Qosimov Abdurashidning dissertatsiya himoyasisiz

seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi tuproq iqlim sharoitiga mos, tolasi IV-V tipga mansub o‘rta tolali g‘o‘za navlarini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Qx93.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.

Ilmiy maslahatchi: Teshaev Shuhrat Jo‘raqulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «Andijon-35» g‘o‘za navi, (NAR 00072), «Ibrat» g‘o‘za navi (NAR 00094), «Andijon-36» g‘o‘za navi (NAR 00102), «Andijon-37» g‘o‘za navi (NAR 00115).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2017 yil 6 dekabrdagi 02-11/3293-son, 02-11/3291-son, 02-11/3292-son va 2018 yil 17 yanvardagi 02-11/106-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysining turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos bo‘lan g‘o‘zaning tolasi IV–V tipga mansub, yuqori tola chiqimi va sifatiga ega, vilt hamda boshqa kasalliklarga bardoshli, serhosil, tezpishar nav va tizmalarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitida G.hirsitum L turiga mansub tizmalararo va navlararo duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi aniqlangan;

muayyan tuproq-iqlim sharoitida G.hirsitum L. turining tizmalararo va navlararo duragaylarida morfo-xo‘jalik belgilarining o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan;

tezpisharlik, yuqori hosildorlik, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, tola chiqimi, tola sifati hamda boshqa belgilarining ijobiy majmuiga ega bo‘lgan yangi seleksion nav va tizmalar yaratilgan;

Farg‘ona vodiysi tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan tezpisharligi 115-120 kun, ko‘saklarning ochilish sur’ati yuqori, bitta ko‘sakdagi paxta vazni 5,5-6,5 gr, tolasining uzunligi 35,0-36,5 mm hamda tola chiqishi 37,0-40,0 foiz bo‘lgan g‘o‘zaning «Andijon-35», «Andijon-36» va «Andijon-37» navlari yaratilgan;

Xorazm viloyati tuproq-iqlim sharoiti uchun tezpishar, ko‘saklarning ochilish darajasi yuqori, bitta ko‘sakdagi paxta vazni va tola uzunligi hamda tola chiqishi yuqori bo‘lgan g‘o‘zaning «Ibrat» navi yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Turli tuproq iqlim sharoitlariga mos, tolasi IV–V tipga mansub o‘rta tolali g‘o‘za navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:

g‘o‘zaning o‘rta tolali «Andijon-35», «Andijon-36» va «Andijon-37» navlari yaratilgan va «Andijon-35» navi 2006 yildan hamda «Andijon-36» va «Andijon-37» navlari 2009 yildan Farg‘ona vodiysi viloyatlariga qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini ekish uchun davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 14 maydagi 02/021-34-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navlar ushbu mintaqada ekib kelinayotgan andoza navlarga nisbatan tezpisharligi, tola chiqimining yuqoriligi va serhosilligi bilan ustunligini namoyon etgan;

g‘o‘zaning «Ibrat» navi yaratilgan va 2006 yildan Farg‘ona vodiysi hamda Xorazm viloyati fermer xo‘jaliklarida ekish uchun qishloq xo‘jalik ekinlari davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 14 maydagi 02/021-34-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur g‘o‘za navi andoza navlarga nisbatan tezpishar, tola chiqimi yuqori va serhosilligi bilan ajralib turgan;

2006-2017 yillar maboynida g‘o‘zaning «Andijon-35» navi Farg‘ona vodiysi viloyatlari fermer xo‘jaliklarida jami 654294 gektar, «Andijon-36» navi Andijon, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari fermer xo‘jaliklarida jami 252748 gektar va «Andijon-37» navi Andijon viloyati fermer xo‘jaliklarida jami 39170 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 fevraldagi 02/20-94-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida Farg‘ona vodiysi viloyatlari fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za navlaridan andoza navlarga nisbatan gektaridan o‘rtacha 1,5-4 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan va iqtisodiy samardorlik o‘rtacha 4-6 mln. so‘mni tashkil etgan;

g‘o‘zaning «Ibrat» navi Farg‘ona va Xorazm viloyatlari fermer xo‘jaliklarida jami 86000 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 8 fevraldagi 02/20-94-son ma’lumotnomasi). Natijada paxtachilik fermer xo‘jaliklarida mazkur g‘o‘za navidan andoza navlarga nisbatan yuqori paxta hosili olishga erishilgan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish