Adizova Obodon Istamovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog'i): «Fransuz va o‘zbek folklori janrlari tipologiyasi hamda poetikasi», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog'ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro'yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Fil644.
Ilmiy maslahatchi: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko'rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori, professor; Ja’farova Dildora Ilhomovna, filologiya fanlari doktori, professor; Sattorov Ulug‘bek Fayzullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fransuz va o‘zbek folklori janrlarining tipologik belgilari va poetik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fransuz va o‘zbek folklorining genezisi, shakllanish omillari, janrlar tizimi va tarkibi, ularning shakliy hamda badiiy qurilishi, obrazlar va motivlarining poetik tabiati, estetik vazifalari, badiiy-tadrijiy takomilini belgilovchi an’anaviy va lokal jihatlari, yaratilish va qo‘llanish maqsadi, badiiy-estetik va ta’limiy-tarbiyaviy vazifalarining mushtaraklik kasb etishi asoslangan;
har ikkala til folkloriga xos mavsumiy hamda oilaviy-maishiy marosimlar, urf-odatlar, bayramlar, fasllar almashinuvi, dala yoki chorva ishlarining boshlanishi yoxud yakunlanishi, mehnat turlari, kasb-hunarining o‘ziga xos badiiy tasviri va ifodasi bilan bog‘liq syujet, motiv va obrazlar voqelanishidagi badiiy vazifalari isbotlangan;
qiyoslanayotgan tillar folklor janrlarining poetik tabiati, ijro o‘rni, vaqti, ijrochilari tarkibi o‘xshashligi qofiyadosh so‘zlar va ritorik vositalarning qo‘llanilishi; mubolag‘ali, allegorik tasvirlar asosida yaratilishi; zoomorf, ornitomorf, fitomorf, mifologik, antroponimik birliklarning mavjudligi kabi faktorlar asosida nomlanishi aniqlangan;
fransuz va o‘zbek folkloridagi epik (mif, afsona, rivoyat, naql, ertak, doston, latifa), lirik (qo‘shiq va allalar), paremik (maqol va topishmoqlar) singari janrlar poetikasi har ikkala xalq tilining milliy-lisoniy xususiyatlari, til va nutq madaniyati, milliy mentaliteti, dunyoqarashi, ruhiyati, diniy-e’tiqodiy qarashlari, o‘ziga xos urf-odat va marosimlari, poetik tafakkuri kabi omillar integratsiyasi negizida shakllanganligi dalillangan;
fransuz va o‘zbek bolalar folkloriga xos alla, sanama, tez aytish namunalarining milliy-madaniy xoslanishi til realiyalari, asar qahramonlarining ismi va laqablari (antroponimlar), kasb-hunar nomlari (professionalizmlar), urf-odat
va rasm-rusum nomlari (etnografizmlar), lingvokulturemalar, arxaizmlar, dialektizmlar, toponimlar, gidronimlar, oronimlar, oykonimlar, zoonimlar kabi lingvistik vositalar orqali namoyon bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fransuz va o‘zbek folklori janrlari tipologiyasi hamda poetikasi tadqiqini amalga oshirish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
fransuz va o‘zbek folklorining genezisi, shakllanish omillari, janrlar tizimi va tarkibi, ularning shakliy hamda badiiy qurilishi, obrazlar va motivlarining poetik tabiati, estetik vazifalari, badiiy-tadrijiy takomilini belgilovchi an’anaviy va lokal jihatlari, yaratilish va qo‘llanish maqsadi, badiiy-estetik va ta’limiy-tarbiyaviy vazifalarining mushtaraklik kasb etishiga hamda har ikkala til folkloriga xos mavsumiy hamda oilaviy-maishiy marosimlar, urf-odatlar, bayramlar, fasllar almashinuvi, dala yoki chorva ishlarining boshlanishi yoxud yakunlanishi, mehnat turlari, kasb-hunarining o‘ziga xos badiiy tasviri va ifodasi bilan bog‘liq syujet, motiv va obrazlar voqelanishidagi badiiy vazifalariga doir nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7 jild) chop etish” mavzuidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 27-noyabrdagi 01/4-2515-son ma’lumotnomasi). Natijada monografiyada o‘zbek adabiyoti tarixi barobarida folklor tarixi, uning g‘oyaviy, madaniy, estetik, uslubiy, ekspressivlik jihatdan millat mentaliteti va madaniyatini o‘zida to‘liq namoyon etishiga doir tavsiflar qiyosiy adabiyotshunoslik qatorida qiyosiy folklorshunoslik taraqqiyotini belgilab ko‘rsatishga xizmat qilgan;
fransuz va o‘zbek folkloridagi epik (mif, afsona, rivoyat, naql, ertak, doston, latifa), lirik (qo‘shiq va allalar), paremik (maqol va topishmoqlar) singari janrlar poetikasi har ikkala xalq tilining milliy-lisoniy xususiyatlari, til va nutq madaniyati, milliy mentaliteti, dunyoqarashi, ruhiyati, diniy-e’tiqodiy qarashlari, o‘ziga xos urf-odat va marosimlari, poetik tafakkuri kabi omillar integratsiyasi negizida shakllanganligiga doir xulosa va natijalardan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 27-martdagi 68-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan 68-757-raqamli nashr guvohnomasi asosida “Manuel de francais” nomli darslik hamda Buxoro davlat universiteti rektorining 2023-yil 27 iyundagi 354-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan 354-50-raqamli nashr guvohnomasi asosida “Mamlakatshunoslik” nomli o‘quv qo‘llanmasini yaratishda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazining 2024-yil 20-martdagi 02/01-01-27-son ma’lumotnomasi). Natijada fransuz va o‘zbek xalqining folklori, urf-odat va an’analari haqidagi ma’lumotlardan mamlakatshunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik bo‘yicha fanning amaliy qismi boyitilgan. Shuningdek, mamlakatshunoslik, adabiyotshunoslik va tarjimashunoslikning o‘zaro integratsiyasiga doir nazariy hamda faktik materiallar orqali o‘quv adabiyoti mazmuni takomillashtirilgan;
fransuz va o‘zbek bolalar folkloriga xos alla, sanama, tez aytish namunalarida milliy til realiyalariga xos so‘zlar, asar qahramonlarining ismi laqablar (antroponimlar), kasb-hunar nomlari (professionalizmlar), urf-odat, rasm-rusum nomlari (etnografizmlar), lingvokulturemalar, arxaizmlar, dialektizmlar, toponimlar, gidronimlar, oronimlar, oykonimlar, zoonimlar kabi lingvistik vositalar orqali namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “Assalom, Buxoro”, “asrlarning asraganlari” teledasturlari, shuningdek, “Muloqot va munozara”, “Qadriyatlar qadim beshigi” radioeshittirishlari ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 31-oktyabrdagi 02-09-307-son ma’lumotnomasi). Natijasida esa ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukamallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga, ko‘rsatuvning ilmiy-ommaboplik xususiyati oshirilgan;
qiyoslanayotgan tillar folklor janrlarining poetik tabiati, ijro o‘rni, vaqti, ijrochilari tarkibi o‘xshashligi qofiyadosh so‘zlar, ritorik vositalarning qo‘llanilishi; mubolag‘ali, allegorik tasvirlar asosida yaratilishi; zoomorf, ornitomorf, fitomorf, mifologik, antroponimik faktorlar asosida nomlanishiga oid xulosa va natijalardan Toshkent Fransuz Alyansi tomonidan muntazam o‘tkazilib boriladigan “CLUB DE CONVERSATION” o‘quv materialining adabiy va lingvistik tadbirlar dasturlariga oid mashg‘ulotlarida foydalanilgan ((NNT Toshkent Fransuz Alyansining 2023-yil 15-noyabrdagi 38-son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy xulosalar, tavsiyalar va takliflar mazkur seminar dasturini boyitishga hamda seminarning ilmiy qimmatini oshishiga xizmat qilgan.