Ergashev Dilshod Tursumamatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Azotli o‘g‘it shakli va me’yorlarining takroriy ekilgan qand lavlagi hosildorligiga ta’siri (Namangan viloyati sharoitida)”, 06.01.04 – Agrokimyo (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx601
Ilmiy rahbar: Sulaymonov Inomjon Jamoldinovich, Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/07.06.2024.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Sanaqulov Akmal Lapasovich, Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Atabaev Ma’ruf Maxmudovich, Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Namangan viloyati tipik bo‘z tuproqlari sharoitida takroriy ekilgan qand lavlagidan yuqori va sifatli ildizmeva hosili olishni ta’minlaydigan azotli o‘g‘itlarning maqbul shakl va me’yorlarini aniqlash bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tipik bo‘z tuproqlar sharoitida qand lavlagini takroriy ekin sifatida ekib, undan yuqori va sifatli ildizmeva hamda barg hosili etishtirishda azotli o‘g‘itlarni maqbul shakllari (ammoniy nitrat) va me’yorlari (N150P100K150 kg/ga) ishlab chiqilgan;
qand lavlagidan yuqori va sifatli hosil shakllanishi uchun uning ildizmeva rivojlanish fazasida tuproqdagi harakatchan oziqa elementlari (N–NO3:P2O5:K2O) ning dinamikasi aniqlandi;
yuqori va sifatli ildizmeva hosili shakllantirgan qand lavlagi vegetatsiya davrida o‘simlikda umumiy azot, fosfor va kaliy miqdori (N–149,6 mg/kg:P–83,8 mg/kg: K-137,2 mg/kg) va nisbati (1:0,6:0,9) aniqlangan;
tipik bo‘z tuproqlarda harakatchan oziq moddalarning maqbul miqdori, oziq moddalarini o‘zlashtirishi, qand lavlagining o‘sib-rivojlanishi, quruq massa to‘plashi hamda yuqori va sifatli ildizmeva hosili shakllantirishini belgilaydigan azotli o‘g‘itlar turli shakl va me’yorlarining maqbul tizimi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Takroriy ekilgan qand lavlagining ildizmeva va barg hosili sifatini oshirishda azotli o‘g‘itlar shakl va me’yorlarining ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
qand lavlagidan ildizmeva hosili va uni texnologik sifatini ko‘tarish bo‘yicha “Azotli o‘g‘itlar shakl va me’yorlarini takroriy ekilgan qand lavlagi ildizmeva hosildorligiga ta’siri” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilib, Namangan viloyatining Chust va To‘raqo‘rg‘on tumanlarining fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 6-iyundagi 05/05/2736–sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanoma qand lavlagi etishtiradigan fermer va dehqon xo‘jaliklarida qand lavlagidan yuqori va sifatli ildizmeva hosili olishi uchun amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
qand lavlagi uchun azotli o‘g‘itlardan ammoniy nitratni 150 kg/ga (P150K200 kg/ga asos bilan) me’yorda qo‘llash bo‘yicha agrotexnik tadbirlar Namangan viloyatining Chust tumanidagi “Eson Ali-Xon” fermer xo‘jaligida 3 ga, “Qurbon Domla” fermer xo‘jaligida 3 ga va “Marhamat” fermer xo‘jaligida 8 ga, jami 14 ga maydonda, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Komiljon ota EOK” fermer xo‘jaligida 6,3 ga, “Tulpor” fermer xo‘jaligida 4,4 ga, “Komilov Tursunboy” fermer xo‘jaligida 4,8 ga, jami 15,5 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 6-iyundagi 05/05/2736-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qand lavlagidan 461 s/ga ildizmeva hosili va 138,4 s/ga ozuqabop barg hosili olishga erishgan. Bunda ildizmevaning qo‘shimcha hosili nazoratga nisbatan 148 s/ga ko‘p bo‘lgan.
Namangan viloyatining Chust va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida jami 29,5 gektar maydonda qand lavlagidan yuqori va sifatli ildizmeva hosili etishtirish bo‘yicha ishlab chiqarish tajribalari olib borilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 6-iyundagi 05/05/2736-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu maydonlarda etishtirilgan qand lavlagini ildizmevasi tarkibidagi qandning miqdori o‘rtacha 17,6% ni, bir gektar qand lavlagi ekilgan maydonidan yig‘ib olinadigan qand miqdori 7,3 t/ga ni, rentabillik esa 48,2% ni tashkil etgan.