Artikbaev Nodir Abdurasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda gidroenergetika ob’ektlari faoliyatining ishonchliligini baholash uslubi”, 05.05.01 – “Energetika tizimlari va majmualari”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T3475.
Ilmiy rahbar: Yusupov Dilmurod Turdalievich - texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti, DSc.02/30.12.2021.T.143.01.
Rasmiy opponentlar:
1. Qodirov Dilshod Botirovich - texnika fanlari doktori, dotsent.
2. Maxammadiev Farrux Mirazimovich - texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: “Gidroloyiha” AJ
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda gidroenergetika ob’ektlari faoliyatining ishonchliligini asosiy uskunalarining texnik holatini baholash jarayonlarini takomillashtirish orqali tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gidroenergetika ob’ektlarining texnik holatini baholash uslubi asosiy uskunalarning parametrlarini umumiy birlikka keltirish hamda olingan yakuniy natijani ikkita mezondan beshta mezonga o‘zgartirish hisobiga takomillashtirilgan;
gidroturbina, gidrogenerator va transformator texnik holatining qiymatini aniqlash imkonini beruvchi matematik modellar Mamdani usulining T-sinf mansublik funksiyasidan foydalanib har bir uskunaning asosiy va qo‘shimcha parametrlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan;
noaniq mantiq usuli asosida gidroenergetika ob’ektlari uskunalarining texnik holatini alohida va umumiy tarzda baholash imkonini beruvchi imitatsion modeli “gidroturbina - gidrogenerator - transformator” ketma-ketligi asosida ishlab chiqilgan;
tabiiy va texnogen favqulotda vaziyatlarda gidroenergetika ob’ektlari faoliyatining ishonchliligini baholash uslubi atrof-muhitning harorati va asosiy uskunalar uzoq muddat ishlashini inobatga olgan holda takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda gidroenergetika ob’ektlari faoliyatining ishonchliligini baholash uslubi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Gidroturbina - gidrogenerator - transformator” ketma-ketligi asosida ishlab chiqilgan imitatsion model` “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasining Chorvoq gidroelektr stansiyasiga joriy etilgan (“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining 2024 yil 31 maydagi 01-11/1631 - son ma’lumotnomasi). Natijada gidro energetika ob’ektlari asosiy uskunalari texnik holatini alohida va umumiy tarzda yuqori aniqlikda baholashga erishilgan;
gidroenergetika ob’ektlari asosiy uskunalari texnik holatini baholashning takomillashtirilgan uslubi “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” unitar korxonasining Chorvoq gidroelektr stansiyasiga joriy etilgan (“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining 2024 yil 31 maydagi 01-11/1631 - son ma’lumotnomasi). Natijada asosiy uskunalar (gidroturbina, gidrogenerator va transformator)da yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni erta aniqlash va ishonchli ishlashini ta’minlash hisobiga yiliga 50 000 000 (ellik million) so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.