Boltaeva Gulchehra Shokirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek she’riyatida muxammas janri: genezisi, badiiy takomili”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil350.
Ilmiy rahbar: Quvvatova Dilrabo Xabibovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilnavoz Rahmonovna, filologiya fanlari doktori, professor; Muxitdinova Nazmiya Muslixiddinovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Kobilova Zeboxon Bakirovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek adabiyotida yaratilgan muxammaslarning janr tabiati, genezisi, spesifik xususiyatlari, unda kechgan transformatsion jarayonlar, badiiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muxammas genezisi folklor: xalq lirik qo‘shiqlari, erkalamalar, dostonlari, bilan bog‘liqligi, ularda lirizm va voqeabandlik xususiyatlarining uyg‘unlashganligi, beshlik bandlarning ishq-muhabbat mavzusida yozilganligi, takrorning bayt tarje’i, misra tarje’i tarzida namoyon bo‘lishi aniqlangan;
XV-XIX asrlar o‘zbek mumtoz she’riyatida muxammas janrining yetakchilik qilganligi, ularning mavzu jihatidan xilma-xillik kasb etganligi, ishqiy muxammaslarda an’anaviy poetik obrazlar ustunlik qilishi, qofiyadosh so‘zlar ohangdoshlik bilan birga kalit so‘z vazifasini bajarishi; diniy-ma’rifiy muxammaslarda Qur’oni karimdan oyatlar, hadislar mazmunining singdirilganligi; ijtimoiy muxammaslarda zamona amaldorlarining o‘tkir hajv ostiga olinganligi dalillangan;
muxammas badiiy strukturasidagi sinkretlashuv jarayonlari, boshqa lirik janrlarga munosabati; qasida-muxammas, marsiya-muxammas, sayohatnoma-muxammas, muvashshah-muxammas, mustazod-muxammas, munojot, muloqot, salomnoma, savol-javob, bag‘ishlov yo‘nalishidagi muxammas shakllariga xos xususiyatlar, yangi o‘zbek she’riyatida muxammas janri transformatsiyasi, an’anaviylik va novatorlik belgilari, ijtimoiylikning kuchayishi kabi jihatlar isbotlangan;
jadidchilik davri muxammasnavisligida Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlarning ijodiy an’analariga adabiy izdoshlik lirik obrazlar (oshiq-ma’shuqa-raqib uchligi) tasvirida, mavzu tanlash (ishqiy, diniy-ma’rifiy)da namoyon bo‘lganligi; yangilanishlar esa ijtimoiy-madaniy hayot, ilm-ma’rifat, millat taqdiri, yurt qismati ifodasida kuzatilganligi bilan bog‘liq jihatlar Hamza, Sidqiy Xondayliqiy, Ibrat singari shoirlar she’rlari misolida ochib berilgan;
yangi o‘zbek adabiyotida muxammaslarning aruz va barmoq vaznlarida baravar yozilganligi, taxmislar g‘azallardan tashqari masnaviy shaklidagi she’rlarga ham bog‘langanligi, hayosevarlik, vatanparvarlik mazmuni ustuvorlik qilganligi, sinkretizmning muxammas-faxriya, muxammas-madhiya, muxammas-bag‘ishlov ko‘rinishlarida namoyon bo‘lganligi Chustiy, Charxiy, Sobir Abdulla, G‘afur G‘ulom, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Jamol Kamol she’rlari misolida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek she’riyatida muxammas janri genezisi, badiiy takomili tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
muxammasning tarixiy takomili, taraqqiyot tamoyillari, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini asoslashga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 – “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 17-oktyabrdagi 01/10/-2155-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mumtoz adabiyotida yaratilgan muxammaslarning poetik xususiyatlari, Alisher Navoiy taxmislari va XV asrdan keyin o‘zbek she’riyatida mazkur janr namunalariga uning ta’siri, muxammas badiiy srukturasidagi sinkretlashuv jarayonlari, boshqa lirik janrlarga munosabati, qasida-muxammas, marsiya-muxammas, sayohatnoma-muxammas, munojot yo‘nalishidagi muxammas shakllariga xos xususiyatlar, ularda an’anaviylik va novatorlik belgilari kabi masalalar ilmiy dalillar asosida o‘z isbotini topgan;
muxammas genezisi va janr poetikasini yaxlit bir tizim sifatida o‘rganish, janr taraqqiyotining xalq lirik qo‘shiqlari, erkalamalar, dostonlar bilan bog‘liqligi, ularda lirizm va voqeabandlik xususiyatlarining uyg‘unlashganligi, ma’no va mazmun ko‘lamining adabiy-tarixiy jarayonga aloqador jihatlari, obraz va tasvirdagi poetik transformatsiya, lirik janrlarning o‘zaro mushtarak va farqli jihatlarini ochib berishga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258 “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 10-oktyabrdagi 01/10/-2058-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada muxammas janrining Sharq she’riyatida tutgan o‘rni, uning o‘zbek mumtoz adabiyotida takomili va badiiy xususiyatlari, istifoda etilish darajasining ijtimoiy-estetik sabablari, janr taraqqiyotida ulug‘ salaflar ijodiga murojaat masalalarini aniq baholash imkonini bergan;
jadidchilik davri muxammasnavisligida Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy kabi shoirlarning ijodiy an’analariga adabiy izdoshlik lirik obrazlar (oshiq-ma’shuqa-raqib uchligi) tasvirida, mavzu tanlash (ishqiy, diniy-ma’rifiy)da namoyon bo‘lganligi; yangilanishlar esa ijtimoiy-madaniy hayot, ilm-ma’rifat, millat taqdiri, yurt qismati ifodasida kuzatilganligi bilan bog‘liq jihatlar, janrning bu davr adabiyotidagi mazmun-mohiyati va badiiy-estetik ahamiyatini ochib berishga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan IZ-2021020813. “Alisher Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘iboti asosida ko‘p tilli multimedia to‘plamini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 1-dekabrdagi 01/4/-2563-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek adabiyotida muxammaslarning aruz va barmoq vaznlarida baravar yozilganligi, taxmislar g‘azallardan tashqari masnaviy shaklidagi she’rlarga ham bog‘langanligi, hayosevarlik, vatanparvarlik mazmuni ustuvorlik qilganligi, janrda sinkretizm belgilari faxriya-muxammas, bag‘ishlov-muxammas ko‘rinishlarida namoyon bo‘lganligi borasidagi ma’lumotlarni boyitish va aniqlashtirishga xizmat qilgan;
muxammaslar asosida yaratilgan sho‘x, o‘ynoqi, ohangdor xalq qo‘shiqlari, jumladan, betakror “Lazgi” taronasi matnining g‘oyaviy-badiiy tahlili, unda qo‘llangan go‘zal qochirim, obrazli ifoda va poetik tasvir vositalarining badiiy-estetik qimmatiga oid ilmiy xulosalardan Navoiy viloyat teleradiokompaniyasining “Adabiy muhit”, “Til – millat ko‘zgusi” ko‘rsatuvlarining 2023-yil 25-sonidagi senariysida foydalanilgan (Navoiy viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 21-noyabrdagi 01-10/187-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mumtoz adabiyotida muxammasning genezisi, taraqqiyot bosqichlari, tadrijiy takomili, badiiy kamoloti, mazmun mundarijasi va obrazlar tizimi, muxammasnavislik va taxmisnavislikning o‘ziga xos mavqeini belgilash, undagi transformatsion jarayonlarni o‘rganish, qasida-muxammas, marsiya-muxammas, sayohatnoma-muxammas, mustazod-muxammas, munojot yo‘nalishidagi muxammaslar yaratilganligini ilmiy mushohada qilish orqali, janrlarning spesifik xususiyatlarini to‘g‘ri va aniq baholashga erishilgan.