Shermatov Malikjon Raxmatjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi agroekotizimlari tangachaqanotli hasharotlari (Insecta, Lepidoptera)», 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/B187.
Ilmiy maslahatchi: Zokirov Islomjon Ilhomjonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universieti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori, professor; Abdullaev Ikrom Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Bekchanov Xudaybergan O‘rinovich, biologiya fanlari doktori, dosent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi agroekotizimlari tangachaqanotli hasharotlarining zamonaviy tur tarkibini aniqlash, tarqalish areallarini belgilash, bioekologik xususiyatlarini va xo‘jalik ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysi agroekotizimlarida tarqalgan tangachaqanotli hasharotlarning tur tarkibi tahlil qilinib, 15 ta katta oila, 25 oila, 116 avlodga mansub 158 turdan iboratligi aniqlangan;
tangachaqanotli hasharotlarning 12 ta oila 46 avlodga mansub 55 ta turlari tadqiqot hududida ilk marta aniqlangan va ular orasida O‘zbekiston hududida ilgari qayd etilmagan 6 ta oila 18 ta avlodga mansub 19 ta turlar hamda Markaziy Osiyo entomofaunasi uchun 1 ta oila 2 ta avlodga mansub 2 ta tur aniqlangan;
tangachaqanotli hasharotlarning ozuqa spektri, agrotsenozlarda taqsimlanish xususiyatlari, xilma-xillik indeksi, dominant hamda kam sonli turlarining ulushlari ekologik-faunistik va matematik-statistik asoslangan;
tangachaqanotli hasharotlarni Farg‘ona vodiysining zoogeografik hududlari va agrolandshaft yaruslari bo‘yicha tarqalish areallari aniqlanib, xaritalari ishlab chiqilgan;
havfli zararkunanda tut parvonasi (Glyphodes pyloalis) misolida adventiv turlarning mintaqa entomofaunasiga kirib kelishida abiotik, biotik va antropogen omillarning o‘rni tahlil etilib, mazkur jarayonga global iqlim o‘zgarishlarining ta’siri matematik-statistik hamda ekologik tahlillar asosida ochib berilgan;
tangachaqanotli hasharotlarning hayot sikliga ko‘ra 3 ta, imagolik bosqichidagi uchish davrlariga ko‘ra 6 ta, qurtlarining qishlash xususiyatlariga ko‘ra 7 ta, ozuqaga ixtisoslashuvining kenglik darajasiga ko‘ra 3 ta, o‘simliklarning hayotiy shakllari bilan aloqasiga ko‘ra 6 ta, ozuqa o‘simliklari organlariga trofik ixtisoslashuviga ko‘ra 11 ta ekologik guruhlari klassifikatsiya qilingan;
fitofag zararkunanda turlarning ozuqa o‘simliklarini tanlash xususiyatlari turli xil ozuqa o‘simliklarini tangachaqanotli hasharotlarning ko‘payish sur’atiga hamda morfologik o‘zgaruvchanligiga ta’sirini aniqlashga oid tajribalar va matematik-statistik tahlillar asosida ochib berilgan;
dominant turlarning madaniy ekinlarni biozararlashdagi ishtiroki va uning iqtisodiy oqibatlari baholangan, zararkunanda turlarning aniqlagichi, miqdor zichliklari monitoringi hamda ularga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysi agroekotizimlari tangachaqanotli hasharotlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi agroekotizimlarida qishloq xo‘jalik ekinlari bilan trofik aloqaga ega bo‘lgan tangachaqanotli hasharotlarning 15 ta oila, 43 ta avlod, 51 ta turga mansub 108 nusxa hasharot namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan Zoologiya instituti “Zoologiya kolleksiyasi” noyob obektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 1 martdagi 4/1255-496-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar hasharotlar kolleksiyasi fondini boyitgan va turlar xilma-xilligini aniqlash hamda elektron ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini bergan;
molekulyar-genetik tadqiqotlar natijasida ilk bor aniqlangan Nomophila noctuella, Hellula undalis, Euchromius ocellea turlarining mitoxondrial COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NCBI) bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, blast.nsbi.hlm.hih.gov ning 2024 yil 15 martdagi ma’lumotnomasi). Natijada, Nomophila noctuella – PP 486257, Hellula undalis – PP 486258, Euchromius ocellea – PP 486259 identifikatsiya raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda Crambidae oilasi vakillarining tarqalish areallarini molekulyar darajada aniqlash imkonini bergan;
dominant zararkunanda turlarni o‘simlikni zararlash darajasini aniqlash mezonlari, zararkunanda turlarning miqdor zichligini monitoring qilish va ularga qarshi kurash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar hamda “Qishloq xo‘jalik ekinlarining zararkunanda tangachaqanotli hasharotlari aniqlagichi” nomli amaliy tavsiyanoma O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 2024 yil 4 apreldagi 2-8/1419-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jalik ekinlarida zararkunanda tangachaqanotli hasharotlarning rivojlanishi va tarqalishini monitoring qilish hamda ularga qarshi kurash tadbirlarini takomillashtirish imkonini bergan.
Farg‘ona vodiysining agrolandshaft yaruslari xaritasi, tangachaqanotli hasharotlarni yaruslar bo‘yicha taqsimlanish xususiyatlari, shuningdek, tuproqda hayot kechiradigan yoki qishlab chiqadigan zararkunanda tangachaqanotlilarni dala maydonidagi miqdor zichligi va taqsimlanishini aniqlash hamda mazkur jarayonga GAT texnologiyalarini qo‘llash uslublari yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024 yil 28 martdagi 05/05-04-110-son ma’lumotnomasi). Natijada, ekin maydonlarida zararkunanda tangachaqanotlilarni tezkor identifikatsiya qilish, tarqalish o‘choqlari va chegaralarini aniq belgilash, ko‘p yillik tarqalish xususiyatlarini tahlil etish hamda qarshi kurash tadbirlarining samaradorligini oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish