Alimov Shoxriddin Muxammatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy xomashyolardan foydalangan holda qazib olingan bo‘shliqni qotuvchi aralashmalar bilan to‘ldirishning texnologik sxemasini ishlab chiqish», 04.00.10 – Geotexnologiya (ochiq, er osti va qurilish) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T3618.
Ilmiy rahbar: Mislibaev Ilhom Tuychibaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.02.
Rasmiy opponentlar: Xakimov Shodiboy Ikmatullaevich, texnika fanlari doktori, dotsent; Maxmudov Dilmurod Raxmatjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISIS»ning Olmaliq shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sun’iy massivni shakllantirishning samarali texnologik sxemasini asoslash va xarajatlarni kamaytirish uchun yangi toʻlg‘azma tarkibini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustahkamlikning har xil zaxira koeffisientlarida bitta saqlovchi ustunga tushuvchi yuklama miqdorining tog‘ jinslari hajmiy og‘irligi, qazish ishlari chuqurligi, saqlovchi ustunning o‘lchamlari va toʻldirish burchagining o‘zgarishiga bog‘liqliklari aniqlangan;
qattiqlashuvchi aralashmaga marmar ishlab chiqarish chiqindilari qoʻshilganda uning reologik xususiyatlari va oquvchanligining oʻzgarish qonuniyatlari o‘rnatilgan;
yordamchi biriktiruvchi sifatida 20 % ko‘mir kulini qo‘shish qattiqlashuvchi to‘lg‘azma aralashmasining mustahkamligini 15 % ga oshirishi nazariy jihatdan asoslandi va tajriba-sinovlari bilan isbotlangan;
oltin konlarini qazib olishda yordamchi bog‘lovchi ko‘mir kullari va marmarni ishlab chiqarish chiqindilaridan foydalangan holda qazib olingan bo‘shliqlarni to‘ldirishning yangi texnologik sxemasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Er osti konlarini qazib olishda qazib olingan bo‘shliqni to‘ldirishning texnologik sxemasini ishlab chiqish bo‘yicha  olingan ilmiy natijalar asosida:
kon zaxiralarini qazib olish uchun ishlab chiqilgan yangi toʻlg‘azma materiallari tarkibi «Olmaliq KMK» AJ Kovuldi konida joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJ ning 2024 yil 23 maydagi 05-24/01-00620-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, toʻlg‘azma aralashmasi tannarxini 17 % dan koʻproqqa kamaytirish imkonini bergan;
qazib olingan kon bo‘shliqlarini yordamchi bog‘lovchi ko‘mir kulidan foydalangan holda to‘ldirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi texnologik sxema «Olmaliq KMK» AJ Kovuldi konida joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJning 2024 yil 23 maydagi 05-24/01-00620-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, konining zaxiralarini qazib olishda yillik 774 mln. so‘m iqtisodiy samara olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish