Zayniev Suxrob Sabirovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielitda takroriy operatsiyalar», 14.00.35–Bolalar xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib139.

Ilmiy raxbar: Shamsiev Azamat Muxitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Sibin Anatoliy Aleksandrovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Salimov Shavkat Teshaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Kirov davlat tibbiyot instituti oliy ta’lim Federal davlat byudjet ta’lim muassasasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:bolalarda surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit diagnostikasini optimallashtirish va xirurgik davolash radikalligini kengaytirish yo‘li bilan xirurgik davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit tufayli bir necha muvaffaqiyatsiz operatsiyalardan so‘ng osteomielit asosiy o‘chog‘i, barcha mavjud suyak ichi yiringlari adekvat sanatsiyasi hamda suyak ko‘migi kanali me’yordagi bo‘shlig‘ini to‘liq modellashga asoslangan xirurgik davolash usuli ishlab chiqilgan;

suyak strukturalaridagi yiringli-nekrotik jarayonini surunkaliga o‘tishi sabablari va kasallik qaytalanib kechishining etiopatogenetik asoslari aniqlangan;

surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit etiologik strukturasi va kasallik qo‘zg‘atuvchilarining antibakterial sezgirligi spektri aniqlangan;

bolalarda immun sistema holatining mahalliy yallig‘lanish-fibrotik va nekrotik jarayonlarni quvvatlab turishi va osteomielitning qaytalanuvchi kechishiga ta’siri isbotlangan;

surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit patomorfologiyasi o‘rganilgan hamda surunkali osteomielit qaytalanishining ul`trastruktur asoslari aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit diagnostikasini optimallashtirish va xirurgik davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

ishlab chiqilgan «Surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielitni xirurgik davolash usuli» uchun Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (IAP 03377-son patent, 2007 yil). Ishlab chiqilgan usul davolashdan keyin uzoq muddatda kasallik qaytalanishining havfini 32,7 dan 1,2%gacha kamaytirish imkonini bergan;

«Surunkali gematogen osteomielit qaytalanishini aniqlash va xirurgik davolash taktikasini tanlash dasturi» tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 yanvardagi 8n-d/9-son ma’lumotnomasi). Dasturni tatbiq etish surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit bilan bemorlarda davolash-diagnostika jarayonini hisobot va monitoring qilish imkonini bergan;

«Bolalarda surunkali gematogen osteomielit» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 yanvardagi 8n-d/9-son ma’lumotnomasi). Uslubiy tavsiyanomada taqdim etilgan yangi yondashuv va ishlanmalar xirurgik davolash texnikasini sezilarli yaxshilash va kasallik qaytalanishining oldini olish imkonini bergan;

Surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielitni davolashni yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Samarqand davlat tibbiyot institutining 2-klinikasi, Samarqand va Xorazm viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari amaliy faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 18 yanvardagi 8n-d/9-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. Bolalarda surunkali qaytalanuvchi gematogen osteomielit diagnostikasi va xirurgik davolashga takomillashtirilgan yondashuvni qo‘llash natijasida operatsiya bajarilgan bemolarda uzoq muddatda hayot sifatini yaxshilash, jarohat yiringli asoratlar chastotasini 20,3%dan 3,8%gacha kamaytirish, kasalxonada davolanish muddatini 31,2±2,1 dan 21,9±0,6 kungacha qisqartirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish