Idirisov Kamalatdin Abatbay ulining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Orol dengizi qurigan tubining janubiy-sharqiy qismi tuproq-gruntlari ekologik-meliorativ holatini baholash”, 03.00.13 –Tuproqshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1237
Ilmiy rahbar: Bobomurodov Shuxrat Mexribonovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, PhD.03/5.05.2023.B/Qx.01.17.
Rasmiy opponentlar: Abdraxmanov Toxtasin, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor; Saidova Munisa Ergashevna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Orol dengizi qurigan tubi tuproq-gruntlarinining xossa-xususiyatlarini aniqlash, meliorativ-ekologik holatiga o‘simliklar ta’sirini baholash orqali ularni yaxshilashga, tuproq-gruntlaridan samarali foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Orol dengizining qurigan tubi tuproq-gruntlari shakllanishining o‘ziga xos xususiyatlari, sahrolanish va global iqlim o‘zgarishi sharoitida evolyusion o‘zgarishlarning sodir bo‘layotganligi, tuproq hosil bo‘lishning gidromorf suv rejimidan avtomorf suv rejimiga o‘tishi, shunga mutanosib ravishda sahro mintaqasiga mos qumli cho‘l tuproqlari va sho‘rxoklar maydonlarining kengayib borayotganligi aniqlangan;
sho‘rlanish-sho‘rsizlanish jarayonlarining intensivlik darajasi, tuproq qatlamlaridagi umumiy va zaharli tuzlar miqdori, sho‘rlanish darajasi va tiplari, gipslashganligi va karbonatlashganligi asoslangan;
0-1 metrlik qatlamdagi suvda eruvchan umumiy va zaharli tuzlar zahiralarini aniqlash asosida massiv tuproq-gruntlarining ekologik- meliorativ holati baholangan;
tuproq-gruntlarining sho‘rlanish darajasi va sho‘rlanish ximizmga bog‘liq holda dominant va subdominant galofit o‘simliklar tarqalish areallari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Orol dengizi qurigan tubining janubiy-sharqiy qismi tuproq-gruntlari ekologik-meliorativ holatini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Qurigan Orol dengizi janubiy-sharqiy qismi tuproq-gruntlarining zamonaviy tuproq-ekologik holati va ularni yaxshilashga doir tavsiyalar» ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 11-yanvardagi №01/18-134 sonli ma’lumotnomasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2024 yil 11-yanvardagi №1-13 son ma’lumotnomasi). Natijada, Orol dengizi qurigan tubining janubiy-sharqiy qismi tuproq-gruntlari ekologik-meliorativ holatini yaxshilashda fitomeliorativ tadbirlarni, ya’ni galofit va kserofit o‘simliklarni joylashtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.
«Aqbetkey» massivi erlari tuproq gruntlarining 1:50000 miqyosdagi «Mexanik tarkibi xaritasi» ishlab chiqilgan va 71570 gektar maydonlarda amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 11-yanvardagi №01/18-134 son ma’lumotnomasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2024 yil 11-yanvardagi №1-13 son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq-gruntlari mexanik tarkibini hisobga olgan holda o‘simliklarni ekish usullari va muddatlarini aniqlash hamda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri belgilashga imkon bergan;
Orol dengizi qurigan tubi «Aqbetkey» massivi erlarining tuproq-gruntlari 1:50000 miqyosdagi «Tuproq sho‘rlanish kartogrammasi» ishlab chiqilgan va 71570 gektarga amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 11-yanvardagi №01/18-134 son ma’lumotnomasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi 2024 yil 11-yanvardagi №1-13 son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq-gruntlari sho‘rlanish darajasini hisobga olgan holda fitomeliorant o‘simlik turlarini belgilash va ularni to‘g‘ri joylashtirish orqali massiv erlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlar belgilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish