Karimova Shaxloxon G‘anievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek mumtoz she’riyatida poetik mazmun va shakliy izlanishlar(Zavqiy, Muhsiniy ijodi misolida)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil526.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘R FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Nurboy Abdulhamidovich, filologiya fanlari doktori; Jo‘raboev Otabek Rustambek o‘g‘li, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mumtoz merosimizga munosib ulush bo‘lgan Zavqiy she’riyatini va haligacha maxsus tadqiqot ob’ekti bo‘lmagan Muhsiniy ijodini adabiyotshunoslikda qaror topgan yangicha qarashlar hamda xolis mezonlar asosida tadqiq etish, ularning g‘oyaviy-badiiy olamini kashf etish, davr adabiy hayotida mavqeini belgilash, she’riyatidagi poetik mazmun va badiiy shakl masalasi, ularning mutanosibligini namoyon bo‘lish jihatlarini yoritishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Zavqiy, Muhsiniylar she’riyatining shakllanishi va takomilidagi tarixiy-ijtimoiy, adabiy-estetik hamda ijodiy omillar dalillangan;
poetik mazmunning ijodkor dunyoqarashi va iste’dodiga bog‘liq jihatlari, ifodasidagi o‘ziga xosliklar Zavqiy va Muhsiniy ijodi misolida aniqlangan;
she’riy unsurlar (vazn, qofiya va radif)ning poetik mazmunga ta’siri va o‘zaro munosabati, bu borada an’ana va mahorat darajasi ko‘rsatilgan;
ijodkorlarning mumtoz an’analarga munosabati, ustoz salaflarga izdoshlik, badiiyatda o‘ziga xoslik masalalari tekshirilib, Qo‘qon adabiy muhitining mahoratli ijodkorlaridan bo‘lgani, mumtoz adabiyot tarixida munosib o‘ringa egaligi, she’riyati an’ana va novatorlikning uyg‘unlashuvi namunasi ekani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Zavqiy va Muhsiniy she’riyatida poetik talqin va uslubiy izlanishlar mavzusida olib borilgan tadqiqotlar asosida XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlari Qo‘qon adabiy muhiti namoyandalari, xususan, Zavqiy va Muhsiniy ijodi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Zavqiyning nisbatan to‘ldirilgan tarjimai holi, poetikasiga xos belgilar, janriy tarkibi xususiyatlariga doir ma’lumotlardan FA-F8 raqamli “15 jildli “O‘zbek fol`klori va adabiyot tarixi” fundamental loyihasida (2007–2011) foydalanilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 10 noyabrdagi FTA-02-11/1059-son ma’lumotnomasi). Natijada Zavqiy hayoti va adabiy faoliyatiga doir ma’lumotlar yangilangan, shoir she’riyatidagi poetik mazmun va ifoda hamda uslub masalalarini yanada kengroq yoritish imkoniyati yuzaga kelgan;
Muhsiniy va Zavqiy asarlarining saqlanishi, qo‘lyozma manbalari haqidagi ma’lumotlardan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida yangidan tashkil etilayotgan “XVI–XIX asrlar o‘zbek adabiyoti”, “Milliy uyg‘onish davr adabiyoti” mavzularidagi ekspozisiya bo‘limlarining tegishli qismlarini yaratishda foydalanilgan hamda muzey ashyolari elektron katalogi va infokiosk materiallar bazasiga kiritilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 23 iyuldagi № 3/1255-1942-son ma’lumotnomasi). Natijada muzey fondi Zavqiy va Muhsiniy asarlarining yangi qo‘lyozma nusxalari va dastxat devonlari, ayrim she’rlari kiritilgan bayozlar haqidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan;
har ikki shoir ijodining kengroq targ‘ib qilinishida “Ziyo” media markazi tomonidan efirga uzatilgan qator axloqiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarda Zavqiy va Muhsiniy ijodidagi hikmatli baytlar, ibratli misralar talqini va tahlilida dissertatsiyadagi nazariy qarashlar va xulosalardan foydalanilgan (Toshkent islom universiteti Ziyo media markazining 2017 yil 4 oktyabrdagi 05-10-17-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligini oshirishga erishilgan;
Farg‘ona viloyati “Zavqiy” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan adabiy-ma’rifiy tadbirlar hamda jamg‘arma homiyligida nashr etilgan “Zavqiy ijodi” to‘plamida dissertatsiyadagi shoir ijodiga doir yangi ma’lumotlar va ilmiy-nazariy qarashlardan foydalanilgan (“Zavqiy” jamg‘armasining 2017 yil 5 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada shoir umr bayoniga kiritilgan yangiliklar, Qashqardagi avlodlari, devoni taqdiriga oid ma’lumotlar, so‘nggi yillarda topilgan she’rlari tahlilini omma e’tiboriga etkazishda muhim manba bo‘lgan.