Muqumova Gulvar Jumaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ba’zi 3d-metallarning ikki asosli karbon kislotalarni immobillash asosida olingan polimer ligandlar bilan kompleks birikmalari sintezi, tuzilishi va xossalari”, 02.00.01 – Noorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/K192.
Ilmiy maslahatchi: Turaev Xayit Xudaynazarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti huzuridagi PhD.03/30.04.2022.k.78.05 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kadirova Shahnoza  Abduxalilovna, kimyo fanlari doktori, professor; Ibragimov Aziz Baxtiyarovich,  kimyo fanlari doktori, professor; Raxmanberdiev Gappar Raxmanberdievich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ba’zi 3d-metallarning ikki asosli karbon kislotalarni polimer matrisaga immobillash asosida olingan polimer ligandlar bilan kompleks birikmalarining sintezi, ularning tuzilishi va xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
karbamidformaldegid, tiokarbamidformaldegid, melaminformaldegid matrisalarga butandikislota va 2,3-digidroksibutandikislotalarni immobillash asosida 6 ta polimer ligandlar olingan;
Cu(II), Zn(II), Ni(II) ionlarining olingan polimer ligandlar bilan kompleks birikmalari sorbsiya usuli yordamida sintez qilingan;
polimer matrisaga immobillangan polimer ligandlar molekulalarining elektron tuzilishi ularning geometrik parametrlari, energetik tavsiflari hamda zaryad tekshiruvi asosida koordinatsion bog‘ning eng katta lokallanish markazlari kvant-kimyoviy usullar yordamida aniqlangan;
immobillangan polimer ligandlar va ular asosida olingan kompleks birikmalarning tarkibi, tuzilishi, xossalarini infraqizil (IQ), Raman spektroskopiya, skanerlovchi elektron mikroskop (SEM), termogravimetrik (TGA) va differensial termik tahlil (DTA) usullari yordamida tarkib-tuzilish-xossa bo‘yicha bog‘liqlik qonuniyatlari aniqlangan;
Cu(II), Zn(II), Ni(II) ionlari xloridli, nitratli, sulfatli tuzlarining polimer ligandlar bilan hosil qilgan kompleks birikmalarining barqarorlik doimiyliklari  Ni(II) < Zn(II) < Cu(II) qatorida ortib borishi Irving-Vilyams qatoriga mos kelishi isbotlangan;
Cu (II), Zn (II) va Ni (II) ionlarining polimer ligandlar bilan hosil qilgan kompleks birikmalari barqarorligining mineral kislotalarning yuqori konsentratsiyali eritmalarida (1-3 M) kamayishi va desorbsiya jarayoni uchun maqbul sharoitlar aniqlangan;
immobillangan polimer ligandlar asosidagi sorbentlarni sanoat chiqindi eritmalarini Cu (II), Zn (II) va Ni (II) ionlaridan kompleks birikmalar hosil qilish yordamida sorbsion tozalash uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tarkibida azot, kislorod va oltngugurt bo‘lgan karbamid, tiokarbamid, formaldegid matrisaga ayrim ikki asosli karbon kislotalarni immobillab olingan kompleks hosil qiluvchi polimer ligandlar va ular asosidagi sorbentlarning qo‘llanlilishi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
butandikislota va 2,3-digidroksibutandikislotalarni karbamidformaldegid, tiokarbamidformaldegid, melaminformaldegid matrisalarga immobillash asosida olingan kompleks hosil qiluvchi polimer ligandlar “Petromaruz-Uzbekistan” xorijiy korxonasida oqava suvlarni sorbsion tozalashda qo‘llanilgan (“Petromaruz-Uzbekistan” xorijiy korxonasining 2024 yil 27 avgustdagi EKO-306-son ma’lumotnomasi). Natijada, oqava suvlarni tozalashda improt o‘rnini bosuvchi, yuqori samarali, mahalliy xomashyolar asosida olingan sorbentlardan foydalanish imkonini bergan;
sintez qilingan kompleks hosil qiluvchi polimer ligandlar asosida olingan sorbentlar “Petromaruz-Uzbekistan” xorijiy korxonasida oqava suvlardan Cu (II), Zn (II) va Ni (II) metall ionlarini sorbsion ajratishda qo‘llanilgan (“Petromaruz-Uzbekistan” xorijiy korxonasining 2024 yil 27 avgustdagi EKO-306-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘p komponentli eritmalardan ayrim 3d-metall ionlarini ajratish imkonini bergan;
ikki asosli karbon kislotalarni polimer matrisalarga immobillash yordamida olingan polimer ligandlar asosidagi sorbentlar sanoat oqava suvlarini og‘ir metallar ionlaridan tozalashda “Petromaruz-Uzbekistan” xorijiy korxonasida amaliyotga joriy etilgan (“Petromaruz-Uzbekistan” xorijiy korxonasining 2024 yil 27 avgustdagi EKO-306-son ma’lumotnomasi). Natijada, oqava suvlarni og‘ir metallar ionlaridan ruxsat etilgan konsentratsiyasining o‘ndan bir ulushigacha samarali tozalash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish