Abuzalova Mehriniso Kadirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Substansial morfologiya, valentlik va sintaktik qurilma”, 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Fil55.
Ilmiy maslahatchi: Sayfullaeva Ra’no Raufovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.02.03.
Rasmiy opponetlar: Sanaqulov Usmon Sanaqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xudoyberganova Durdona Siddiqovna, filologiya fanlari doktori; Murodova Nigora Qulievna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: leksik-semantik va grammatik shakl valentliklarining so‘zshakl tarkibida o‘zaro hamkorligi tahlili orqali so‘zshaklda mujassamlashgan valentlik imkoniyatlarining sintaktik qurilma tarkibi va mavqeini belgilashdagi ahamiyatini ochish hamda tavsiflashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lingvistika uchun tamoman yangi masala – grammatik shakl valentligi, uning leksik-semantik valentlikka munosabati, grammatik shakllarning valentlik xususiyatlariga ko‘ra tasnifi kabi ilmiy tushunchalar fanga kiritilib tahlil etilgan;
til hodisalariga substansial-dialektik yondashish kelishik kategoriyasi shakllari misolida ochib berilgan;
istalgan turdagi nutqiy sintaktik hosila (so‘z birikmasi, sodda gap, qo‘shma gap)larning ildizini, hosil bo‘lish imkoniyatlari asosini bu birikmalarning tobe va hokim tarkibiy qismlari lug‘aviy ma’nolari hamda grammatik shakllari valentliklarining o‘zaro uyg‘unlashishi tashkil etishi isbotlangan;
grammatik shakllarning so‘zning leksik-semantik valentligiga ta’siri morfologik va sintaktik kategoriya shakllari misolida tahlil qilinib, lug‘aviy asos semantik-sintaktik valentligiga ta’sir etish xususiyatiga ko‘ra darajalanishi (graduonimiyasi) aniqlangan;
o‘zbek tilshunosligida ilk bor valentlik nazariyasi nuqtai nazaridan fe’l bo‘lmagan so‘z turkumlari ichida ham ma’noviy, ham valentlik xususiyatlari bilan umumiylikka ega bo‘lgan leksik birliklar birlashadigan nSSGh, nSSGk, nSSGm, nSSGe, nSSGq, aSSGa, aSSGt, nuSSG, adSSGtalab, adSSGma kabi semantik-sintaktik guruhlar ajratilgan va ular tuza oladigan sintaktik qurilmalarning modellari berilgan;
/WG‘/ /W/(atov birligi) mansub bo‘lgan SSGning semantik valentligi va /G‘/(shakl) grammatik valentligining o‘zaro ta’siri hamda uyg‘unlashishidan iborat bo‘lgan butunlik ekanligi, barcha turdagi gaplarda imkoniyat darajasida turishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Grammatik shakl va so‘z shaklini imkoniyatlar majmuasi sifatida qarash hamda imkoniyatlarning sintaksisda voqelanishi masalasini tadqiq qilish jarayonida olingan ilmiy natija va xulosalar asosida:
tilshunoslikda ilmiy tadqiq metodologiyasini belgilovchi til tizimi va uning birliklariga substansial yondashuv tamoyillarini belgilash, substansial tamoyillarning falsafiy va lisoniy tavsifini berish kabi masalalar tadqiqidan OT-F8-057 raqamli «O‘zbek tilini sistemaviy tadqiq etishning metodologik asoslari, metod va prinsiplarini shakllantirish» (2007-2011) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 23 iyundagi 89-03-2375-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek substansial tilshunoslik tamoyillarining falsafiy va lisoniy tavsiflari mukammallashtirilgan;
tadqiq manbaiga substansial yondashishning aslida sharqona, jumladan, o‘zbekona ilmiy yo‘l bo‘lib, mumtoz orif va adiblar undan zot ~ tajalli (haq ~ borliq, kull ~ juzv, umumiylik ~ xususiylik) dialektikasi talqinida juda keng foydalanishganligi bilan bog‘liq ilmiy xulosalar F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analarining sintezi” (2012–2016) fundamental tadqiqot loyihasida tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 23 iyundagi 89-03-2375-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar substansial yondashuv tadqiq tamoyillarining shakllanish tarixi xususidagi materiallarni boyitishga xizmat qilgan;
nisbatlarning leksik-grammatik, derivatsion qobiliyati asosida so‘z yasashga va so‘z o‘zgartirishga aloqador kategoriya sifatida talqin etilishi, nokategorial shakllarning ba’zan so‘z yasalishi bilan ham bog‘liq tomonlari mavjudligi xususidagi, ushbu formantlarning asos leksema valentligiga ta’siri masalalarini yoritish bilan bog‘liq xulosalardan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” (2008-2010) mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 23 iyundagi 89-03-2375-son ma’lumotnomasi). Ayni ilmiy natijaning qo‘llanishi til shakllanishining derivatsion qonuniyatlari masalalarini yoritish imkonini bergan;
dissertatsiya ishi natijalari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar 5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish bakalavriat ta’lim yo‘nalishida o‘qitiladigan “Tilshunoslik nazariyasi”, “Hozirgi o‘zbek tili” hamda 5A.120102 – Lingvistika (O‘zbek tilshunosligi) magistratura mutaxassisligi uchun mo‘ljallangan “Nazariy tilshunoslik masalalari” kabi fanlarni takomillashtirish va o‘qitish samaradorligini oshirishga qaratilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 89-03-1213-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarning grammatik kategoriya, grammatik ma’no va grammatik shakl talqini hamda lisoniy valentlik borasidagi bilimlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
tildagi birikish qonuniyatlari, til qurilishiga substansial jihatdan yondashish masalalari, so‘zshakl lisoniy sintaktik modeli va uning grammatik shakl valentligi bilan bog‘liq jihatlari xususidagi nazariy qarashlardan “Madaniyat va ma’rifat” “Tadqiqot”, “Kitob va kitobxon” teleko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 2 apreldagi 89-03-1213-son ma’lumotnomasi). Ilmiy qarashlar kitobxonlarning zamonaviy tilshunoslik masalalari borasidagi bilimlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
jahonda tanilayotgan o‘zbek substansial tilshunosligi tarixiy ildizlari, tahlil metodlari yuzasidan kelingan xulosalar “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ta’lim va taraqqiyot” eshittirishlarini tayyorlash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 17 apreldagi 02/2-1-70-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirishlarning ilmiyligi ta’minlangan, radiotinglovchilar substansial falsafiy-metodologik tahlil tamoyillari xususida ma’lumotga ega bo‘lishgan.