G‘oyipnazarov Sanjar Baxodirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda mehnatni muhofaza qilishning ilmiy asoslarini takomillashtirish», 08.00.10–Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.4.PhD/Iqt428.
Ilmiy rahbar: Abdurahmanov Odil Qalandarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.28.12.2017.I.16.02.
Rasmiy opponentlar: Umurzakov Baxodir Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Nasimov Dilmurod Abdulloevich, iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda mehnatni muhofaza qilishning ilmiy-amaliy asoslarini takomillashtirish yuzasidan nazariy-uslubiy takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kichik biznes korxonalarida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha professional ishtirokchilar xizmatlaridan foydalanishning iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan holatlarda yirik korxonalarning tegishli infratuzilma va tajribalaridan foydalanishni ko‘zda tutuvchi model` taklif etilgan;
kichik biznes korxonalarida mehnatni muhofaza qilish holatini baholash uslubi tadbirkorlik sub’ektining faoliyat sohasi, davomiyligi va ishlovchilar soni orqali ifodalanuvchi demografik xususiyatlari asosida takomillashtirilgan;
kichik biznes sub’ektlarida mehnatni muhofaza qilishni yaxshilash tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini hisoblash tartibi mazkur soha faoliyatidagi moliyaviy ta’minot, boshqarish va nazorat qilish jihatidan cheklovlardan kelib chiqqan holda takomillashtirilgan;
kichik biznes sub’ektlarida mehnat jarayonini samarali tashkil etish va uni muhofaza qilish taomillari ularning virtual shaklini joriy etish orqali takomillashtirilgan;
“Munosib mehnat” konsepsiyasi asosida kichik biznes korxonalarida mehnatni muhofaza qilish tizimi iqtisodiy, tashkiliy, huquqiy va ijtimoiy institutlarga tasniflash orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlida mehnatni muhofaza qilishni takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
kichik biznes korxonalarida mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etishda “yaxshi qo‘shnichilik modeli”dan foydalanish taklifi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 20 avgustdagi 02-/4340-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotda qo‘llanilishi natijasida “MRT Textile” xorijiy korxonasi tomonidan “Bunyod Textile” va “To’qimachi Sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan, mehnatni muhofaza qilish borasida kichik korxonalar va yirik korxona o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining kengayishi hamda kichik korxonalar tomonidan yirik korxonaning tajribalarini o‘rganish imkonini bergan;
kichik biznes korxonalarida mehnatni muhofaza qilish holatini baholash uslubi, ularni yaxshilash tadbirlarining iqtisodiy samaradorligini hisoblash tartibi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar faoliyatiga joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2018 yil 1 iyundagi DM-187-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etish natijasida “Saodat sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatda 2018 yil 1-choragida 2017 yilning shu davri bilan solishtirganda mehnatni muhofaza qilishning darajasi 25 foizga oshgan, ishlab chiqarishda jarohatlanish 5 foizga, kasb kasalliklariga chalinish darajasi 4,6 foizga kamaygan, korxonada mehnatni muhofaza qilishning holatini tavsiflovchi integral daraja 91 foizni tashkil qilgan;
kichik korxonalarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha kirish va ish joyidagi yo‘riqnomani virtual shaklini joriy qilish taklifi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar faoliyatiga joriy etilgan (“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2018 yil 1 iyundagi DM-187-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning “Shahantex-business” xususiy korxonasida joriy qilish natijasida 2018 yilning 1-choragida 2017 yilning shu davri bilan solishtirganda ishlab chiqarishda jarohatlanish 12 foizga kamaygan;
“Munosib mehnat” konsepsiyasi asosida korxonalarda mehnatni muhofaza qilishni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Mehnat sharoitlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 20 avgustdagi 02-/4340-son ma’lumotnomasi). Bu taklifning amaliyotda qo‘llanilishi natijasida ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayonining omillari, ish o‘rinlarining jarohatlanish jihatidan xavfliligini, mehnat sharoitlari xavfli va zararli ishlar, og‘ir ishlar uchun xodimlarga berilayotgan kompensatsiyalar va kafolatlarning belgilangan mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini baholash imkonini bergan.