Narimonov Sayfulloxon Sunnatilla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda fond bozorini ommabopligi va investorlar faolligini oshirish yo‘llari”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Iqt2773.
Ilmiy rahbar: Ataniyazov Jasurbek Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Alikulov Azamat Tuygunovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent shahri filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda fond bozorining ommabopligi va investorlar faolligini oshirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
aksiyadorlik jamiyatlarining investision jozibadorligini oshirish orqali investorlarni jamiyat faoliyatiga keng jalb etish maqsadida yillik jamiyat sof foydasining 30 foizidan yuqori qismini dividend sifatida yo‘naltirish lozimligi asoslangan;
investorlarning qimmatli qog‘ozlar bozoridagi faolligini oshirish maqsadida dividendlar va obligatsiyalar bo‘yicha hisoblangan daromadlarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan to‘liq ozod qilish taklif etilgan;
xorijiy banklar va investisiya vositachilari hamda o‘z mablag‘lari 500 mln. so‘mdan kam bo‘lmagan mahalliy anderrayting tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlarini fond bozorida joylashtirishda anderrayterlik xizmatini ko‘rsatish taklif etilgan;
aholining qo‘shimcha daromad manbaalarini kengaytirish, tadbirkorlik subektlarining loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish maqsadida mobil ilovalarda qimmatli qog‘ozlarning elektron savdosini yo‘lga qo‘yish orqali jismoniy shaxslar xaridlarini 2 barobarga oshirish asoslangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda fond bozorining ommabopligi va investorlar faolligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
aksiyadorlik jamiyatlarining investision jozibadorligini oshirish orqali investorlarni jamiyat faoliyatiga keng jalb etish maqsadida jamiyat yillik sof foydasining 30 foizidan yuqori qismini dividend sifatida yo‘naltirish taklifi “Uzbek Leasing International A.O.” aksiyadorlik jamiyati amaliyotiga joriy etilgan (“Uzbek Leasing International A.O.” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil 4-apreldagi 0612/001-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2022-yilda “Uzbek Leasing International A.O.” aksiyadorlik jamiyati sof foydasining 75 foizi (17,4 mlrd. so‘m) dividendlar to‘lashga yo‘naltirilgan;
investorlarning qimmatli qog‘ozlar bozoridagi faolligini oshirish maqsadida dividendlar va obligatsiyalar bo‘yicha hisoblangan daromadlarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan to‘liq ozod qilish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-90-son qarorida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 9-avgustdagi 44/1-15503-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2023-yilda jismoniy shaxslarning 20,16 trln. so‘m dividend ko‘rinishidagi daromadlaridan davlat byudjetiga 5 foizlik dividend solig‘i bo‘yicha undiriladigan 1,0 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘liq investorlarning ixtiyorida qolgan;
xorijiy banklar va investisiya vositachilari hamda o‘z mablag‘lari 500 mln. so‘mdan kam bo‘lmagan mahalliy anderrayting tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali aksiyadorlik jamiyatlarining qimmatli qog‘ozlarini fond bozorida joylashtirishda anderrayterlik xizmatini ko‘rsatish taklifi “Uzbek Leasing International A.O.” aksiyadorlik jamiyati amaliyotiga joriy etilgan (“Uzbek Leasing International A.O.” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil 4-apreldagi 0612/001-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Respublikasida alohida lisenziya olmasdan qimmatli qog‘ozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy banklar va investisiya vositachilari aniqlangan hamda ularning mamlakatimiz fond bozorida mahalliy aksiyadorlik jamiyatlari qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish mexanizmi ishlab chiqilgan;
aholining qo‘shimcha daromad manbaalarini kengaytirish, tadbirkorlik subektlarining loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish maqsadida mobil ilovalarda qimmatli qog‘ozlarning elektron savdosini yo‘lga qo‘yish orqali jismoniy shaxslar xaridlarini 2 barobarga oshirish taklifi “Toshkent” RFB yagona dasturiy-apparat kompleksining HS/MS veb-interfeysi bilan integratsiyalashgan va mahalliy emitentlarning aksiyalarini sotib olish va sotish imkonini beruvchi “Multicard.Investmens” mobil ilovasida qimmatli qog‘ozlar savdosini yo‘lga qo‘yishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil 9-avgustdagi 44/1-15503-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2023-yilda jismoniy shaxslar tomonidan aksiyalar bo‘yicha xaridlar soni 2022-yilga nisbatan 5,25 barobarga yoki 316,1 ming donaga va sotilgan aksiyalar soni 5 barobarga yoki 306,9 ming donaga ko‘paygan. Shuningdek, xaridlar summasi
3 barobarga, sotuvlar summasi 55 foizga oshgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish