Ochilov G‘olibjon Mamayunusovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Bo‘yoq va neft mahsulotlarini adsorbsiyalash va katalitik yo‘qotish uchun qo‘ng‘ir ko‘mirni faollash va modifikatsiyalash», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/K197.
Ilmiy maslahatchi: Eshmetov Izzat Do‘simbatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019. K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Kuldasheva Shaxnoza Abdulazizovna, kimyo fanlari doktori, professor; Xandamov Davron Abduqodirovich, kimyo fanlari doktori, professor; Baxronov Xayot Nurovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: adsorbsiya va katalitik usulda bo‘yoqlar hamda neft mahsulotlaridan suvni tozalash uchun qo‘ng‘ir ko‘mirni faollashtirish va modifikatsiya qilish va ularning adsorbsion xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘mirlarni ZnCl2 bilan faollashtirish eng yuqori g‘ovakli struktura va maksimal nisbiy yuzaga (751,9 m2/g), H3PO4, KOH va H2O2 qo‘llagan holda faollashda bo‘lsa nisbiy yuzaning kamroq darajada ortishi (muvofiq ravishda 586,6; 520,8 va 417,9 m2/g) kuzatilib, bu esa faollashtiruvchi agentlarning uglerod matrisasi bilan o‘zaro ta’sir mexanizmlari va ko‘mirlanish darajasida farqlar bilan bog‘liqligi isbotlangan;
ko‘mirni FeCl3+FeCl2 bilan faollash jarayonlarida ularning massa nisbatining ortishi (Fe-AU0,1 dan Fe-AU0,5 gacha) natijasida nisbiy yuza 506,0 m2/g dan 384,2 m2/g gacha kamayib, bu yirik Fe3O4 zarralari hosil bo‘lishi hisobiga g‘ovakliklarning to‘sib qo‘yilishi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
temir tuzlari bilan modifikatsiya qilingan ko‘mir faollantirilgan qo‘mirga nisbatan benzol bug‘i bo‘yicha pastroq adsorbsion qobiliyat ko‘rsatib, bu mikrog‘ovaklarning temir oksidi zarrachalari bilan qisman to‘silishi va o‘rtacha g‘ovak radiusining ortishi (Fe-AU0,5 uchun 15,096 Å gacha) bilan bog‘liqligi isbotlangan;
Fe-AU0,5 namunasi MK (0,133 mmol`/g) va KQ (0,175 mmol`/g) bo‘yicha eng yuqori adsorbsion faollik va eng katta adsorbsiya konstantasi qiymatlariga (K = 404,156 va 77,544) ega bo‘lib, bu faol markazlarning yuqori konsentratsiyasi va ko‘mir yuzasi va bo‘yoq molekulalari orasidagi kimyoviy ta’sirlashuv bilan bog‘liqligi asoslangan;
ko‘mir yuzasidagi Fe miqdorining ortishi kimyoviy adsorbsiya ulushini oshirib, bu adsorbsiya erkin energiyasining sezilarli o‘zgarishlariga (MK uchun -14,86 kDj/mol` gacha) olib kelishi aniqlangan;
Fe-AU0,5 namunasi eng yuqori katalitik faollikka ega bo‘lib, xona haroratida 50 daqiqa ichida metilen ko‘kining 94% gacha, Fe-AU0,4 va Fe-AU0,3 mos ravishda 72 va 43% rangsizlanishga olib kelib, bu Fe-AU0,5 yuzasida Fe ionlarining yuqori konsentratsiyasi va bir xil taqsimlanishi va foto Fenton reaksiyasida gidroksil radikallarning samarali hosil bo‘lishiga bog‘liqligi aniqlangan;
Fe-modifikatsiyalangan ko‘mirlar neft mahsulotlaridan tozalashda eng yuqori sorbsion qobiliyat va katalitik faollikka ega bo‘lib, bu esa ko‘mir yuzasida Fe ionlari asosida faol markazlarning hosil bo‘lishi, ular oksidlanish reaksiyalarini samarali katalizlashi va sorbsion jarayonlarni kuchaytirishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Angren ko‘mirlari asosida adsorbentlar va katalitik faol ko‘mirlar olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kimyoviy faollashtirilgan qo‘ng‘ir ko‘mirlar asosidagi adsorbentlar «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJning «2025-2030 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJning 2024 yil 2 iyuldagi 02-03-01/168-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, termik faollashtirilgan ko‘mirlar bilan solishtirganda, suvni neft mahsulotlaridan tozalash samaradorligini 90-95% ga oshirish imkonini beradi;
Fe-modifikatsiyalangan qo‘ng‘ir ko‘mirlar asosidagi katalitik faol ko‘mirlar «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJning «2025-2030 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJning 2024 yil 2 iyuldagi 02-03-01/168-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu namunalardan foydalanish suvni tozalash jarayonini adsorbsiya usuliga nisbatan 3,6 marta tezlashtirish imkonini beradi;
modifikasiyalangan ko‘mirlarda organik moddalar adsorbsiyasiga oid ma’lumot va xulosalar Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (kimyo) mutaxasisligi magistrlariga mo‘ljallangan «Sirt yuzasi hodisalari va adsorbsiya» darsligi mazmunida o‘z aksini topgan (Guvohnoma, №491160). Natijada, oliy ta’lim muassasalari magistrlarning adsorbentlarda eritmadan adsorbsiya mexanizmlari sohasida bilimlarini boyitish va mustahkamlash imkonini bergan.