Karimov Jamshid Ochilovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa
doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kam tarqalgan pekin karami (Brassica rapa subsp. pekinensis. L) ning serhosil yangi navini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Qx959.
Ilmiy rahbar: Xurramov Ulug‘bek Xolmamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/30.09.2022.Qx.152.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: Pekin karamining “Billur” navi (№ NAP 00408).
II. Tadqiqotning maqsadi: Karamguldoshlar oilasiga mansub bo‘lgan pekin karami (Brassica rapa subsp. pekinensis. L) ning jahon kolleksiyasidan foydalangan holda respublikamiz tuproq-iqlim sharoitiga mos, qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega, serhosil, ertapishar pekin karamining yangi navini yaratish, urug‘chiligini o‘rganish va maqbul ertagi ekish muddatlarini aniqlash hamda ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ilk bor ertagi muddatlarda pekin karamining 42 ta nav namunalarining morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgilar majmui bo‘yicha o‘rganilgan va olingan natijalar tahlil etilib, ma’lumotlar asosida axborot bazasi yaratilgan;
geografik kelib chiqishi turlicha bo‘lgan pekin karamini nav namunalarining ertagi muddatlarda ertapisharligi, hosildorligi, ayrim tashqi muhit (sovuq, issiq va qisqa kun ekin) omillariga bardoshliligi bo‘yicha boshlang‘ich manbalar ajratib olingan;
pekin karamining ertapishar, serhosil, shifobaxsh, turli muddatlarda ochiq va himoyalangan erlarda etishtirishga mos “Billur” (NAP 00408) navi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patent olingan;
yangi yaratilgan pekin karamining “Billur” navi nazorat naviga nisbatan o‘suv davri 7 kunga qisqaligi, umumiy hosildorlik ko‘rsatkichlari 15,5 t/ga, tovarbop hosil miqdori 8,1 % ga yuqoriligi aniqlangan;
yuqori va sifatli hosil olish uchun ushbu ekinni erta bahorgi mavsumda vaqtinchalik plyonka ostida va 4 ta ekish muddatlarda ekib o‘rganilib, pekin karamining yangi “Billur” navini ertagi bahorda vaqtinchalik plyonka ostida ekishning maqbul muddati fevral oyining birinchi o‘n kunligida ekish maqsadga muvofiqligi aniqlangan;
yangi yaratilgan “Billur” navining biokimyoviy tarkibi o‘rganilgan va organoleptik ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholangan;
yangi yaratilgan Billur navining o‘sishi, rivojlanishi hamda asosiy qimmatli-xo‘jalik belgilari tahlil qilingan va navdorligi yuqori original urug‘lari ko‘paytirilgan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Pekin karamining jahon genofondini kompleks o‘rganish asosida morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega navlarni yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
pekin karamining hosildorligi yuqori va erta bahorda vaqtinchalik plyonka ostida etishtirishga mos, gul poya chiqishiga moyilligi nisbatan kam bo‘lgan yangi “Billur” navi yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘i sifatida patent (NAP 00408) olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 22-noyabrdagi №07/33-04/8665-son ma’lumotnomasi). Ushbu nav 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reestriga kiritilgan.;
pekin karamining “Billur” navi Toshkent viloyatining Qibray tumanida 0,75 gektar, Samarqand viloyatining Urgut tumanida 0,45 gektar jami 1,2 gektar maydonlarga ertagi va takroriy muddatlarda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022-yil 22-noyabrdagi №07/33-04/8665-son ma’lumotnomasi). Natijada gektaridan o‘rtacha 37,3 tonna hosil olinib, 35,4 mln so‘m sof daromad olishga erishilgan. Shuningdek, pekin karamining tavsiya etilgan yangi “Billur” navidan foydalanish natijasida fermer xo‘jaliklari tomonidan etishtirilayotgan Davlat reestriga kiritilgan “Xibinskaya” naviga nisbatan hosildorlik 25,8% ga ortgan.