Mashaev Eldor Ergashvoy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Krezollar asosidagi bis-karbamat hosilalari sintezi, qo‘llanilishi va tasnifi», 02.00.03 - Organik kimyo, 02.00.09 - Tovarlar kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/K592.
Ilmiy rahbarlar: Maxsumov Abduxamid Gofurovich, kimyo fanlari doktori, professor; Muxiddinov Bahodir Faxriddinovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi DSc.03/30.09.2020.K.82.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abdug‘ofurov Ibrohim Azizovich, kimyo fanlari doktori; Abdulloev Obidjon Shaxabidinovich, kimyo fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: krezollar asosidagi bis-karbamat hosilalarini olish, tuzilishini va kimyoviy xossalarini, biologik faolliklarini aniqlash, ularni ishlab chiqarishning zararsiz, chiqindisiz texnologiyasini yaratish, sanoatda qo‘llash va tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha tasniflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
geksametilendiizotsianat bilan krezollar reaksiyasi asosida bis-karbamatlarni yangi hosilalari sintez qilingan va reaksiyani olib borishning optimal sharoitlari topilib, nukleofil birikish AN reaksion qonuniyatlari aniqlangan hamda hosil bo‘lish mexanizmining ehtimolli nazariy konsepsiyasi ishlab chiqilgan;
krezolilo karbamatlar molekulasining N-H amin guruhidagi H atomining harakatchanligi tufayli ular NaNO2, Ch3ONa, C3H7I, C7H7I, Ca(OCl)2 lar bilan oson reaksiyaga kirishishi natijasida N,N'-dinitrozoli, N,N'-dimetalli, N,N'-dialkilli, N,N'-dixlorli, N,N'-dibenzilli hosilalarini sintez qilishga erishilgan va N,N'-geksametilen bis-[(o-,m-,p-krezolilo-karbamat)]lar asosida 15 ta yangi modda sintez qilingan hamda ularning tuzilishlari zamonaviy fizik-kimyoviy usullar yordamida aniqlanib isbotlangan;
sintez qilingan bis-karbamatlarning in silico, in vivo, in vitro, in situ tahlillari o‘tkazilib 1000 dan ortiq biologik faolliklari bashoratlari o‘rganilgan va ularning antigelmintik, antibakterial hamda o‘simliklarni o‘stiruvchanlik faolliklari aniqlangan;
N,N’-geksametilen bis-[(orto-krezolilo)-karbamat]ni chiqindisiz, energiya tejamkor, ekologik zararsiz va yuqori unum bilan ishlab chiqarish jarayonining tavsiyaviy texnologik sxemasi yaratilgan;
geksametilendiizotsianat va krezollar asosida sintez qilingan bis-karbamatlar sanoat aylanma suv tizimlari uchun korroziya ingibitori sifatida hamda qishloq xo‘jaligi o‘simliklari uchun biostimulyator sifatida qo‘llanilgan va xalqaro kod raqamini olish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bis-karbamatlar va ularning hosilalaridan biostimulyatorlarni samarali sintez qilish usullari hamda ularni kimyoviy tarkibiga ko‘ra sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan bis-karbamatlar Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani «Durbek sohibkori» fermer xo‘jaligi dalalaridagi g‘o‘za maydonida ekiladigan urug‘lik chigitiga biostimulyator sifatida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «Elektrokimyozavod» QK AJning 2023 yil 13 apreldagi 71-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, paxta hosildorligini 4,0 sentnerga oshirish imkonini bergan;
sintez qilingan bis-karbamatlar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasida asbob uskunalari hamda po‘lat konstruksiyalari korroziyasiga qarshi ingibitorlar sifatida amaliyotga joriy etilgan («Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJning 2023 yil 27 martdagi 23/01-01-07/139-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, korroziya tezligi kamaygan va himoya darajasini 97,7 %ga oshirish imkonini bergan.