Kurbanbaeva Miyassar Shirazadinovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon 
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Angren qo‘ng‘ir ko‘miri kaloriyasini qayta ishlash asosida oshirish”, 05.05.04 – “Sanoat issiqlik energetikasi” (texnika fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/T2892.
Ilmiy rahbar: Babaxodjaev Raximjan Pachexanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Klichev Shavkat Isakovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Shaislamov Alisher Shabduraxmanovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “Issiqlikelektrloyiha” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Angren qo‘ng‘ir ko‘mirining issiqlik berish qobiliyatini ko‘p kamerali mavhum qaynash qatlamli quritish va yonmaydigan zarrachalardan ajratish qurilmasi yordamida oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘mir namligi va kul miqdorining qiymati yuqoriligini hisobga olgan holda namlik va kul miqdorini kamaytirish usullarini baholash asosida mavhum qaynash qatlamli quritish va boyitish qurilmasi yaratilgan; 
mavhum qaynash qatlamli qurilmaga berilayotgan ko‘mirning namligi va qaynash balandligi omillarining o‘zgarishini inobatga olgan holda Runge Kutta usuli asosida mavhum qaynash qatlamining balandligi, quritish agenti harorati hamda quritish vaqtini  aniqlash imkonini beruvchi quritish jarayonining matematik modeli takomillashtirilgan;
mavhum qaynash balandligini hisobga olgan holda gidravlik qarshilikning tezlikka bog‘liqligini aniqlash asosida mavhum qaynash qatlamining statsionar holatini ko‘rsatuvchi gaz oqimining kritik tezliklar oralig‘ining 𝑣kr1 = 4 ÷8 m/s hamda 𝑣kr2 = 6 ÷10 m/s ga tengligi aniqlangan;
mavhum qaynash qatlamli quritish va boyitish qurilmasida namlik va kullilikning bog‘liqlik ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda quritish va boyitish jarayonlarning bir vaqtda sodir bo‘lishi asosida ko‘mirning issiqlik berish qobiliyatini oshirish usuli takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Angren qo‘ng‘ir ko‘mirini mavhum qaynash qatlamli quritish va boyitish orqali issiqlik berish qobiliyatini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mavhum qaynash qatlamli quritish va boyitish qurilmasi yaratilgan va unga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Ixtiro patenti” olingan (Polidispers materiallarni issiqlik bilan ishlov berish va yoqish uchun qurilma IAP № 07280., 2022 y). Natijada, qurilma yordamida qo‘ng‘ir ko‘mir tarkibidagi kul va namlik miqdorining dastlabki qiymatiga nisbatan kamaytirish va shu orqali issiqlik berish qobiliyatini oshirish imkoniyati yaratilgan;
 mavhum qaynash qatlamining statsionar holatini ko‘rsatuvchi gaz oqimining aniqlangan kritik tezliklar oralig‘i “Angren IES” AJ da qurilmaga berilayotgan havo bosimini rostlashda joriy qilingan (“Angren IES” AJ ning 2024 yil 11 yanvardagi № 02-02/47 sonli hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ning 2024 yil 4 maydagi 04-15/819 sonli ma’lumotnomalari). Natijada, stansiyaga keltirilgan ko‘mirni yoqishga tayyorlash jarayonida namlikni 28-30 % dan 8-10 % gacha va kul miqdorini 40-43 % dan 26-28 % gacha kamaytirish orqali yoqilg‘ining issiqlik berish qobiliyatini qo‘shimcha 1000-1700 kkal/kg ga oshirish imkoniyati yaratilgan;
ko‘mirning issiqlik berish qobiliyatini oshirish usuli “Angren IES” AJ da joriy qilingan (“Angren IES”AJ ning 2024 yil 11 yanvardagi № 02-02/47 sonli hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ning 2024 yil 4 maydagi 04-15/819 sonli ma’lumotnomalari). Natijada, quritish va boyitish jarayonlarning bir vaqtda sodir bo‘lishi hisobiga stansiyada 1 kVt·soat elektr energiyasini hosil qilish uchun sarflanadigan shartli yoqilg‘ining miqdori 1,13 kg dan 0,78 kg ga kamaytirish hisobiga 1000 tonna ko‘mir yoqilganda 43 750 000 so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish