Djo‘raboeva Xilola Shuhratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «An’anaviy suvdan foydalanish madaniyatining ekologik-geografik jihatlari (Farg‘ona vodiysi misolida)», 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Gr242.
Ilmiy rahbar: Ahmadaliev Yusupjon Ismoilovich, geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2021.Gr.02.07.
Rasmiy opponentlar: Isaev Akbar Aldulhamidovich, geografiya fanlari doktori; Qo‘ziboeva Ozodxon Maxmudovna, geografiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi aholisining suvdan foydalanish sohasidagi an’anaviy madaniyati asosida suv resurslaridan foydalanishning ijtimoiy-ekologik va geografik jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kompleks geografik yondashuv asosida jahondagi qurg‘oqchil mintaqalarda yashovchi mahalliy xalqlar tomonidan yaratilgan, asrlar davomida tabiatga moslashish yo‘nalishida takomillashib borib, mintaqalar farovonligini ta’minlagan an’anaviy suvdan foydalanish madaniyatining iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik-geografik jihatdan samarali tomonlari ochib berilgan;
Farg‘ona vodiysining tabiiy-geografik, gidrologik xususiyatlarini va gidrometeorologik taqvimni e’tiborga olib, daryo rejimini suv omborlarisiz sug‘orish mavsumiga moslash, suvni eng kam isrof (bug‘lanish va shimilish sababli) bo‘lishini ta’minlaydigan gidrotexnik inshootlar (ariq, kanal, quduq, koriz, sardoba) qurish va kamsuvtalab ekin turlarini tanlash, tuproqdagi namlikni saqlashning o‘ziga xos usullarini joriy etish mintaqada uzoq vaqt iqtisodiy taraqqiyot hamda ekologik muvozanatni saqlashga olib kelganligi asoslangan;  
suvdan foydalanishda havzali boshqaruv tizimining joriy etilganligi suvni havzaning butun hududiga bir tekisda, sug‘oriladigan erlar miqdoriga mos ravishda taqsimlash, gidrotexnik inshootlarning doim shay holda bo‘lishini ta’minlash, transchegaraviy suvlardan foydalanishdagi tortishuvlarning oldini olish imkonini berganligi aniqlangan, ma’muriy-hududiy bo‘linishni sug‘orish tizimi bo‘yicha o‘tkazilganligini ko‘rsatuvchi karta-sxema ishlangan;
suvdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bilan bog‘liq  an’analarni saqlash, avloddan-avlodga etkazish, suv ob’ektilaridagi o‘zgarishlarni monitoring qilishning toponimik, axloqiy-huquqiy mexanizmlari, suv havzalari yaqinidagi an’anaviy ziyorat va gastronomik turizmni rivojlantirish madaniyatining gidrologik, iqlimiy jihatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysida an’anaviy suvdan foydalanish madaniyatining ekologik-geografik jihatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kompleks geografik yondashuv asosida qurg‘oqchil mintaqalarda an’anaviy suvdan foydalanish madaniyatining ekologik-geografik va axloqiy-madaniy jihatlarini ifodalovchi, suvdan foydalanuvchilarining suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish uchun javobgarligini kuchaytirish dasturlaridan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 19 martdagi 03/17-981-son ma’lumotnomasi). Natijada, mamlakatimizda suvdan samarasiz foydalanishning salbiy oqibatlarini tushuntirish va suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha mas’uliyat va javobgarlikni oshirish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysining tabiiy-geografik, gidrometeorologik va gidrologik xususiyatlarini e’tiborga olib, daryo rejimini sug‘orish mavsumiga moslash, suvning eng kam isrof bo‘lishini (bug‘lanish va shimilish sababli) ta’minlovchi inshootlar (ariq, kanal, quduq) qurish va kamsuvtalab ekin turlarini tanlash, tuproqdagi namlikni saqlashning o‘ziga xos usullari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 19 martdagi 03/17-981-son ma’lumotnomasi). Natijada, har bir mintaqaning gidrologik imkoniyatlaridan unga mos holda foydalanish, aholini turli maqsadlarda suv bilan ta’minlashning geografik axborot tizimlarini yangilash, kamsuvtalab ekinlarni joylashtirish imkonini bergan;
suvdan foydalanishda havzali boshqaruv tizimining joriy etilishi suv resurslarining havzani butun hududiga bir tekisda, sug‘oriladigan erlar miqdoriga mos ravishda taqsimlash, gidrotexnik inshootlarning doim shay holda bo‘lishini ta’minlash, transchegaraviy suvlardan foydalanishdagi tortishuvlarning oldini olish imkonini bergan madaniyat namunalari va shu asosda ishlangan xaritadan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 19 martdagi 03/17-981-son ma’lumotnomasi). Natijada, hududlarda suv resurslarining havza tamoyili va butun vertikal bo‘ylab samarali boshqarish, kelajakda amaliyotga kichik daryolarda gidrografik boshqaruv tizimini amalga oshirishda foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish imkonini bergan;
suvdan oqilona foydalanish, monitoring qilish, muhofaza qilish an’analarini saqlashni avloddan-avlodga etkazishning axloqiy-huquqiy mexanizmlari va Farg‘ona vodiysi suv ob’ektlarida turizm sohalarini rivojlantirish rejalaridan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 19 martdagi 03/17-981-son ma’lumotnomasi) Natijada, Farg‘ona vodiysi suv ob’ektlaridagi o‘zgarishlarni monitoring qilish, ular yaqinidagi ziyorat va gastronomik turizm ob’ektlarini rivojlantirish, aholining suvdan foydalanish madaniyati darajasini oshirish imkoniyatlari yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish