Haydarov Murodilla Maxmutalievichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda sovet davlati boshqaruv tizimining shakllanishi, bosqichlari va mohiyati (1917–1941 yillar)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tar30.
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Rahbarxon Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Yulduz Alimovna Ergasheva, tarix fanlari doktori, professor; Bobojonova Dilorom Bobojonovna, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Baxtiyor Muxammadjonovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro davlat universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1917–1941 yillarda O‘zbekistonda sovet davlati boshqaruv tizimining shakllanishi, davriy bosqichlari va totalitar mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda sovet davlati boshqaruv tizimining shakllanishi, bosqichlari va mohiyatining tarixiy jihatlari, sovet davlatchiligi genezisining tamoyillari va sinfiylikka asoslangan boshqaruv tizimining totalitar xarakteri isbotlangan;
O‘zbekistonda sovet davlati boshqaruv tizimining bosqichlari Turkiston ASSRda totalitar boshqaruv tizimining o‘rnatilishi (1917–1924yy.) va O‘zbekiston SSRda ma’muriy buyuruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimining qaror topishi (1925–1941y.) kabi davrlarning uzviyligi va farqli jihatlari yoritilib, sinfiylikka asoslangan sovet davlatchiligi boshqaruv tizimi ierarxiyasining kommunistik partiya izmida bo‘lganligi, undagi maxfiy ish yuritish tizimi, davlat boshqaruvi organlari ustidan siyosiy nazorat o‘rnatilganligi ochib berilgan;
O‘rta Osiyoda amalga oshirilgan milliy-hududiy chegaralanish siyosati milliy manfaatlarini hisobga olmasdan o‘tkazilganligi, markaziy tashkilotlarining ma’muriy buyruqbozlik tizimi asosida faoliyat ko‘rsatganligi, yagona tarixiy, iqtisodiy va geografik makonga ega bo‘lgan Turkiston mintaqasini parchalanishi og‘ir oqibatlarga olib kelganligi tufayli yuzaga kelgan mahalliy aholining noroziligi isbotlangan;
O‘zbekistondagi partiya va hukumat organlarining Markaz bilan bog‘liq siyosatida mustamlakachilik xususiyati saqlab qolinganligi hamda mahalliy aholi manfaatlari uchun kurashayotgan milliy rahbar xodimlarning faoliyati yoritilgan. O‘zbekistonda partiya tashkilotlari va sovet idoralari faoliyatidagi nuqsonlarning boshqaruvga salbiy ta’siri qiyosiy ochib berilgan;
Sobiq ittifoq manfaatlari ko‘zlangan iqtisodiy siyosatda markaziy tashkilotlar (glavkizm) faoliyati kompleks tarzda ochib berilib, Ittifoqning “yagona xalq xo‘jaligi” rejasiga binoan O‘zbekiston SSR xomashyo etkazib beruvchi iqtisodiy hudud sifatida qolganligi iqtisodiy inqiroz hamda ocharchilikni kelib chiqishiga muhim turtki bo‘lganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda sovet davlati boshqaruv tizimining shakllanishi, bosqichlari va mohiyatiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Turkistonda oktyabr` to‘ntarilishi va sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, Markazning vakolatli organlari mustabid boshqaruvning negizi ekanligi haqidagi ilmiy natijalar “O‘zbekiston tarixi” darsligi (Toshkent, 2003), shuningdek, sovet hokimiyatining O‘zbekistonda amalga oshirgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tadbirlarining mustamlakachilik mohiyati hamda XX asr 20-yillari ikkinchi yarmi 30-yillardagi siyosiy qatag‘onlar, O‘zbekiston SSRdagi kompartiya va hukumat tashkilotlarining vakolatlari borasidagi ilmiy xulosalar F. 1-32 raqamli grant doirasidagi “O‘zbekiston tarixi” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015 yil 17 apreldagi 4-son buyrug‘i) Qo‘llanilgan natijalar O‘zbekiston tarixining mazkur davriga oid tadqiqotlarni tarixiy dalillar va manbalar bilan ta’minlashga xizmat qilgan hamda talabalarda tarixiy bilimlarni shakllantirishda xizmat qilgan;
O‘zbekistonda partiya tashkilotlari va sovet idoralari faoliyatidagi nuqsonlarning boshqaruvga salbiy ta’siri O‘zbekiston tarixi, O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va mahalliy o‘z-o‘zini boshqaruv yo‘nalishlari uchun tayorlangan Davlat ta’lim standartlari (DTS) mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Milliy universitetining 2016 yil 6 oktyabrdagi 04/2-4958-son ma’lumotnomasi). DTSdagi tegishli fanlarning talablarida Turkistonda sovet davlatini zo‘ravonlik o‘rnatilishi, sovet davlatining siyosiy boshqaruvi hamda O‘zbekistonda iqtisodiy siyosatning markaz manfaatlariga bo‘ysundirishning oqibatlari haqida ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga xizmat qilgan;
Sovet totalitar boshqaruv tizimining O‘zbekistonda siyosiy markazlashtirish uchun olib borgan ishlari bo‘yicha olingan ilmiy xulosalar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ekspozisiyalarining “1917 yildagi Oktyabr` to‘ntarishi”, “Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi va totalitar tuzumning qaror topishi” mavzuidagi bo‘limlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2016 yil 10 oktyabrdagi 3/1255-1243-son ma’lumotnomasi). Bunda O‘zbekiston SSR boshqaruv tizimining shakllanishi va holati, O‘zbekistondagi hukumat va partiya organlarining vakolatlari faoliyati, partiya organlarining o‘zaro va Markaz bilan siyosati arxiv manbalari va boshqa ma’lumotlar asosida ochib berilgan;
Turkiston ASSRda bol`sheviklarning yakka partiya hukmronligining vujudga keltirilishini tadqiq etish hamda milliy kommunistlarning markazlashtirish siyosatiga munosabatini tahlil qilish yuzasidan olingan ilmiy xulosalardan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ekspozisiyalarining “1937–1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar” va “1940–1950 yillardagi siyosiy qatag‘onlar” mavzuidagi bo‘limlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining 2016 yil 10 oktyabrdagi 3/1255-1243-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalarda XX asr birinchi yarmida o‘zbek qishloqlaridagi ahvol, shuningdek, sovet hokimiyatining asosiy tayanchi deb qaralgan ishchilar o‘rtasida ham bol`sheviklar siyosatiga qarshi kuchli norozilik harakatlarini isbotlash orqali keng jamoatchilikni O‘zbekistonda yuritilgan siyosatning asosiy mohiyatini teran anglashiga xizmat qilgan.