Suyarov Sulton Allaberdievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘rta Zarafshon suv ekotizimlari gidrobiontlari faunasi va ekologiyasi», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/V616.
Ilmiy rahbar: Boymurodov Xusniddin Toshboltaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/28.02.2023.B.60.06.
Rasmiy opponentlar: Yuldashov Mansur Arzikulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Sheraliev Baxtiyor Maxmutali o‘g‘li, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘rta Zarafshon suv ekotizimlari gidrobiontlarining (Hirudinea, Bivalvia, Gastropoda, Malacostraca) bioxilma-xilligini aniqlash, ularga ekologik omillarning ta’sirini ochib berish va kamyob turlarni muhofaza qilish choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘rta Zarafshon suv ekotizimlarida ilk bor zuluklarning 5 oilaga mansub 8 turi, ikkipallali mollyuskalarning 3 oilaga mansub 12 turi, qorinoyoqli mollyuskalarning 4 oilaga mansub 14 turi va yuksak qisqichbaqaning 1 turidan iborat taksonomik ro‘yxati tuzilgan hamda tadqiqot hududi faunasi uchun 7 tur aniqlangan;
tadqiqot hududida tarqalgan Euglesa turkestanica Izzatullaev, 1974, Pontastacus leptodactylus (Eschscholtz, 1823) turlarining rDNKsi (IS) nukleotidlar ketma-ketligi hamda Corbicula ferghanensis Kursalova et Starobogatov, 1971, Corbicula fluminalis (Müller, 1774)larning mDNK (COI) geni nukleotidlari asosida molekulyar identifikatsiyalangan;
turli suv biotoplarida gidrobiontlarning taqsimlanish va populyasion xususiyatlari ochib berilgan;
gidrobiontlarning ekologik guruhlari tavsiflangan hamda suvlarning saproblik darajasini aniqlashda bioindikatorlik xususiyatlari ochib berilgan;
abiotik va antropogen omillarning gidrobiontlar tarqalishiga va ulardagi o‘zgaruvchanlikka ta’siri isbotlangan;
muhofazaga muhtoj turlarning cheklovchi omillari isbotlangan va ularni saqlab qolishga oid tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rta Zarafshon suv ekotizimlarida gidrobiontlarning tarqalishi, tur tarkibi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
35 tur gidrobiontlarning ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ularning ekologik tavsifi, tarqalishi, bioxilma-xilligi, abiotik va antropogen omillarning ta’siri, xo‘jalikdagi ahamiyati hamda muhofazaga muhtoj turlarni saqlab qolishga oid yangi ma’lumotlar va ishlab chiqilgan tavsiyalar Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi faoliyatida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 18 martdagi 03-03/3-2626-son ma’lumotnomasi). Natijada, Zarafshon daryosi havzasi bioxilma-xilligining davlat monitoringini olib borish, hayvonot dunyosi obektlari davlat kadastrini yuritish hamda gidrobiontlarning zamonaviy tur tarkibi, areallari va geoaxborot ma’lumotlari bazasini shakllantirish imkonini bergan;
O‘rta Zarafshon suv ekotizimlarida uchraydigan gidrobiontlarning bioindikatorlik xususiyatlari ochib berilgan hamda Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi faoliyatida suv havzalarini ekologik baholash amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 18 martdagi 03-03/3-2626-son ma’lumotnomasi). Natijada, suv havzalarining organik ifloslanganlik (saproblik) darajasini aniqlash va ekologik baholash imkonini bergan;
O‘rta Zarafshon suv ekotizimlarida gidrobiontlarning tarqalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar global bioxilma-xillik axborot bazasiga (GBIF, www.gbif.org) joylashtirilgan (Global bioxilma-xillik axborot bazasi sertifikati, www.gbif.org, 2024 yil 8 fevral). Natijada, O‘rta Zarafshon hududidagi gidrobiontlar tarqalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan xalqaro miqyosda foydalanish imkonini bergan;
Corbiculina ferghanensis Kursalova et Starobogatov, 1971 turining mtDNK COI geni nukleotidlar ketma-ketligi fragmentlari aniqlanib, olingan natijalar Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasida PP239092 inventar raqami orqali ro‘yxatga olingan (National Center for Biotechnology Information, 2024 yil 5 fevraldagi ma’lumotnoma, www.blast.ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, dunyoning turli mintaqalarida tarqalgan ikkipallali mollyuska turlarining identifikasiyasi va filogenetik tahlili boʻyicha xalqaro ma’lumotlar bazasi tarkibini boyitish imkonini bergan.