’lumotlarning saqlanishini ta’minlash to‘g‘risidagi taklifdan “Kiberhavfsizlik to‘g‘risida”gi (2022-yil 15-aprel, O‘RQ-764-son) O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasini, kiberhavfsizlik talablariga muvofiqligi­ni aniqlashga qaratilgan ekspertizani tashkil etilayotgan zaxira nusxa asosida o‘tkazish shartligi haqidagi taklifdan ushbu qonunning 18-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining 2024 yil 13-martdagi 04/11-12-404-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif davlat organlarining axborot tizimlarini himoyalash choralarini kuchaytirish va zaxira nusxalari asosida ekspertiza o‘tkazishni ta’minlagan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish