Kasimova Gulyar Axmatovnaning
fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “G‘aznachilik tizimida ijtimoiy sohani moliyaviy ta’minoti uslubiyotini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Iqt255
Ilmiy maslahatchi – Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Xalqaro universiteti, DSc.22/29.12.2023.I.175.01
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori akademik; Xaydarov Nizomiddin Hamroevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;
Raxmonov Dilshodjon Alidjonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq ilmiy tadqiqotlari instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi G‘aznachilik tizimida ijtimoiy sohaning moliyaviy ta’minoti uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ijtimoiy soha tashkilotlari uchun davlat xaridlari summasining bir milliard so‘mgacha tuziladigan shartnomalari bo‘yicha 30 foiz to‘lovni kassali rejalashtirishni takomillashtirish orqali byudjet tashkilotlaridagi kreditor qarzdorlikni kamaytirish taklif etilgan;
Davlat byudjetidan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiya ajratishni tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi shtat birliklarini tarbiyalanuvchilar soniga nisbati asosida moliyalashtirish orqali bolalar qamrovini oshirish asoslangan;
iste’mol narxlar indeksi tebranishining salbiy ta’sirini yumshatishda rasmiy inflyasiya miqdorida shartnoma qiymatiga o‘zgartirish kiritishni joriy qilish orqali 1-4sinf o‘quvchilarini Davlat byudjeti hisobidan bepul ovqatlantirish barqarorligini ta’minlash asoslangan;
ishonchli ausorserlar bilan tuziladigan shartnomalar muddatini 1 yildan ortiq muddatga uzaytirishda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun har bir lotda ma’muriy geografik asosda bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 250 baravaridan 1000 baravargacha tabaqalashtirish orqali ausorserga investisiya kiritish majburiyatini belgilash taklif etilgan;
davlat tibbiy sug‘urtasida shartnoma va kafolatlangan paket hajmi asosida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun to‘lovlarni “davolangan har bir holat” va bajarilgan ishlar natijasi asosida sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish tartibini joriy qilish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘aznachilik tizimida ijtimoiy sohaning moliyaviy ta’minotini takomillashtirish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
ijtimoiy soha tashkilotlari uchun davlat xaridlari summasining bir milliard so‘mgacha tuziladigan shartnomalari bo‘yicha 30 foiz to‘lovni kassali rejalashtirishni takomillashtirish orqali byudjet tashkilotlaridagi kreditor qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 16 martdagi “Vazirlar Mahkamasining byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning xarid qilishda 15 foizdan ortiq miqdorda avans to‘lashi mumkin bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2011 yil 24 avgustdagi 241-son qaroriga qo‘shimcha kiritish haqida”gi 139-son Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 29 fevraldagi 05-36-232-son ma’lumotnomasi). Natijada, yil bo‘yi xarajatlar tendensiyasini va xarajatlarni amalga oshirish uchun kerak bo‘ladigan qo‘shimcha ehtiyojlarni aniqlash imkoniyati oshirilgan, ijtimoiy sohaga qarashli byudjet tashkilotlarining kreditorlik qarzdorligi yuzaga kelish xavfi kamaygan.
Davlat byudjetidan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiya ajratishni tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi shtat birliklarini tarbiyalanuvchilar soniga nisbati asosida moliyalashtirish orqali bolalar qamrovini oshirishga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 avgustdagi 426-son “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 29 fevraldagi 05-36-232-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida Davlat byudjetidan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2022 yilda 1500,0 mlrd. so‘m, 2023 yilda 2259,4 mlrd. so‘m subsidiyalar ajratilgan. 2022 yilda 22429 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 68,0 foizga etkazilgan.
iste’mol narxlari indeksi tebranishining salbiy ta’sirini yumshatishda rasmiy inflyasiya miqdorida shartnoma qiymatiga o‘zgartirish kiritishni joriy qilish orqali 1-4-sinf o‘quvchilarini Davlat byudjeti hisobidan bepul ovqatlantirish barqarorligini ta’minlashga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi 472-son “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillash-tirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 29 fevraldagi 05-36-232-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2022 yil uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mahalliy byudjetiga boshlang‘ich sinf (1-4-sinf) o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash uchun 100,0 mlrd. so‘mdan jami 200,0 mlrd. so‘m ajratilgan.
ishonchli ausorserlar bilan tuziladigan shartnomalar muddatini 1 yildan ortiq muddatga uzaytirishda davlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun har bir lotda ma’muriy-geografik asosda bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 250 baravardan 1000 baravargacha tabaqalashtirish orqali ausorserga investisiya kiritish majburiyatini belgilashga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 407-son Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 29 fevraldagi 05-36-232-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida, ausorserlarning tanlovdagi takliflari asosida tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalar summasi 88,8 mlrd. so‘mga etgan, ausorserlar tomonidan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 53,1 mlrd. so‘m investisiya kiritishga erishilgan, muassasa oshxonasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zamonaviy jihozlar bilan to‘ldirilgan.
davlat tibbiy sug‘urtasida shartnoma va kafolatlangan paket hajmi asosida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun to‘lovlarni “davolangan har bir holat” va bajarilgan ishlar natijasi asosida sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish tartibini joriy qilish taklifi dissertant yakka muallifligida yaratilgan “Ijtimoiy sug‘urta” nomli darslikda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2019 yil 2 maydagi 394-son buyrug‘iga asosan 394-034-raqamli mualliflik guvohnomasi). Natijada, davlat tibbiy sug‘urtasining nazariy-uslubiy jihatlarini takomillashtirish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilgan.