Xoshniyazov Jalg‘asboy Xoshniyazovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpoq qahramonlik dostonlarining paydo bo‘lish manbalari (tarixiy-fol`kloristik tadqiqot tajribasi)”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil49.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori; Raxmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Allambergenov Kengesboy Allambergenovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qahramonlik dostonlarining genezisi, manbalari va rivojlanish tamoyillarini aniqlash orqali epik syujetlarning qadimiy tiplari mifologik eposdan iborat bo‘lganligini asoslash, xalq tarixi, turmush tarzi va an’anaviy madaniyatining badiiy tafakkur rivojida tutgan o‘rnini qoraqalpoq dostonlari misolida dalillashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qoraqalpoq fol`klorshunosligida qahramonlik dostonlarining paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan ilk syujetlar patriarxal-urug‘chilik tuzumi va uning miloddan avvalgi birinchi ming yillik o‘rtalarida inqirozga yuz tutishi davrida mifologik eposning tadrijiy rivoji natijasida shakllanganligi isbotlangan;
qahramonlik dostonlari o‘zining yaratilish davriga ko‘ra ko‘p qatlamli bo‘lib, uning arxaik eposga mansub qismi sak, massaget, xunn va qadimgi turkiylar epik ijodiyotiga taalluqli mifologik tasavvurlar va syujetlardan iborat ekanligi aniqlangan;
qoraqalpoq fol`kloridagi Aruxon, Oqcho‘lpon, Guloyim obrazlari bilan bog‘liq qahramonlik dostonlarida sak-massagetlar ijodiyotiga xos vatanparvarlik g‘oyasi, chorvachilikdan iborat turmush tarzi, qizlarning kuyov tanlash maqsadida yigitlar bilan kuch sinashishi, matriarxat davriga xos davlat boshqaruvi tizimi badiiy aks ettirilganligi dalillangan;
qoraqalpoq qahramonlik dostonlari syujetining badiiy evolyusiyasida qipchoq, qo‘ng‘irot, mang‘it, no‘g‘oy va boshqa qabilalar hayotida yuz bergan tarixiy voqealar, ularning oila va yurt himoyasi uchun olib borgan mardonavor kurashi muhim rol` o‘ynaganligi, jumladan, o‘g‘uzlarning Orolbo‘yi hududida hukmronlik qilishi tufayli VIII–XI asrlarda «Kitobi dadam Qo‘rqit»ning asosini tashkil etuvchi epik syujetlar yuzaga kelganligi, XI–XII asrlarda qipchoqlarning tarix sahnasiga chiqishi natijasida «Qo‘blon» dostoni yaratilganligi asoslangan;
XVIII asrda O‘rta Osiyoga bosqinchilik yurishi qilgan jo‘ng‘or-qalmoqlarning yovuzligi va o‘z vatanini himoya qilishga bel bog‘lagan botirlarning mardonavor kurashi voqealarining qahramonlik dostonlari syujetidan o‘rin olishi natijasida xalq eposida “qalmoq” obrazining epik dushman tipi sifatida an’anaviylashganligi dalillangan;
Orolbo‘yi epik an’anasida «Alpomish», «Qo‘blon», «Qirqqiz» kabi tub syujetli dostonlarning keng ko‘lamda ommalashishi tufayli XIV–XVIII asrlarda turkiy qavmlar va qabilaviy uyushmalarning millat sifatida ittifoqlashishi jarayoni o‘zining yuksak cho‘qqisiga etgach, qahramonlik xarakteridagi «Edige», «Er Sho‘ra», «Bo‘zo‘g‘lon», «Maspodsho», «Go‘ro‘g‘li», «Er Sayim», «Jaskelen», «Er Qo‘say», «Er Zevar», «Qurbonbek», «Haji Gerey» kabi qoraqalpoq xalq dostonlari yuzaga kelganligi asoslab berilgan;
qoraqalpoq qahramonlik dostonlarini Markaziy Osiyo, Sibir` va Shimoliy Kavkaz xalqlari og‘zaki ijodiyoti namunalari kontekstida qiyosiy-tipologik nuqtai nazardan tadqiq etish natijasida turkiy epik an’ananing tarixiy-genetik asoslari mushtarakligi xususidagi ilmiy-nazariy qarashlar takomillashtirilgan;
dostonlar syujetida tarixiy voqelik, hayotiy haqiqat va ijtimoiy-madaniy qadriyatlarning aks etishi, qoraqalpoq qahramonlik eposining davrlashtirilishi, epik syujetlarning genezisi va tadrijiy rivoji jarayonlari oydinlashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpoq xalq qahramonlik eposining tarixiy asoslari va badiiy evolyusiyasini tadqiq etish asosida olingan ilmiy natijalar quyidagi yo‘sinda joriy etilgan:
qoraqalpoq dostonlarining turkiy xalqlar eposi kontekstida tutgan o‘rni hamda qahramonlik dostonlarining shakllanish manbalariga doir ilmiy-nazariy qarashlari aks etgan «Qaraqalpaq qaharmanliq dәstani «Alpamis» (Nөkis: Bilim, 1992), «Qaraqalpaq xaliq dәstanlari – milliy qәdiriyatlar dәregi» (Nөkis: Ilim, 2017) singari monografiyalari Turkiya jumhuriyati Qarabuk universiteti “Turk tili va adabiyoti” bo‘limining 2017-2018 o‘quv yili rejasidagi “TDE141 Halk Edebiyati I”, “TED303 Halk Edebiyati III”, “TED709 Halk Bilimi Kuram ve yontemleri I” kabi fanlarni o‘qitishda, shuningdek, turkiy xalqlar fol`klori materiallari asosidagi magistrlik ishlarini bajarishda foydalanilgan (Karabuk universitetining 2018 yil 25 sentyabrdagi 009/08-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarga turkiy xalqlar eposining tarixiy-genetik ildizlari mushtarakligi haqida keng ko‘lamli bilim berishga erishilgan;
dissertatsiyaning qadimgi turkiy qavmlar fol`klor an’analarning o‘g‘uz qaharmonlik eposi taraqqiyotida tutgan o‘rni va epik an’analarning qiyosiy tipologiyasiga oid ilmiy-nazariy xulosalaridan Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Fol`klor institutining «O‘g‘uz eposi genezisi va tipologiyasi» fundamental tadqiqotlari loyihasining bajarilishida foydalanilgan (Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Fol`klor institutining 2018 yil 19 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada ozarbayjon xalq dostonlarini qoraqalpoq eposi bilan qiyoslash asnosida epik syujetlar taraqqiyotida Orolbo‘yi hududi dostonchilik an’analarining ta’sirini aniqlashga erishilgan;
tadqiqotning qoraqalpoq qahramonlik dostonlari janr xususiyatlari, badiiyati va asosiy syujet tiplarining epik an’anada variantlashuviga oid ilmiy-nazariy natijalaridan II-FA-0-14244 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori» ko‘p jildligini nashrga tayyorlash» mavzusidagi innovatsion tadqiqot loyihasini (2007–2017 yillar) bajarishda, jumladan, dostonlar matni yuzasidan ilmiy izohlar, ko‘rsatkichlar va lug‘atlar tuzishda, jildlarga so‘zboshi-tadqiqot yozishda foydalanilgan (O‘zR FA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2018 yil 13 martdagi 17-01/44-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida qoraqalpoq baxshilari va jirovlari epik repertuarida mavjud bo‘lgan qahramonlik dostonlarining to‘la nashri chop etilgan;
qadimgi sak-massaget va turkiylar epik ijodiyotiga mansub syujetlarning badiiy evolyusiyasi va qoraqalpoq qahramonlik, dostonlaridagi izlarini oydinlashtirishga doir nazariy mulohazalardan FA-F8-001 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori tarixi» (2007–2011), F1-FA-0-43429 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq qilish» (2012–2016) mavzularidagi fundamental tadqiqot loyihalarida foydalanilgan (O‘zR FA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2018 yil 13 martdagi 17-01/44-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq qahramonlik dostonlarining paydo bo‘lish manbalari va tarixiy-genetik asoslari yoritilgan;
qahramonlik eposining qoraqalpok baxshi va jirovlari epik repertuaridagi talqinlari, ijrochilarning badiiy mahorati va an’anaviy dostonlarni aytish usullari haqidagi ilmiy-nazariy qarashlarga asoslanib Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi Berdaq milliy muzeyida xalq ijodiga doir maxsus stendlar tayyorlangan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 7 martdagi 2-04/433-son ma’lumotnomasi). Ushbu xulosalar qoraqalpoq xalq dostonchiligining Orolbo‘yi mintaqasi epik an’anasida tutgan o‘rni va dostonlarning milliy xususiyatlarini kengroq targ‘ib qilishga asos bo‘lgan.
qahramonlik dostonlarining milliy o‘ziga xosligi, xalq turmush tarzini badiiy ifoda etish tamoyillari va yosh avlodni ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalashdagi ahamiyatiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining «Miyras», «Ədebiyat həm dəo‘ir», «Ulli tulg‘alar», «Gəo‘har sөz», «Etnoetika», «Bizde bir gəp bar», «Erkin pikir» va boshqa dasturlarida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining 2018 yil 6 martdagi 01-02/90-son ma’lumotnomasi). Natijada milliy qadriyatlarimizning ma’naviy-madaniy taraqqiyotda tutgan o‘rni va tarbiyaviy ahamiyatini yoshlar orasida keng joriy etishga erishilgan.