Nazarov Sherbek Ulug‘bek o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tadbirkorlik subektlarining er uchastkalariga bo‘lgan mulkiy huquqlarini himoya qilish», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1053.
Ilmiy rahbar: Azizov Xudoyqul Tojievich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, PhD.37/27.02.2020.Yu.107.01.
Rasmiy opponentlar: Babakulov Sotiboldi Babanazarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Qalandarova Malikaxon Pirnazarovna, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tadbirkorlik subektlarining er uchastkalariga bo‘lgan mulkiy huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy va amaliy muammolarni aniqlash hamda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mulkiy huquqlar himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi, er uchastkasi xususiy mulk bo‘lishi mumkinligiga oid normalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash zaruriyati asoslantirilgan;
er uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillarini qonun darajasida mustahkamlash, er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan holatlarning aniq va tugal ro‘yxatini belgilash, huquq egasiga kompensatsiya berilmagunga qadar ko‘chmas mulk obektlarini buzishga yoʻl qo‘yilmasligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESining, mahalliy Kengashlarning er uchastkasini olib qo‘yish, shuningdek ko‘chmas mulk obektini buzish to‘g‘risidagi qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi, olib qo‘yilgan er uchastkalaridan maqsadsiz foydalanilishiga yoʻl qo‘yilmasligi lozimligi asoslab berilgan;
“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish zaruriyati, olib qo‘yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda qabul qilinishi, hokimlik va huquq egasi o‘rtasida tuziladigan, kompensatsiyaning miqdori, turi va uni berish muddati nazarda tutiladigan kelishuv majburiy ravishda notarial tartibda tasdiqlanishi, erga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari nizoli hollarda faqat sud tartibida bekor qilinishi kerakligi asoslangan;
erga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash, yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorini qabul qilish orqali er bilan bog‘liq nizolarning sudlovga taalluqliligini, sababiy bog‘lanishdagi zarar tushunchasini aniqlashtirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining er munosabatlariga oid vakolatlari qisqartirilishi bilan bog‘liq qoidalarni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanilishiga doir sudlarga tushuntirishlar berilishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
xususiy mulk daxlsizligini, mulkiy huquqlar himoyasini kuchaytirishga va er uchastkasi xususiy mulk bo‘lishi mumkinligiga oid, jumladan uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligini belgilash haqidagi takliflar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47, 65, 68-moddalarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023-yil 24-oktyabrdagi 04/2-09/4107-son dalolatnomasi). Ushbu normalarning kiritilishi tadbirkorlik subektlarining er uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlagan;
er uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillarini qonun darajasida mustahkamlash, er uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan holatlarning aniq va tugal ro‘yxatini belgilash, huquq egasiga kompensatsiya berilmagunga qadar ko‘chmas mulk obektlarini buzishga yoʻl qo‘yilmasligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESining, mahalliy Kengashlarning er uchastkasini olib qo‘yish, shuningdek ko‘chmas mulk obektini buzish to‘g‘risidagi qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi, olib qo‘yilgan er uchastkalaridan maqsadsiz foydalanilishiga yoʻl qo‘yilmasligini belgilash haqidagi takliflar 2022-yil 29-iyundagi “Er uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning 4, 21, 30, 33, 35, 36-moddalarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2022-yil 1-noyabrdagi 08-sonli dalolatnomasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2022-yil 10-noyabrdagi 23/1-1/56-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi er uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishning mulkdorlar manfaatlariga muvofiq bo‘lgan tartib-taomillarini belgilab, tadbirkorlik subektlarining huquqlari himoyasini kuchaytirgan;
“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish, olib qo‘yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda qabul qilinishi, hokimlik va huquq egasi o‘rtasida tuziladigan, kompensatsiyaning miqdori, turi va uni berish muddati nazarda tutiladigan kelishuv majburiy ravishda notarial tartibda tasdiqlanishi, erga nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari nizoli hollarda faqat sud tartibida bekor qilinishi lozimligini, xususiy mulk bo‘lgan er uchastkasi mulkdordan faqat jinoyat-protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sud qarori asosida olib qo‘yilishi (musodara qilinishi) mumkinligini belgilash haqidagi takliflar 2022-yil 29-iyundagi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–782-son Qonunning 5, 13 va 18-moddalarida, 2020-yil 23-dekabrdagi O‘RQ–656-son Qonunning 1–3-moddalarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi PF–198-son Farmonining 1, 6–7-bandlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021-yil 13-oktyabrdagi 06/1-11/1128-son dalolatnomasi, Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2022-yil 1-noyabrdagi 07-son dalolatnomasi hamda Adliya vazirligining 2022-yil 10-noyabrdagi 23/1-1/57-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi olib qo‘yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini noqonuniy buzib tashlash holatlarini oldini olishga va mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilishga xizmat qilgan;
erga oid nizolarning ma’muriy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar o‘rtasida sudlovga taalluqliligini, sababiy bog‘lanishdagi zarar tushunchasini aniqlashtirish haqidagi, shungdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining er munosabatlariga oid vakolatlari qisqartirilishi, Hukumatning individual xususiyatga ega bo‘lgan er munosabatlariga oid hujjatlari ma’muriy sudlarda nizolashilishi bilan bog‘liq qoidalarni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanilishi ta’minlash yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi “Sudlarda erga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 28-sonli qarorining 4, 6 va 7-bandlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 30-yanvardagi 08/95-24-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi sudlar tomonidan tadbirkorlik subektlarining er uchastkalariga bo‘lgan mulkiy huquqlarini himoya qilinishiga oid amaliyotni yanada takomillashtirishga xizmat qilgan.