Mahkamov Muzaffar Abdug‘apporovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Karboksil guruhli yangi funksional polimerlarning fizik-kimyoviy xossalari», 02.00.04–Fizik kimyo, 02.00.06–Yuqori molekulyar birikmalar (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/K7.
Ilmiy maslahatchi: Muxamediev Muxtarjan Ganievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Rafikov Adxam Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor; Aminov Sobirjon Nigmatovich, kimyo fanlari doktori, professor; Ismoilov Ravshan Isroilovich, kimyo fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnoligiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: karboksil guruhi tutgan suvda eruvchan va bo‘kuvchan yangi funksional polimerlar olish va fizik-kimyoviy xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yangi monomer-metakriloilglikol kislotasining suvli eritmalarda radikal polimerlanishida monomerning polimerlanish tezligi hamda hosil bo‘layotgan polimerlarning fizik-kimyoviy xossalariga eritma rN-qiymati va ion kuchi ta’sir etishi isbotlangan;
polimetakriloilglikol kislotasi suvli eritmalarining gidrodinamik xossalari tekshirilib, Mark-Kun-Xauvink tenglamasidagi «K» va «a» parametrlari, Kun segmenti va makromolekulalar zanjiri uchlari orasidagi masofaning o‘rtacha kvadrat qiymatlari aniqlangan;
metakriloilglikol kislotasi asosidagi turli choklovchi vositalar bilan choklangan gidrogellarning suvli eritmalarda bo‘kish jarayoni tekshirilib gellarning bo‘kish darajasi va to‘rsimon tuzilish parametrlarining olinish sharoitiga bog‘liqligi aniqlangan;
qattiq fazada kraxmalni kimyoviy modifikatsiyalash yo‘li bilan karbokimetilkraxmalning natriyli tuzi olinib, uning suvli eritmalarini fizik-kimyoviy xossalari aniqlangan;
akril kislotasi va mahalliy «Navbahor» bentonit gilmoyalari asosida “in sity” interkalyasion polimerlash usuli bilan choklangan tuzilishga ega polimer kompozisiyalar olingan va ularni quyimolekulyar organik birikmalar bilan ta’sirlashuvini tekshirish orqali kompozisiyalarning tarkibiga bentonit kiritilmagan gellarga nisbatan yuqoriroq sorbsion xossalarga ega ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Karboksil guruh tutgan yangi funksional polimerlar va polimer kompozisiyalar olish hamda ularning fizik-kimyoviy xossalari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
polimetakriloilglikol kislotasi Avstriyaning Vena universitetida «Gidrofil funksional polimerlar biosensorlar sifatida» loyihasini bajarishda rN-sezgir polimerlar sifatida foydalanilgan (Avstriyaning Vena universitetini 2017 yil 24 iyuldagi ma’lumotnomasi). Natijada yangi sensor materiallar va mikroorganizmlarni bog‘lovchi polimer tizimlar yaratish imkonini bergan;
poliakril kislotasi va bentonit gilmoyasi asosida olingan polimer kompozision materiallar «Fargʻonaazot» AJda amaliyotga joriy etilgan («Fargʻonaazot» AJning 2017 yil 15 martdagi 37/1465-son ma’lumotnomasi). Natijada oqava suvlardagi ionlar (NH4+, SO4-2, Cl- va boshq.) miqdorini 15% gacha kamaytirish imkonini bergan;
karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi asosida ikki turdagi yangi kompozision quyuqlashtiruvchilar «Bukhara Brilliant Silk» OAJda amaliyotga joriy etilgan («Oʻzbekipaksanoat» uyushmasining 2018 yil 29 yanvardagi ShA-02-18/133-son ma’lumotnomasi). Natijada import qilinuvchi analoglarga nisbatan rang bosishda ishlab chiqilgan quyuqlashtiruvchilarning matodan yuvilishi o‘rtacha 30% ga yuqori bo‘lish imkonini bergan;
mahalliy xomashyo asosida olingan karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi KA-11.004 raqamli «Al`pek, ekdinoks antigel`mintik dori vositalari va al`bendozolning suspenzion shaklini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyihada albendozolning polimer komplekslari olishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 26 dekabrdagi FTA-02-11/1360-son ma’lumotnomasi). Natijada ular asosida ta’sir muddati uzaytirilgan yangi polimer dori shakllarini yaratish imkonini bergan.