Bozorov Ramazon Shamil o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Yuqori tezlikdagi magistrallarda poezdlar o‘tkazish texnologiyasini takomillashtirish, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T2942.
Ilmiy rahbar: Rasulov Marufdjan Xalikovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.15/31.08.2022.T.73.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xadjimuxametova Matluba Adilovna, texnika fanlari doktori, professor; Maxkamov Nurmuxammad Yangiboevich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi yuqori tezlikdagi magistrallarda poezdlar o‘tkazish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l transporti yuqori tezlikdagi magistrallarida turli toifadagi poezdlarni o‘tkazish texnologiyasiga ta’sir etuvchi omillar harakatlanuvchi tarkib birliklarining turg‘unligini hisobga olgan holda poezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash mezonlari asosida aniqlangan;
turli toifadagi poezdlarning o‘zaro to‘xtashsiz kesishuvi jarayonida vertikal tekislikda yuzaga keladigan aerodinamik bosimni aniqlash usuli ularning konstruktiv xususiyatlari, tezligi, vujudga keladigan turbulent havo oqimi tabiatini hisobga olgan holda superpozisiya prinsipiga asoslanib ishlab chiqilgan;
temir yo‘l uchastkalarida yuqori tezlikdagi yo‘lovchi va yuk poezdlarining o‘zaro kesishuvi jarayonida harakatlanuvchi tarkiblarning turg‘unligini aniqlashning matematik modeli yo‘l plani va profili hamda tabiiy sharoitlar ta’sirini hisobga olgan holda havo oqimlarining aerodinamik bosimi impulsining o‘zgarish qonuniyatlariga asoslanib yaratilgan;
yuqori tezlikdagi magistralning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini hisoblash usuli turli toifadagi poezdlarning to‘xtashsiz kesishuvini tashkil etishning texnologik parametrlarini inobatga olgan holda poezdlar harakatining eksperimental grafiklari tahlili va tortuv hisoblariga asoslanib takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yuqori tezlikdagi magistrallarda poezdlar o‘tkazish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
turli toifadagi poezdlarni o‘tkazish texnologiyasiga ta’sir etuvchi omillarga, shuningdek turbulent havo oqimi tabiatini hisobga olib vertikal tekislikda yuzaga keladigan aerodinamik bosimni aniqlash usuli, harakatlanuvchi tarkiblarning turg‘unligini aniqlashning matematik modeli, yuqori tezlikdagi magistralning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini hisoblash usuli hamda turli toifadagi poezdlarning o‘zaro xavfsiz kesishuvi tezliklari chegarasini belgilash bo‘yicha algoritmlar va dasturiy majmualar ko‘rinishidagi instrumental vositalar “O‘TY” AJning “Tashishlarni tashkil etish” boshqarmasida joriy etilgan (“O‘TY” AJning 2024-yil 23-yanvardagi 07/269-24-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yuqori tezlikdagi yo‘lovchi va yuk poezdlarining to‘xtashsiz kesishuvini tashkil etish texnologiyasini qo‘llashda harakat xavfsizligini ta’minlash shartlarini hisobga olish, qo‘shni yo‘ldagi turli yuk vagonlariga ta’sir etuvchi aerodinamik kuchlar miqdorlarini aniqlash, mavjud texnik jihozlanishda yuqori tezlikdagi yo‘lovchi tashuvlarini rivojlantirish istiqbolini belgilash imkoniyati yaratilgan;
turli toifadagi poezdlarning to‘xtashsiz kesishuvini tashkil etish texnologiyasini qo‘llash bo‘yicha ilmiy asoslangan amaliy tavsiyalar “O‘TY” AJning “Yagona dispetcherlik markazi”da joriy qilinib “Toshkent – Samarqand – Qarshi – Shahrisabz, Toshkent – Samarqand – Buxoro uchastkalarida umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarda yuqori tezlikdagi elektropoezdlariga xizmat ko‘rsatish va o‘tkazishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaga kiritilgan va uning asosida turli toifadagi poezdlarning harakati tashkil etilgan
(“O‘TY” AJning 2024-yil 23-yanvardagi 07/269-24-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yuk poezdlarining oraliq stansiyalarda turish vaqti 19,32% ga, to‘xtab turishlar soni 45,71% ga qisqartirish orqali uchastka tezligini 6,44% ga oshirishga erishilgan, bunda yillik iqtisodiy samaradorlik 957,14 mln. so‘mni tashkil etadi.