Negmatova Surayyo Teshaevnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Taqirsimon va tipik bo‘z tuproqlar sharoitida g‘o‘za hosildorligini oshirishda uning qator oralariga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish», 06.01.01–Umumiy dehqonchilik. Paxtachilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Qx6.

Ilmiy rahbar: Xalikov Bahodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.

Rasmiy opponentlar: O‘razmatov Nazirjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Oripov Razzoq Oripovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Qurvantoev Raxmon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Qashqadaryoviloyatining o‘tloqilashib borayotgan, sug‘oriladigan taqirsimon hamda Toshkent viloyatining qadimdan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida g‘o‘za qator oralariga chuqur ishlov berishning maqbul chuqurligini aniqlash, chuqur ishlov berishning tuproqning agrokimyoviy, agrofizikaviy, mikrobiologik xossa-xususiyatlariga, g‘o‘zaning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi, vilt bilan kasallanish darajasi, tolaning texnologik sifat ko‘rsatkichlariga ta’sirini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Qashqadaryo viloyatining o‘tloqilashib borayotgan, sug‘oriladigan taqirsimon tuproqlari sharoitida doimiy g‘o‘za ekiladigan va qisqa navbatli (1:1) kuzgi bug‘doy:g‘o‘za almashlab ekish tizimida g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini 90 sm qator kengligida ekib, parvarishlashda qator oralariga turli tuproq qatlamlarida (18-20; 22-24; 26-28; 30-32 va 34-36 sm) chuqur ishlov berishning maqbul chuqurligi ishlab chiqilgan;

tuproqning agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalariga hamda mikroorganizm turlariga ta’siri va ularning faolligi aniqlangan;

g‘o‘zaning ildiz tizimini o‘sishi va rivojlanishiga hamda o‘simlikning vilt bilan zararlanish darajasiga ta’siri aniqlangan;

paxta hosildorligiga va tolaning sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan.

Toshkent viloyatining qadimdan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida qisqa navbatli (1:1) kuzgi bug‘doy:g‘o‘za almashlab ekish tizimida g‘o‘zaning “Navro‘z” navini 60 sm qator kengligida g‘o‘za parvarishlashda qator oralariga turli tuproq qatlamlarida (18-20; 22-24; 26-28; 30-32 va 34-36 sm) chuqur ishlov berishning maqbul chuqurligi ishlab chiqilgan;

tuproqning agrokimyoviy, agrofizikaviy hamda mikrobiologik xossa-xususiyatlariga ta’siri aniqlangan;

g‘o‘zaning o‘sishiga, rivojlanishiga, tuproq qatlamlari bo‘yicha ildiz tizimini rivojlanishiga hamda g‘o‘zani vilt bilan kasallanish darajasiga ta’siri aniqlangan;

paxta hosildorligiga va tolaning sifat ko‘rsatkichlariga ta’siri aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

G‘o‘za qator oralariga chuqur ishlov berish usulini  qo‘llash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlardan olingan natijalar asosida:

Qashqadaryo viloyatining fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida «G‘o‘za parvarishida qator oralariga chuqur ishlov berish bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/023-63-son ma’lumotnomasi). Bu tavsiyalar Qashqadaryo viloyatining paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida yuqori va sifatli paxta hosili olishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

Toshkent viloyatining fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida «G‘o‘za parvarishida qator oralariga chuqur ishlov berish bo‘yicha tavsiyalar» (Toshkent viloyati uchun) ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/023-63-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiya Toshkent viloyatining paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida foydalanish imkonini bergan;

Qashqadaryo viloyati sharoitida g‘o‘za qator oralariga chuqur ishlov berish texnologiyasi Kasbi, Nishon, Qarshi, Muborak, Koson tumanlarining 114050 gektar va tog‘ oldi Shahrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, G‘uzor tumanlari paxtachilik fermer xo‘jaliklarida 9000 gektar jami 123050 gektar maydonlarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/023-63-son ma’lumotnomasi). Ushbu usul joriy etilgan fermer xo‘jaliklarida qo‘shimcha paxta hosili gektariga 4-6 sentnerni tashkil etgan;

g‘o‘za qator oralariga chuqur ishlov berish texnologiyasi Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 336 gektar, Qo‘yichirchiq tumanida 230 gektar va PSUEAITI ning tajriba xo‘jaligida 30 gektar jami 596 gektar maydonlarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/023-63-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqarish sharoitida ushbu usuldan foydalanib, paxta etishtirgan fermer xo‘jaliklarida gektariga 4-5 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan, rentabellik darajasi 16-18 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish