Olimov Farruxbek Sultonmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin” asari badiiyati», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Fil366.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Haqqulov Ibrohim Chorievich, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘R FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Tursunov Yusuf Tursunovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Navoiyning barcha asarlaridagi Abdurahmon Jomiy ta’rifu tavsifiga bag‘ishlangan sahifalar hamda “Xamsat ul-mutahayyirin”dagi Jomiy timsolini qiyosan tahlil etish orqali mazkur asarning muallif ijodidagi o‘ziga xos o‘rnini aniqlash, asarning ikkala buyuk tarixiy shaxs hayoti va ijodi, o‘zaro munosabatlari doirasini o‘rganishda o‘ta muhim manba ekanini isbotlash, asar badiiyati hamda muallifning nasrnavislik mahorati va uslubiy o‘ziga xosliklarini yoritib berishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Xamsat ulmutahayyirin”ning janr xususiyatlari, umumiy va an’anaviy manoqiblardan farq qiluvchi o‘ziga xosliklari, manoqibning bosh xususiyati ideal hisoblangan real shaxs qahramon qilib olinishi bilan belgilanishi, komil inson g‘oyasi hayotiy asosga ega ekani o‘z isbotini topgan;
ilk bor “Xamsat ulmutahayyirin”ga manba bo‘lgan shaxsning ma’naviy fazilatlari, xususan, pirlik sifatlari atroflicha ochib berilgan;
Navoiy asarlaridagi Jomiyga bag‘ishlangan ta’rifu tavsiflar jamlanib, “Xamsat ul-mutahayyirin”dagi Jomiy siymosi yaratilishiga qiyoslangan holda asarda Jomiy siymosi yaxlit tarzda, har taraflama gavdalantirilgani, boshqa asarlarida esa unga muayyan bir masala yuzasidangina munosabatda bo‘lingani ilmiy asoslangan;
asarning badiiyestetik xususiyatlari, xususan, kompozisiyasi, muallifning voqeanavislik (epik), ifoda, tasvir va bayon mahorati ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Alisher Navoiyning “Xamsat ul-mutahayyirin” asarida aks etgan manoqib, holot, agiografiya, pir, murid, komil inson kabi tushunchalar, asarning badiiyatini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Navoiy nasriy ijodi, unda agiografik (manoqib-holot) tipidagi asarlarning o‘rni, “Xamsat ul-mutahayyirin”ning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlariga doir ma’lumotlardan Samarqand davlat universitetida bajarilgan OT-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” (2008–2011) mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 89-03-2192-son ma’lumotnomasi). Natijalar Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik, pir-muridlik va do‘st-birodarlikning yuksak namunasini yoritishdagi ahamiyatini ko‘rsatish muammolari echimini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
“Xamsat ul-mutahayyirin” asari mazmun-mohiyati, poetik hamda janriy xususiyatlari, undagi obraz va timsollar tabiatining o‘ziga xos xususiyatlarini asoslashda Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida olib borilgan FA-F1-G039 raqamli “Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish” (2012–2016) fundamental ilmiy loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 13 iyuldagi 3/1255-1861-son ma’lumotnomasi). Ilmiy qarashlar asosida asarning janriy xususiyatlari belgilangan, muallifning tarixiy shaxs timsolida komil insonni tasvirlash mahoratini ko‘rsatib berishga erishilgan;
Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi ustoz-shogirdlik, pir-muridlik munosabatlari haqida tadqiqotda keltirilgan xulosalardan “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Bashariyat siymolari” turkum ko‘rsatuvlari ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2018 yil 26 iyuldagi 01-16/378-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvlarda Jomiy va Navoiy munosabatlari o‘zbek-tojik xalqlari orasidagi do‘stlikning oliy namunasi ekanligi, bu ikki buyuk zot o‘z davrining komil insonlari bo‘lganligi tadqiqotga tayangan holda atroflicha yoritilgan.