Kariev Adil Ahmadjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Farg‘ona fiqh maktabi olimlarining islom ilmlari rivojidagi o‘rni (IX-XIII asrlar)”, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari, 07.00.03 – Jahon tarixi (tarix fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Tar173.
Ilmiy maslahatchi: Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘z.R Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, DSc.02/30.12.2019. Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilorom Yunusovna, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Anorbaev Abdulhamid, tarix fanlari doktori, professor; Islamov Zohidjon Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiya markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Tadqiqotning konseptual mohiyatidan kelib chiqqan holda IX-XIII asrlarda islom ilmlari sohasida yaratilgan ilmiy meros asosida Farg‘ona vodiysida shakllangan ilmiy markazning o‘ziga xos jihatlari, maktab vakillarining islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissalari, manbalari va xususiyatlarini ochib berish va ilmiy xulosalar chiqarishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Fiqhiy manbalarni o‘rganishda hanafiy ta’limoti asosida yondoshilishi va ularning boshqa fiqhiy mazhablar talqinidan farqli jihatlaridan amaliyotda foydalanish, Farg‘ona fiqh maktabining asrlar davomida hanafiy fiqhidan og‘ishmay, sobitqadam qolganligi va hanafiy mazhabining ustuvor g‘oyalarini boshqa musulmon davlatlarida ham mustahkamlanishidagi xizmatlari dalillangan;
Farg‘ona fiqh maktabi olimlarining fiqh ilmi sohasidagi xizmatlari natijasi o‘laroq mintaqada turli oqim va guruhlar ta’siriga o‘rin qolmaganida, hanafiy ta’limotining ahli sunna va-l-jamoaning boshqa mazxablaridan ham ustuvor insonparvarlik g‘oyalarini himoya qilishda maktab allomalarining o‘rni isbotlab berilgan;
o‘rta asrlarda shakllangan va islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Farg‘ona fiqh maktabi shakllanishiga islom ilmlarining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritgan 60 dan ortiq allomalar va ularning 50 dan ortiq asarlari asos bo‘lganligi aniqlangan;
o‘rta asrlarda Farg‘ona fiqh maktabidan etishib chiqqan faqihlar, ularning ilmiy merosi xususiyatlari, mintaqada shakllangan fiqhiy qarashlarning soha rivojidagi ta’siri, maktab vakillarining hanafiy ta’limotining mustahkamlanishidagi o‘rnini tadqiqi natijasida Farg‘ona fiqh maktabi tushunchasi ilk bor tarix ilmiga kiritilgan;
Farg‘ona fiqh maktabi doirasida yozilgan asarlarda fiqhiy masalalarda hanafiy mazhabi qoidalarini ahli sunnaning boshqa mazhablari (masalan molikiy va shofe’iy mazhablari) bilan qiyoslash uslubi ishlab chiqilingani, buning natijasida musulmonlar jamiyati manfaatlarini ifoda etuvchi hanafiy mazhabi tamoyillari ustuvorligini ta’minlashga erishilganligi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona fiqh maktabi tarixini tadqiqi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Fiqhiy manbalarni o‘rganishda hanafiy ta’limoti asosida yondoshilishi va ularning boshqa fiqhiy mazhablar talqinidan farqli jihatlari hamda ulardan amaliyotda foydalanish, Farg‘ona fiqh maktabining asrlar davomida hanafiy fiqhidan og‘ishmay, sobitqadam qolganligi va hanafiy mazhabining ustuvor g‘oyalarini boshqa musulmon davlatlarida ham mustahkamlanishidagi xizmatlarini dalillanganiga oid ilmiy xulosalar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining (buyurtma asosida tayyorlangan) “O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi” nomli kitobini tayyorlashda foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2023 yil 16 martdagi 02/120-son dalolatnomasi). Natijada mutaxassislar va kitobxonlarning allomalarimiz hayot va faoliyati, ilmiy merosi va hanafiy mazhabining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi tutgan o‘rni haqida yangi ma’lumotlar olishlariga xizmat qilgan.
Mamlakatimiz hududida o‘rta asrlarda shakllangan va samarali faoliyat yuritib islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan hududiy maktablar tarixi islomshunoslik ilmida mutlaqo o‘rganilmagan sohalardan biridir. Mazkur dissertatsiya bu yo‘nalishdagi dastlabki yirik tadqiqot bo‘lib, olim unda Farg‘ona fiqh maktabi tushunchasini ilk bor tarix ilmiga olib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Tadqiqotning Farg‘ona fiqh maktabi olimlarining fiqh ilmi sohasidagi xizmatlari natijasi o‘laroq mintaqa asrlar davomida hanafiy mazhabidan og‘ishmay kelishi, Farg‘ona mintaqasida turli oqim va guruhlar ta’siriga o‘rin qolmaganida ularning hissasi, hanafiy ta’limotining ahli sunna va-l-jamoaning boshqa mazxablaridan ham ustuvor insonparvarlik g‘oyalarini himoya qilishdagi sobit qadamligi, hamda hanafiy mazhabi nufuzining boshqa musulmon mamlakatlarida oshib borishida maktab allomalarining o‘rni isbotlab berilgani, meros masalasini hanafiy mazhabi doirasida hal qilish me’yorlari va o‘rta asr qo‘lyozma manbalari bilan ishlashning metodologik xususiyatlari haqidagi ilmiy asoslangan xulosalaridan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi” kafedrasi, hamda akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida davlat va jamoat tashkilotlari uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda foydalanildi. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023 yil 28 noyabrdagi 02-02/584-son dalolatnomasi). Natijada qo‘lga kiritilgan ilmiy yangiliklar mahalliy maktablar vakillarining mintaqada hanafiy mazhabi ustuvorligini ta’minlashdagi hizmatlarini asl manbalar asosida yoritish va ularning rasmiy internet saytlarida foydalanish, hamda tadqiqotning ilmiy xulosa, taklif va tavsiyalaridan diniy – ma’rifiy ta’lim muassasalari uchun uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishda keng foydalanish imkonini bergan.
O‘rta asrlarda Farg‘ona fiqh maktabidan etishib chiqqan faqihlar, ularning ilmiy merosi xususiyatlariga oid ma’lumotlar, mintaqada shakllangan fiqhiy qarashlarning soha rivojidagi ta’siri, maktab vakillarining islom dunyosida hanafiy mazhabining mustahkamlanishidagi o‘rni xususidagi ilmiy xulosalaridan Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida o‘rta asr manbalaridan “Chor kitob”, “al-Fiqh al-akbar”, “Sunani Termiziy sharhi” kabi asarlarni nashrga tayyorlashda, hamda “Ixtilofli masalalarning echimlari” (Soxta salafiylarga raddiyalar) kitobini yaratishda foydalanilgan. (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2023 yil 16 oktyabrdagi 01-07/197 – son dalolatnomasi). Natijada tadqiqotda ilgari surilgan ilmiy xulosa, taklif va tavsiyalarda xalqaro ilmiy tadqiqot markazi faoliyati konsepsiyasini shakllantirishda tayanilgan, hamda kelgusida fiqhiy maktablar tarixiga oid tadqiqotlar, ilmiy to‘plam va kitoblarni boyitishda qo‘shimcha manba sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona fiqh maktabi tarixi, fiqh ilmining amaliy va nazariy, fatvo yo‘nalishlarida faoliyat yuritgan Burhonuddin al-Marg‘inoniy, Faxruddin Qozixon, Xusomuddin al-Axsikatiy kabi allomalar ilmiy merosi, islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi, mintaqaviy maktabning vujudga kelishidagi o‘rni, maktabning o‘ziga xos jihatlari borasidagi ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston-24” telekanalining “Islom sivilizatsiyasi markazi: shonli tarixdan buyuk kelajak sari”, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Aslida qanday”, “Mavzu” dasturi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023 yil 28 noyabr 06-28-1780 son ma’lumotnomasi) Mazkur ko‘rsatuvlar xalqimizni mamlakatimiz hududida faoliyat yuritgan ilmiy maktab faoliyati, maktab vakillari bo‘lgan ajdodlarimiz ilmiy salohiyati va ularning musulmon dunyosida islom ilmlari rivojida tutgan o‘rinlari haqidagi yangi ma’lumotlardan xabardor bo‘lish, tarixiy bilimlarini oshirish va ajdodlar bilan faxrlanish va ularga munosib avlod bo‘lish tuyg‘usini shakllanishiga xizmat qilgan.
O‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida shakllangan Farg‘ona fiqh maktabi tarixi, maktab vakillarining ilmiy merosi va ularning islom ilmlari rivojidagi o‘rni masalasiga bag‘ishlangan dissertatsiya ishi doirasida ishlab chiqilgan xulosalar, ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023-yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatida tatbiq etilgan. Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil uchun chora tadbirlar dasturining VI yo‘nalishida belgilangan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, aholi o‘rtasida radikalizm illatini oldini olish” 29-bandi, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan mutafakkirlar” shiori mavzusida uchrashuvlar o‘tkazishda dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan. (Respublika manaviyat va ma’rifat markazining 2023 yil 29 noyabr № 02-22/1323-son dalolatnomasi). Natijada dissertatsiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiya va xulosalar IX-XIII asrlarda Farg‘ona fiqh maktabi vakillari ilmiy merosi ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan.
Kariev Adil Axmadjonovichning “Farg‘ona fiqh maktabi olimlarining islom ilmlari rivojidagi o‘rni (IX-XIII asrlar)” mavzusidagi dissertatsiyasi Farg‘ona vodiysi, jumladan hozirgi Namangan viloyatining o‘rta asrlardagi tarixi, Axsikentdan etishib chiqqan olimlarning hayoti va ilmiy merosini tadqiqiga bag‘ishlangan. Dissertatsiyada keltirilgan ma’lumotlar ziyorat va tarixiy turizmning rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababdan tadqiqot natijalaridan Axsikent xalqaro ilmiy tadqiqot jamoat birlashmasi olimlari tomonidan chop etilgan “Buyuklarga beshik bo‘lgan Axsikent yoxud Farg‘ona allomalari” kitobini tayyorlashda, Farg‘ona vodiysidagi qadimgi savdo yo‘llari, aholi maskanlari, qo‘rg‘on va qalʼalarning bugungi o‘rnini, tarixiy turizm yo‘l va maskanlarining turkiycha nomlari va mazmunlarini aniqlash va tarixiy turizm uchun xaritalar yaratishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Namangan shahar “AXSIKENT” xalqaro ilmiy-tadqiqot jamoat birlashmasining 2024 yil 02 may 103 son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar yoshlar ta’lim tarbiyasida ajdodlarimiz boy ilmiy merosidan keng foydalanish, hamda ularni turli yot g‘oyalar ta’siriga berilishini oldini olishda, shu bilan birga viloyatda ziyorat, tarixiy va ilmiy turizmning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.