Toshkanov Nurbek Baxriddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Intellektual mulk obektlarini tijoralashtirishning fuqarolik-huquqiy masalalari”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Yu1147.
Ilmiy rahbar: Xodjaev Baxshillo Kamolovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Bozorov Sardor Sohibjonovich, yuridik fanlar doktori, professor; Axmadjonov Baxtiyorjon Usubjonovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirishni fuqarolik-huquqiy tartibga solishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish deganda mazkur obektlarni foyda olish maqsadida turli shartnoma shakllaridan foydalangan holda fuqarolik muomalasiga joriy etish tushunilishi, undiruv mutlaq huquqlarga nisbatan qaratilgan holatlar mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi asoslaridan biri ekanligi asoslab berilgan;
intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish usullari doirasi kengligi, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlar ustav fondiga ulush sifatida kiritilganda mazkur ulush miqdori chegaralangan bo‘lishi kerakligi, shuningdek, majburiy baholanishi shartligi, tijorat siri jumlasiga kiruvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ishlanmalarni tijoratlashtirishda maxsus huquqiy rejimga amal qilinishi zarurligi asoslantirilgan;
muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari tijoratlashtirilishi mumkin emasligi, mazkur huquqlar har qanday holatda unga tegishli bo‘lishi, bunday huquqlar mulkiy huquqlar boshqa shaxslarga o‘tkazilgan taqdirda ham saqlab qolinishi asoslab berilgan;
majburiy lisenziya belgilangan stavka bo‘yicha to‘lovni to‘lash sharti bilan amalga oshirilishi, majburiy lisenziya berilishidan nafaqat shaxs va jamiyat, balki davlat ham manfaatdor bo‘lishi kerakligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagilarda foydalanilgan:
majburiy lisenziya belgilangan stavka bo‘yicha to‘lovni to‘lash sharti bilan amalga oshirilishi, majburiy lisenziya berilishidan nafaqat shaxs va jamiyat, balki davlat ham manfaatdor bo‘lishi kerakligi haqidagi takliflardan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2024-yil 15-fevraldagi O‘RQ–908-son Qonunining 1-moddasi 2-bandini (O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 6-mayda qabul qilingan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi 1062-XII-son Qonuniga kiritilgan 111-moddani) shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 28-maydagi 3/08-93-son dalolatnomasi). Mazkur taklif sanoat mulki obektlari uchun majburiy lisenziya berishning huquqiy asoslari yaratilishiga xizmat qilgan;
intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish deganda mazkur obektlarni foyda olish maqsadida turli shartnoma shakllaridan foydalangan holda fuqarolik muomalasiga joriy etish tushunilishi, undiruv mutlaq huquqlarga nisbatan qaratilgan holatlar mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi asoslaridan biri ekanligi haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahriri loyihasi 1084-moddasi va 1091-moddasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2024-yil 11-iyuldagi 27/1-30-son dalolatnomasi). Mazkur taklif intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish va ularga bo‘lgan huquqlarga nisbatan undiruvni qaratishning huquqiy asoslari takomillashtirilishiga xizmat qilgan;
intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish usullari doirasi kengligi, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlar ustav fondiga ulush sifatida kiritilganda mazkur ulush miqdori chegaralangan bo‘lishi kerakligi, shuningdek, majburiy baholanishi shartligi, tijorat siri jumlasiga kiruvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ishlanmalarni tijoratlashtirishda maxsus huquqiy rejimga amal qilinishi kerakligi bo‘yicha bildirilgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Tadbirkorlik kodeksi loyihasining 318-moddasi 2-4-qismlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2024-yil 11-iyuldagi № 27/1-31-son dalolatnomasi). Mazkur taklif intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish usullari doirasini aniqlash, ushbu obektlarga bo‘lgan huquqlarni ustav fondiga ulush sifatida kiritish, bunda tijorat sirining maxsus huquqiy rejimiga amal qilinishi zarurligiga doir qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qilgan;
muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari tijoratlashtirilishi mumkin emasligi, mazkur huquqlar har qanday holatda unga tegishli bo‘lishi, bunday huquqlar mulkiy huquqlar boshqa shaxslarga o‘tkazilgan taqdirda ham saqlab qolinishi haqidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 23-iyundagi “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida” 19-son qarorining 16-bandi 2-xatboshisini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 27-maydagi 08/458-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklif shaxsiy nomulkiy huquqlarga oid huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish