O‘razboev Abdulla Durdibaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ogahiyning tarixiy asarlari leksikasi”, 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Fil67.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Do‘simov Zaribboy, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Ashirboev Samixon, filologiya fanlari doktori, professor; Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Husanov Nishonboy Abdusattorovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ogahiy tarixiy asarlaridagi leksik birliklarning mavzuiy-semantik guruhlarini tavsiflash, o‘z va o‘zlashma qatlamga mansub ayrim so‘zlarning tarixiy-etimologik hamda tarkibiy tahlilini amalga oshirish, lug‘aviy birliklarning lingvoestetik jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ogahiy tarixiy asarlari leksikasida mavjud so‘zlarning o‘zbek tiliga o‘zlashishgacha bo‘lgan tarixiy va semantik taraqqiyoti hamda tarixiy so‘z va iboralarning dialektologik jihatlari ochib berilgan;
Ogahiy tarixiy asarlari leksik birliklari tarkibiy rekonstruksiya qilingan va ularning funksional tahlili lug‘at tarkibidagi substrat qatlam muammosi bilan aloqador ekanligi dalillangan;
o‘zbek tilining qarindosh bo‘lmagan tillarga ta’siri masalasiga oid yangi faktlar berilgan;
o‘zbek tiliga arab tili va eroniy tillardan o‘zlashgan ko‘plab so‘zlarning tarixiy-etimologik tahlili berilgan, mo‘g‘ulcha yoki turk-mo‘g‘ul parallellari deyilgan ayrim so‘zlarning asl turkiy so‘zligi isbotlangan;
Ogahiy tarixiy asarlarining janr xususiyatlari ularning leksik tarkibiga bog‘liq ravishda ochib berilgan;
mutaxassislar tomonidan eroniy tillar yoki xitoy tiliga aloqador deb topilgan ba’zi so‘zlarning turkiy qatlamga mansubligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ogahiy tarixiy asarlari leksikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Ogahiy tomonidan fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Axloqi muhsiniy» asarini nashrga tayyorlash va chop etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining 2018 yil 16 iyuldagi 01-2535-son ma’lumotnomasi). Natijada asar matnining o‘quvchilarga tushunarliligi oshgan, tushunilishi qiyin so‘zlarga matn ostida leksikografik izohlar berilgan;
dissertatsiyadagi arabiy va forsiy so‘zlarning ma’nolariga doir xulosalar, etimologik tavsiflardan Mahmud Zamaxshariyning «Muqaddimat ul-adab» asarini o‘zbek tilidagi izohi bilan nashr qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 mart 49-son bayonnomasi doirasida nashr qilindi). Natijada eski turkiy va eski o‘zbek tilidagi arabiy va forsiy so‘zlarning ma’noviy tavsiflari mukammallashgan, o‘zbekcha muqobillari aniqlashtirilgan hamda manbaning ilmiyligi ta’minlangan;
dissertatsiyada keltirilgan so‘zlarning tarixiy-etimologik tavsifi, leksik-semantik xususiyatlari borasidagi xulosalardan «Mumtoz adabiy asarlar lug‘ati» (18, 20, 27, 47, 49, 51, 58, 223, 242, 286-betlar)ni tayyorlash jarayonida nazariy asos sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va axborot agentligining 2018 yil 16 iyuldagi 01-2535-son ma’lumotnomasi). Natijada so‘zlarga berilgan izohlarning ilmiy-manbaviy asoslari kuchaygan;
Ogahiy tarixiy asarlarida qo‘llangan 20 dan ortiq so‘z (korzor, korgoh, javlon, javlongoh, rasul, kordon, kom, komron, mardum, alam, balorak, zirg‘om, g‘azanfar, qoqum, haft kishvar, murasalot, peshkash, qonun, ohang)ning etimologiyasi, semantik va uslubiy xususiyatlari, ularni dalillovchi materiallardan «Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati»ni yaratish loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 13 iyundagi 311255-1587-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida lug‘aviy birliklarning ma’nolari boyigan, izohlari mukammallashgan;
«Xorazm davlatchiligi tarixi (eng qadimgi davrlardan 1924 yilgacha)» mavzusidagi loyihada Xiva xonligi davlat qurilishi mavzusini yoritishda dissertatsiyada keng tahlil qilingan ijtimoiy-siyosiy terminlarga murojaat qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 13 iyundagi 311255-1587-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning amaliyotga tatbiq etilishi Xiva xonligi solnomanavisligi rivojlanish tarixini arxiv va qo‘lyozma manbalardan olingan ma’lumotlar asosida ochib berishga xizmat qilgan;
Xorazm teleradiokompaniyasi «Munavvar kun», «Xorazmnoma», «Navozanda» ko‘rsatuvlarida Ogahiy tarixiy asarlarida qo‘llangan so‘zlarning ma’nolari bilan bog‘liq xulosalaridan foydalanilgan (Xorazm teleradiokompaniyasi 2018 yil 2 maydagi 10-18/134-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan, ko‘rsatuv ssenariylarining ilmiy-manbaviy saviyasi boyigan.