Azxodjaeva Roza Altinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Sog‘liqni muhofaza qilishga bo‘lgan huquq sohasida JSTning xalqaro standartlari: xalqaro huquq va milliy qonunchilikning o‘zaro munosabati”, 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Yu88.
Ilmiy rahbar: Saidov Akmal Xolmatovich, akademik, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/03.06.2023.Yu.22.04.
Rasmiy opponentlar: Toshev Boboqul Norkobilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Umaraxunov Irkin Mirzaxidovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xakimov Ravshan Tulkunovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi JST kelishuvlariga muvofiq sog‘liqni saqlash huquqini ta’minlash masalalarini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro huquqiy va milliy normalarni tahlil qilish asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Har kim sog‘lig‘ini muhofaza qilish va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lib, sog‘liqga bo‘lgan huquq – tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar, xavfsiz ichimlik suvi, xavfsiz oziq-ovqat, tibbiyot sohasidagi ta’lim va ma’lumotlar, ayniqsa onlayn tizimlar orqali  va sanitariya sharoitlarini yaratishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatlar va milliy qonunchilikda mustahkamlangan huquq va erkinliklar yig‘indisidir” degan mualliflik ta’rifi ishlab chiqilgan;
barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda milliy va mintaqaviy shartlarni hisobga olgan holda, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va sifatli ovqatlanishni yaxshilash maqsadida a’zo davlatlar va barcha manfaatdor taraflarni kompleks, muvozanatlashgan va yaxlit yondashuvlarni qo‘llashga, tarmoqlararo manfaatdor taraflarni jalb qilishga asoslangan barqaror oziq-ovqat xavfsizligi tizimlarini yaratishning yangi mexanizmi ishlab chiqilgan;
sog‘liqni saqlash tizimida jismoniy va ruhiy salomatlikning eng yuqori darajasini ta’minlash, belgilangan qamrovga erishish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimining barqarorligini mustahkamlash huquqiy choralarini ko‘rish, inson huquqlari sohasida sog‘liqni saqlashga bo‘lgan xalqaro kelishilgan maqsadlarga erishish zarurati asoslantirilgan;
energetik ichimliklar o‘z tarkibida 150 mg/l dan ortiq miqdorda kofein va insonga tetiklashtiruvchi ta’sir ko‘rsatish uchun etarli miqdordagi boshqa kompanentlarni o‘z ichiga olganligi sababli mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun belgilangan hududlarda energetik mahsulotlari savdosida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy asosni yaratish zarurati asoslantirilgan;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash normalari va qoidalarining bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
sog‘liqni muhofaza qilishning va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishning huquqiy asoslari, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish hamda jismoniy madaniyat va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish zaruratiga oid takliflar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasi 1, 3, 5-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari bo‘yicha qo‘mitasining 2023 yil 16 sentyabrdagi 04/7-12-63-sonli dalolatnomasi). Ushbu takliflarning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi aholisining salomatlikka bo‘lgan huquqini ta’minlashga, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarining rivojlanishiga zamin yaratgan;
etarli oziq-ovqatga ega bo‘lish huquqiga muvofiq etarli miqdorda xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlanishni kuchaytirishga taalluqli xalqaro-huquqiy asoslarni yaratishga oid taklif BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 17 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligining rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish” 76/222-son rezolyusiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasining 2022 yil 2 martdagi 035/227-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish masalalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan;
har bir insonning jismoniy va ruhiy salomatlikning eng yuqori va erishish mumkin bo‘lgan darajasiga bo‘lgan huquqini ta’minlashga oid taklif BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2020 yil 19 dekabrdagi “Ruhiy salomatlik va inson huquqlari” 43/13-son rezolyusiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasining 2022 yil 2 martdagi 035/227-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi inson salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vazifalarga erishishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan;
davlat hokimiyati idoralari tomonidan energetik mahsulotlarni sotish maqsadlari uchun ajratilgan joylarda savdo qilishda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yaratish zarurati to‘g‘risidagi taklif 2019 yil 9 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat tartibini ta’minlashning mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi ba’zi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zRQ-514-son Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘ligini saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasining 2021 yil 2 iyuldagi 05/3-11-59-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi energetik mahsulotlar savdosida voyaga etmaganlar manfaatlarini himoya qilishga zamin yaratgan;
oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha norma va qoidalarni bajarish ustidan fuqarolar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha huquqiy asoslarni ishlab chiqishning zaruratiga oid takliflar 2019 yil 29 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi ba’zi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zRQ-559-son Qonunining 2-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘ligini saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasining 2021 yil 2 iyuldagi 05/3-11-59-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi fuqarolar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha norma va qoidalarni bajarish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha masʼuliyatini oshirishga xizmat qilgan;
Jahon savdo tashkiloti va unga a’zo davlatlarning ko‘p tomonlama savdo tizimi faoliyatiga samarali yordam berish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi faoliyati barqarorligini qo‘llab-quvvatlash va xar bir insonning etarli darajada ovqatlanish va ustuvor huquqi bo‘lmish ochlikdan ozod bo‘lish huquqiga muvofiq oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi xalqaro huquqiy hamkorlik oid taklifi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 17 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligining rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish” 76/222-son rezolyusiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasining 2022 yil 2 martdagi 035/227-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi xalqaro maydonda Jaxon savdo tashkiloti va davlatlar o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish