Saydulloev Axadxon Abdulloevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Voyaga etmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etish: Tojikiston va O‘zbekiston qonunchiligi va amaliyotining qiyosiy tahlili”, 12.00.08. – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Yu959.
Ilmiy rahbar: Xakimov Komil Baxtiyarovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, Ilmiy kengash raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor, Abzalova Xurshida Mirziyatovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti. 
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Tojikiston va O‘zbekiston qonunchiligida voyaga etmaganlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashning huquqiy va ijtimoiy-psixologik asoslarini tashkil etuvchi normalarni, ilmiy va amaliy konseptual yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan mahkumlarning mehnati iloji boricha, ular ixtisosligini hisobga olgan tashkil etilishi lozimligi asoslantirilgan;
mahkumlarni har chorak yakuni bo‘yicha komissiya tomonidan belgilanadigan axloqan tuzalganlik mezonlari sifatida uning mehnatga vijdonan munosabati, mehnat me’yorlariga rioya qilishi, mustaqil ishlash ko‘nikmalarini ongli ravishda rivojlantirishi, o‘rganish va kasb-hunar egallashga qiziqishi inobatga olinishi lozimligi asoslantirilgan;
voyaga etmaganlar o‘rtasida kriminogen zararlanish xavfini kamaytirish uchun ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida profilaktika inspektorlari, raislar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha faollar ishini tashkil etish, ijtimoiy nochor oilalar ahvolini o‘rganish, nazoratsiz qolgan voyaga etmaganlarni aniqlash mexanizmlarining joriy qilinishi asoslantirilgan;
voyaga etmagan mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etishda ular huquqlarini erkin amalga oshirishlariga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy moslashtirishda elektron davlat xizmatlaridan, jumladan, notarial xizmatlardan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratilishi zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Voyaga etmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etishda Tojikiston va O‘zbekiston qonunchiligi va amaliyotining qiyosiy tahlili boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning jinsi, yoshi, sog‘lig‘i, mehnatga layoqati va iloji bo‘lsa, mutaxassisligini hisobga olgan holda mehnatga jalb etish zarurligi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–817-son Qonunining 2-moddasi oltinchi bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qo‘mitasining 2023-yil 20-avgustdagi 08/1-32-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan voyaga etmaganlarni jinsi, yoshi, sog‘lig‘i holati, mehnatga layoqati va mutaxassisligini hisobga olgan holda mehnatga jalb etishga xizmat qilgan;
jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlarni har chorak yakuni bo‘yicha komissiya tomonidan belgilanadigan axloq tuzatish yo‘lida shakllantirish mezonlari sifatida mahkumning mehnatga vijdonan munosabati, belgilangan mehnat me’yorlariga rioya qilishi, mustaqil ishlash ko‘nikmalarini ongli ravishda rivojlantirish, o‘rganish va kasb-hunar egallashga qiziqishi inobatga olinishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–817-son Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksini 971-modda bilan to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qo‘mitasining 2023-yil 20-avgustdagi 08/1-32-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mahkumlarning mehnatga vijdonan munosabatini tuzatish mezonlaridan biri sifatida belgilanishiga xizmat qilgan;
voyaga etmaganlar o‘rtasida kriminogen zararlanish xavfini kamaytirish uchun ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida profilaktika inspektorlari, raislar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha faollar ishini tashkil etish, ijtimoiy nochor oilalar ahvolini o‘rganish, nazoratsiz qolgan voyaga etmaganlarni aniqlashning izchil mexanizmiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 490-son qarori bilan tasdiqlangan Voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari to‘g‘risidagi Nizomning 13-bandini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahliliy va huquqiy ta’minlash departamentining 2023-yil 20-sentyabrdagi 12/1-30-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi voyaga etmaganlarni ijtimoiy himoya qilish darajasini oshirishga, shuningdek voyaga etmaganlar o‘rtasida kriminogen zararlanish xavfini minimallashtirish, voyaga etmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishinining oldini olishga xizmat qilgan;
voyaga etmagan mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etishda ular huquqlarini erkin amalga oshirishlariga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy moslashtirishda mahkumlarga elektron davlat xizmatlaridan, jumladan notarial xizmatlardan foydalanish uchun alohida xona ajratish, ushbu xonalarni veb-kamera va global internet tarmog‘iga ulangan kompyuter texnikasi bilan jihozlash zarurligi to‘g‘risidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022-yil 24-oktyabrdagi 453-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalarining 781-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot departamenti huquqiy ta’minlash boshqarmasining 2023-yil 25-sentyabrdagi 33/01-01/1916-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etishda voyaga etmaganlar huquqlarini erkin amalga oshirishlariga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy moslashtirish, xususan ularning o‘z mol-mulkini tasarruf etish, jazoni ijro etish muassasalarida notarial tasdiqlash orqali bitimlar tuzish bo‘yicha fuqarolik huquqlari to‘liq ta’minlanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish