Kurambaev Toxir Xosinbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tanosil yoki OIV kasalliklari hamda OISni tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishni takomillashtirish”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1025.
Ilmiy rahbar: Murodov Baxtiyorjon Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Abduvali Axmedovich, yuridik fanlar doktori, professor; Abduraximov Muxtor Xodjiakbarovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tanosil kasalligi yoki OIVni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki yuqtirish jinoyatlarini tergov qilishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tanosil kasalligi yoki OIV yuqumli hisoblansada, lekin havo-tomchi yo‘li orqali aholi o‘rtasida tarqalmasligi, shuningdek javobgarlik nafaqat tanosil kasalligi va OIVni yuqtirganlik uchun, balki ularni yuqtirish xavfi ostida qoldirganlik uchun ham kelib chiqishini inobatga olib, Jinoyat kodeksi 113-moddasining nomini uning dispozisiyasi mazmuni talablaridan kelib chiqqan holda “tanosil kasalligi yoki OIVni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki yuqtirish” deb o‘zgartirish lozimligi asoslantirilgan;
OIS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) OIVning uchinchi va to‘rtinchi (so‘nggi) bosqichlari ekanligi hamda alohida yuqumli kasallik turi hisoblanmasligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 113-moddasidagi “OIV/OIS” degan so‘zlarni “OIV” atamasi bilan almashtirish zarurati asoslantirilgan;
jabrlanuvchi tanosil kasalligi yoki OIVni gumon qilinuvchidan yuqtirganligini isbotlash, aybdorga adolatli jazo tayinlash hamda aybi bo‘lmagan shaxsni javobgarlikka tortilmasligini ta’minlash maqsadida, shaxslarning qonidagi virusni aynanligini tekshirish, uning DNKsini identifikatsiya qilish bo‘yicha “Filogenetik ekspertiza”dan o‘tkazishga oid xorijiy tajribani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish lozimligi asoslab berilgan;
tanosil kasalligi yoki OIVni yuqtirish jinoyatini tergov qilishda fohishalar, besoqobozlar va giyohvandlarni majburiy tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish orqali, kasallikni harakatlantiruvchi kuchlarni aniqlash, uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 297-moddasiga asosan, jinoyatning sabablari hamda unga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan OISga qarshi kurashish markazlari va tegishli tibbiyot muassasalariga taqdimnomalar kiritish amaliyotini joriy etish zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. tanosil kasalligi yoki OIVni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki yuqtirish jinoyatlarini tergov qilishni takomillashtirish boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tanosil kasalligi yoki OIV yuqumli hisoblansada, lekin havo-tomchi yo‘li orqali aholi o‘rtasida tarqalmasligi, shuningdek javobgarlik nafaqat tanosil kasalligi va OIVni yuqtirganlik uchun, balki ularni yuqtirish xavfi ostida qoldirganlik uchun ham kelib chiqishini inobatga olib, Jinoyat kodeksi 113-moddasining nomini “tanosil kasalligi yoki OIVni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki yuqtirish” deb o‘zgartirish lozimligiga doir taklifi jinoyat qonunchiligini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 29-apreldagi 3/08-60-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mazkur turdagi jinoyatlarni tergov qilishda ularga to‘g‘ri huquqiy baho berishga xizmat qilgan;
OIS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) OIVning uchinchi va to‘rtinchi (so‘nggi) bosqichlari ekanligi hamda alohida yuqumli kasallik turi hisoblanmasligi hamda huquqni qo‘llash amaliyotida shaxsga OISni yuqtirish bilan ayblov e’lon qilish amaliyotga barham berish zaruriyatini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 113-moddasidagi “OIV/OIS” degan so‘zlarni “OIV” atamasi bilan almashtirish lozimligiga doir taklifi jinoyat qonunchiligini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 29-apreldagi 3/08-60-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mazkur turdagi jinoyatlarni tergov qilishda shaxsga nisbatan OISni yuqtirish bilan ayb e’lon qilish kabi salbiy amaliyotga barham berishga xizmat qilgan;
jabrlanuvchi tanosil kasalligi yoki OIVni gumon qilinuvchidan yuqtirganligini isbotlash, aybdorga adolatli jazo tayinlash hamda aybi bo‘lmagan shaxsni javobgarlikka tortilmasligini ta’minlash maqsadida, shaxslarning qonidagi virusni aynanligini tekshirish, uning DNKsini identifikatsiya qilish bo‘yicha “Filogenetik ekspertiza”dan o‘tkazishga oid xorijiy tajribani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish lozimligiga doir taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida odam immunitet tanqisligi virusi infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha yoshlar faolligida olib boriladigan tizimli targ‘ibot tadbirlari konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 84-son qaroriga ilova konsepsiyaning 3-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 09-09-13-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi bu turdagi jinoyat ishlarini samarali tergov qilishda yangi metodlardan foydalanish hamda aybdor shaxsning jinoiy harakatlarini isbotlashga xizmat qilgan;
tanosil kasalligi yoki OIVni yuqtirish jinoyatini tergov qilishda fohishalar, besoqobozlar va giyohvandlarni majburiy tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish orqali, kasallikni harakatlantiruvchi kuchlarni aniqlash, uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni o‘tkazish maqsadida jinoyatning sabablari hamda unga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan OISga qarshi kurashish markazlari va tegishli tibbiyot muassasalariga taqdimnomalar kiritish amaliyotini joriy etish lozimligiga doir taklifidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 84-son qarorining 2-bandi o‘n oltinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 09-09-13-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi mazkur turdagi jinoyatlarni tergov qilishda kasallikni harakatlantiruvchi kuchlarni aniqlash va bu turdagi kasalliklar tarqalishining oldini olishga xizmat qilgan.