Xudoyarov Suleyman Rashidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Qora metallurgiya texnogen chiqindilarini ishlab chiqarishga jalb qilish orqali metallurgiya sanoati xomashyosini kompleks qayta ishlashning innovatsion texnologiyalari», 05.02.01 – Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/T442.
Ilmiy maslahatchi: Yakubov Maxmudjon Maxamadjanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK, DSc.03/30.12.2019.K/T.03.01.
Rasmiy opponentlar: Norxudjaev Fayzulla Ramazonovich, texnika fanlari doktori, professor; Shodiev Abbos Ne’mat o‘g‘li, texnika fanlari doktori, dotsent; Ruziev Ulugbek Ne’matovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Mineral resurslar instituti DK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qora metallurgiya texnogen chiqindilarini ishlab chiqarishga jalb qilish orqali metallurgiya sanoati xomashyosini kompleks qayta ishlashning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dastlab yanchilgan qayta ishlangan po‘lat eritish shlaklarini magnit maydon kuchlanishi 20 kA/m bo‘lgan nam elektromagnit boyitish jarayonida, temirko‘mirli qumoqlarning asosiy komponenti sifatida qo‘llaniladigan, tarkibida Femet miqdori 43,85 % bo‘lgan magnitli temir saqlovchi boyitmani olinishi aniqlangan;
po‘lat eritishda, qattiq oksidlovchi sifatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tarkibida FeO va Fe2O3 ko‘rinishida 41,93% temir bo‘lgan boyitma, qayta ishlangan po‘lat eritish shlaklarini elektromagnit boytishning suyuq chiqindilaridan, gravitatsion boytish jarayonida olinishi asoslangan;
temir va rux oksidlarining tiklash reaksiyalarini borishini ta’minlovchi, pechdagi samarali tiklovchi muhitni yaratish uchun CO+CO2 gazlar aralashmasida CO miqdori 90% dan yuqori bo‘lish zarurligi aniqlangan;
tiklovchi kuydirish va tiklovchi eritish natijasida, temirni cho‘yanga ajratib olish ko‘rsatgichini 94,03%, ruxni ucharlarga ajratib olish ko‘rsatgichini 95,8% ta’minlab beradigan, rux saqlovchi po‘lat eritish changlari, magnitli temir saqlovchi boyitma, prokat okalinasi, MU-80 markali koks, ohak, mikrokremnezyom va bog‘lovchi bentonitdan tashkil topgan temirko‘mirli qumoqlar shixtasining optimal tarkibi aniqlangan;
mikrokremnezyom tarkibidagi uglerod, oltingugurt va uchuvchan birikmalar ishqoriy eritishda ko‘pik hosil qilishga olib kelishi, suyuq shishaning silikat moduli ko‘rsatgichining pasayashi va rangining o‘zgarishiga sabab bo‘lib qolishi aniqlangan;
silikat modul` ko‘rsatgichi 2,7-3,0 va zichligi 1,47-1,52 g/sm3 bo‘lgan mikrokremnezyom asosida suyuq shishani avtoklavsiz olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qora metallurgiya texnogen chiqindilarini ishlab chiqarishga jalb qilish orqali metallurgiya sanoati xomashyosini kompleks qayta ishlashning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qayta ishlangan po‘lat eritish shlaklarining ishlab chiqilgan nam elektromagnit boyitish texnologiyasi «Olmaliq KMK» AJ ning 2-sonli Mis boyitish fabrikasida amaliyotda joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJ ning 2024 yil 7 fevraldagi SL-0045-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, boyitmaning chiqish darajasi 8,86% da, tarkibida Femet miqdori 43,85 % bo‘lgan magnitli boyitma olish imkonini bergan;
elektromagnit boyitishning suyuq chiqindilaridan, tarkibida temir bo‘lgan gravitatsion boyitma olishning ishlab chiqilgan texnologiyasi «Olmaliq KMK» AJ ning 2-sonli Mis boiytish fabrikasida amaliyotda joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJ ning 2024 yil 7 fevraldagi SL-0045-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, temir miqdori 41,93% bo‘lgan FeO va Fe2O3 ko‘rinishidagi boyitmani olish imkonini bergan;
cho‘yan va rux tarkibli ucharlarni olinishi bilan, temirko‘mirli qumoqlarni qattiq fazali tiklovchi kuydirish va tiklovchi eritish orqali, qora metallurgiyaning texnogen chiqindilarini qayta ishlashning ishlab chiqilgan texnologiyasi «Olmaliq KMK» AJ ning 2-sonli Mis boiytish fabrikasida amaliyotda joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJ ning 2024 yil 7 fevraldagi SL-0045-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ruxni 95,8% ucharlarga ajratib olish, temirni 94,03% cho‘yanga ajratib olish imkonini bergan;
ferrosilisiy ishlab chiqarishning changsimon chiqindisi hisoblanuvchi mikrokremnezyomdan suyuq shishani avtoklavsiz usulda ishlab chiqarishning ishlab chiqilgan texnologiyasi «Olmaliq KMK» AJ Mis boyitish fabrikasining reagent sexida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq KMK» AJ ning 2024 yil 7 fevraldagi SL-0045-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, silikat modul` ko‘rsatgichi 2,7-3,0, zichligi 1,47-1,52 g/sm3 bo‘lgan suyuq shisha olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish