Shadieva Nilufar Iskandarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Vertikal zonallikda tarqalgan tuproqlarning gumusli holati, gumus moddalarining shakllanish mexanizmini tadqiq etish (Turkiston tog‘ tizmasi misolida)», 03.00.13–Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/V52.
Ilmiy maslahatchi: Toshqo‘ziev Maruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Gulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Urazboev Ismatulla Ummatovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Jabbarov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: tog‘, tog‘ yonbag‘irlarida tarkib topgan asosiy tuproq tip va tipchalarida gumus hosil bo‘lishi, shakllanishida tabiiy va antropogen omillarning ishtirokini tavsiflash hamda ushbu tuproqlardagi gumusning tarkibi, gumus moddalarining ayrim fizik-kimyoviy xossalari va gumusli holatini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Turkiston tog‘ tizmasi qo‘riq va lalmi tuproqlarining gumusli holati, gumus hosil bo‘lishi mexanizmining o‘ziga xos jihatlari isbotlangan;
tog‘ va tog‘ oldi tuproqlarining gumusli holati, fizik-kimyoviy xossalari va karbonatlar tarkibi aniqlangan;
turli iqlim sharoitida shakllangan tuproqlarda biologik faollik davri bilan gumifikatsiya darajasi, gumin kislotalari orasidagi bog‘liqligi isbotlangan;
gumin kislotalarining fizik-kimyoviy xossalari – optik zichligi, koagulyasiya chegarasi hamda gumusning energiya zahirasi aniqlangan;
vertikal zonallikda tarqalgan har bir tuproq tip va tipchalari gumusining guruhiy va fraksiyaviy tarkibi bo‘yicha o‘ziga xos farqlanishlari aniqlangan;
ko‘p yillik tajriba tizimida olib borilgan tadqiqotlar asosida tuproqlarda gumus moddasi shakllanishi va uning yillar bo‘yicha o‘zgarish dinamikasi aniqlangan;
Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy qismi tuproqlarining gumus zahirasi kartasi va gumus tipi kartogrammasi respublika sharoitida ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Vertikal zonallikda tarqalgan tuproqlarning gumusli holati, gumus moddalarining shakllanish mexanizmini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Tuproqlarda gumus hosil bo‘lishi, gumusli holatini yaxshilash bo‘yicha agrotexnologiyalarni qo‘llashga doir amaliy tavsiyalar» Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 29 maydagi 02-05-4252-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalar tog‘ va tog‘ oldi mintaqasi tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, noqulay rel`efli, eroziyalangan hududlar tuproqlaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan;
1:10000 masshtabli ishlab chiqilgan gumus tipi kartogrammasi Jizzax viloyati Baxmal tumanidan tanlab olingan kalit maydonining to‘q tusli bo‘z tuproqlari uchun joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 29 maydagi 02-05-4252-son ma’lumotnomasi). Natijada gumus tipi kartogrammasi ma’lumotlaridan gumus moddasining yig‘ilishi va yo‘qotilishini monitoring qilishda hamda tuproqlar unumdorligini saqlash va oshirish imkonini bergan;
tog‘ va tog‘ oldi tuproqlarining gumus zahirasi kartasi va gumus tipi kartogrammasi ma’lumotlari O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy qilingan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2018 yil 24 maydagi 05/05-1421-son ma’lumotnomasi). Ushbu kartografik ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘g‘ri joylashtirishda, o‘rmonzor, bog‘ va tokzorlarni barpo qilish va ularni parvarishlashdagi agrotexnologik tadbirlar ishlab chiqishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qilgan.