Abdullaeva Zamira Pulatxonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Televizion jurnalistikada verbal va vizual kommunikatsiyalarning tarkibi, xususiyatlari, o‘zaro munosabatlari”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018/3/PhD/Fil626.
Ilmiy rahbar: Akbarov Hamidulla Ilyasovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: Ismailova Klimentina Fuzailovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Tog‘aeva Gulandom, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi telejurnalistika asaridagi verbal va vizual kommunikatsiyalarning tarkibi, xususiyatlarini, teleportret ocherki janridagi materiallarda foydalanilayotgan ifoda vositalarining munosabatlarini, kommunikativ imkoniyatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
teleko‘rsatuvdagi verbal, vizual hamda kommunikativ komponentlarning o‘zaro ta’siri aniqlanib, sintetik xususiyatga ega bo‘lgan televidenie ijodning boshqa sohalari bilan bog‘liqligi tufayli televizion portret ocherklardagi ekran tilining xususiyatlari asoslab berilgan;
mediamuhit ko‘rinishlari, turli shovqinlar, ijod mahsulotlari va teleaxborotni resepsiya qilish imkoniyatlari nazariy jihatdan asoslab berilib, axborotni o‘zlashtirish bir vaqtning o‘zida insondagi barcha sensor kanallar orqali amalga oshirilishi dalillangan;
televideniening axborot-kommunikativ paradigmasini namoyon etilishi murakkab, polifunksional jarayon sifatida tasviriy ifoda vositalarining transformatsiyasi tufayli media asar ifoda vositalarining kombinatsiyasini o‘zida qamrab olishi asoslab berilgan;
mumtoz adabiyot hamda ularning miniatyura san’atidagi axborot-kommunikativ model ta’sirchanligi aniqlanib, so‘z va tasvirning o‘zaro ta’siri, bir-birini boyitishi kabi omillar bugungi audiovizual madaniyat, televideniening ifoda vositalari takomillashuviga xizmat qilishi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. Televizion jurnalistikada verbal va vizual kommunikatsiyalarning tarkibi, xususiyatlari, o‘zaro munosabatlari mavzusi doirasida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
sintetik xususiyatga ega bo‘lgan televidenieni ijodning boshqa turlari bilan o‘zaro bog‘liqligini o‘rganib, yoritib borish jarayonida tahlil qilingan tadqiqot natijalaridan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” faoliyatida qator masalalar, xususan, suratga olinayotgan filmlarda so‘z va tasvirning imkoniyatlarini belgilash, montaj damlarida bunga e’tibor qaratishda samarali foydalanilgan (“Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi”ning 2020-yil 9-iyundagi 01-15/83-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kinostudiya tomonidan o‘tkazilgan yosh ijodkorlar bilan uchrashuvlar, seminar va treninglar tashkil qilishda foydalanilgan;
mediamuhit ko‘rinishlari va turli shovqinlar, ijod mahsulotlari, teleaxborotni resepsiya qilinishi tadqiq etilib, axborotni o‘zlashtirish bir vaqtning o‘zida insondagi barcha sensor kanallar orqali amalga oshirilishi, ko‘rsatuvlar tahlili va ularni qabul qilish jarayoni o‘zaro bog‘liq holda o‘rganilganligi yuzasidan olingan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Kinotalqin” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (“Madaniyat va ma’rifat” telekanalining 2023-yil 24-fevraldagi 01-02-01/36-son ma’lumotnomasi). Natijalar ushbu telekanalda verbal va vizual kommunikatsiyalarning ko‘rsatuvlardagi o‘zaro mutanosibligi, ko‘rsatuvning tuzilishi, formati va usullarini o‘zgartirishga xizmat qilgan;
tasviriy ifoda vositalarining transformatsiyasi teleportret yaratishning turli davrlardagi evolyusiyasi asosida qiyosiy tahlil qilib ko‘rsatib berilganligiga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Oila olami”, “Munosabat” tok-shoularining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokanalining 2023-yil 7-iyuldagi 02-13-1066-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishida teleloyihalarning ko‘rimliligi ortdi, ilmiy jihatdan foydaliligiga erishilgan va ko‘rsatuvdagi materiallarning ilmiy asoslantirilganligi ta’minlangan;
mumtoz adabiyot hamda ularning miniatyuradagi ifodasi bugungi audiovizual madaniyat, xususan, televizion jurnalistika taraqqiyotiga, ifoda vositalarining shakllanishiga, so‘z va tasvirning o‘zaro ta’siri, bir-birini boyitishiga xizmat qilishi masalalariga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi “Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi”ning ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishda, soha mutaxassislarining jurnalistlar bilan hamkorlikda mavzuni yoritish bo‘yicha salohiyatini oshirishga qaratilgan seminar-trening va konferensiyalarni tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi “Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi”ning 2023-yil 7-apreldagi 03-01-1541-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar axborotni uzatishda harakatlar samarasini oshirish hamda jurnalistika sohasida kadrlarni tayyorlashda amaliy yordam bergan.