Ochilov Jamshid Nasidinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sigirlarda yo‘ldoshning ushlanib qolishi etiologiyasi, patogenezi, davolash va oldini olish”, 16.00.02 – Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4./PhD/V36
Ilmiy rahbar: Kuldashev Otamurod Urazovich, veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.06/29.10.2021.V.139.01.
Rasmiy opponentlar: Ilyasov Aziz Saidmurodovich, biologiya fanlari doktori, professor; Djumanov Sobirjon Murodovich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sigirlar tug‘gandan keyin yo‘ldosh ushlanib qolishi va fasllar kesimida uchrash darajasi, uning sabablari, tarqalishi, patogenezi, kechish turlarini aniqlash, iqtisodiy zarari va etiologiyasini tahlil qilish, davolash va oldini olishda yuqori samara beruvchi maxsus vositalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoramolchilik fermer xo‘jaliklari sharoitida mahsuldor sigirlarda tug‘gandan keyin yo‘ldosh ushlanib qolishi yil fasllari bo‘yicha tarqalish dinamikasi, uning turlari (to‘liq, noto‘liq va qisman), kasallikning xo‘jaliklarga keltiradigan (kuyga kelmasligi, servis davrining uzoq bo‘lishi, sut mahsuldorlikning 15-20% kamayishi) iqtisodiy zarari aniqlangan;
sigirlarda qisirliklar va tug‘gandan kiyin yo‘ldosh ushlanib qolishining sabablari alimentar (Fe, Mg, P, Retinol, Tokoferol), simptomatik (bachdon subinvolyusiyasi, endomet) va mikroiqlimga (harorat, havo namligi, ammiak) bog‘liq omillar ekanligi tadqiqotlarda isbotlangan;
tug‘gandan keyin yo‘ldosh ushlanib qolishida sigirlar jinsiy a’zolarida kuzatiladigan patomorfologik va qondagi morfologik o‘zgarishlarni aniqlash uchun zamonaviy tekshirish usullarini qo‘llashga asoslangan diagnostik mezonlar ishlab chiqilgan;
sigirlarda tug‘gandan keyingi yo‘ldosh ushlanib qolishining oldini olish va davolashda umumiy hamda maxsus ta’sir qiluvchi preparatlarni (rootikan, ixglyukovit-vet, Gonadin, Fertadin) qo‘llash orqali davolash usullari takomillashtirilgan;
sigirlarda tug‘gandan keyin yo‘ldosh ushlanib qolishining oldini olish bo‘yicha preparatlarni qo‘llab, servis davrini (25-30 kun) qisqartirishga asoslangan profilaktik tadbirlar (Ixglyukovet-vet, gonadin va fertodin) majmuasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sigirlar qisirligi, tug‘gandan kiyingi yo‘ldoshni ushlanib qolishini davolash va oldini olish usullarini takomillashtirish bo‘yicha bajarilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
«Sigirlar tug‘gandan kiyingi ginekologik kasalliklarini davolash va oldini olish bo‘yicha tavsiyalar» (Samarqand, 2017), «Sigirlar endometrit kasalligining oldini olish va davolash bo‘yicha tavsiyanomalar» (Samarqand, 2020) va «Sigirlarda yo‘ldosh ushlanib qolishini davolash va oldini olish bo‘yicha tavsiyanoma»lar (Samarqand 2024) tadqiqot natijalariga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, sigirlar qisirligini va tug‘gandan kiyingi yo‘ldosh ushlanib qolishini kamaytirish uchun «Sigirlar tug‘gandan kiyingi ginekologik kasalliklarni davolash va oldini olish bo‘yicha», «Sigirlar endometrit kasalligini oldini olish va davolash bo‘yicha» va «Sigirlarda yo‘ldosh ushlanib qolishini davolash va oldini olish bo‘yicha» tavsiyalar tasdiqlanib, veterinariya amaliyotiga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024 yil sentyabrdagi №02/23-501-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarni qo‘llash natijasida xo‘jaliklarda sigirlarni tug‘gandan kiyingi kasalliklar bilan kasallanishi 25-30 foizga kamaygan, servis davri 25 kunga qisqargan va birinchi kuyga kelib otalanishi esa 75-80 foizni tashkil etgan;
«Ixglyukovit-vet», «Gonadin» va «Fertadin» preparatlarini sigirlarning qisirligi va tug‘gandan kiyin yo‘ldoshni ushlanib qolishini davolashda muskul orasiga «Ixglyukovit-vet» preparati 20-25 ml miqdorda ikki marta 3 kun oralig‘i bilan qo‘llash, Gonadin va Fertadin preparatlari 2 ml sigirlar tug‘gan kuni qo‘llash usuli ishlab chiqilib Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani «Chashma» va Kitob tumanidagi «Gulgunpusht chorvasi», Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani «Imom ota», Samarqand tumani «Guljaxon», Narpay tumani «Narpay Zarif chorvasi» kabi fermer xo‘jaliklariga joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining №02/23-501-son ma’lumotnomasi). Natijada sigirlarda tug‘gandan kiyin yo‘ldosh ushlanib qolishini oldini olishda yuqori natija berishi, bachadon involyusiyasi yaxshilanib, kuyga kelishi va otalanishini tezlashtirishga erishilganligi tufayli sarflangan 1 so‘m harajat qoplami 10,8 so‘mni tashkil etgan.