Kamalova Dildora Gayratovnaning

falsafa doktori (PhD)  dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishning xususiyatlari va uning uchun javobgarlikni takomillashtirish», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Yu15.

Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.27.06.2017.Yu.22.01.

Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor;  Turg‘unboev Elbekjon Odiljonovich, yuridik fanlar nomzodi.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishni tahlil qilish asosida aniqlangan muammolarning echimini topish va qonunni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

eng ko‘p jazo deganda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida (moddaning qismida) nazarda tutilgan har qanday jazo turining eng yuqori muddati yoki miqdori tushunilishi lozimligi asoslangan;

javobgarlikning muqarrarlik prinsipi har doim ham jazo qo‘llanilishi shartligini anglatmasligi, sudlar, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, etkazilgan ziyonni qoplagan shaxslarni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishlari lozimligi asoslangan;

ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, shuningdek sudlanuvchining shaxsini inobatga olgan holda — ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan, agar bunday shaxslarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni bo‘lmasa, qo‘llanilishi asoslangan;

ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi uzil-kesil jazo muddati yigirma besh yildan, voyaga etmaganlarga — o‘n besh yildan, oltmish yoshdan oshgan erkaklar hamda ayollarga nisbatan esa — o‘n uch yil to‘rt oydan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishning xususiyatlari va uning uchun javobgarlikni takomillashtirish tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun mazkur jinoyat uchun qonunda nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi, bunda eng ko‘p jazo deganda, JK Maxsus qismining tegishli moddasida (moddaning qismida) nazarda tutilgan har qanday jazo turining eng yuqori muddati yoki miqdori tushunilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi qarorining 11-bandiga o‘zgartirish kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 yil 31 oktyabrdagi 04/PL-46-16-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinganligi qonunlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik va jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun adolatli jazo tayinlanishiga ko‘maklashgan;

javobgarlikning muqarrarlik prinsipi har doim ham jazo qo‘llanilishi shartligini anglatmasligi, shu tufayli sudlar, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, etkazilgan ziyonni qoplagan shaxslarni JK 65, 66, 70, 71-moddalariga muvofiq javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishlari lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi qarorining 2-bandiga qo‘shimcha kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 yil 31 oktyabrdagi 04/PL-46-16-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif jinoyat sodir etgan shaxslarni jazo qo‘llamasdan turib ham tarbiyalashga xizmat qilgan;

ozodlikdan mahrum qilish jazo tariqasida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, shuningdek sudlanuvchining shaxsini inobatga olgan holda — ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan, agar bunday shaxslarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni bo‘lmagan holatda qo‘llanilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi qarorining 26-bandiga qo‘shimcha kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 yil 31 oktyabrdagi 04/PL-46-16-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarning jinoiy javobgarligini differensiatsiya qilish, jazo tayinlashni individuallashtirishga xizmat qilgan;

ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi uzil-kesil jazo muddati yigirma besh yildan, voyaga etmaganlarga — o‘n besh yildan, oltmish yoshdan oshgan erkaklar hamda ayollarga nisbatan esa — o‘n uch yil to‘rt oydan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risidagi qarorining 55-bandiga qo‘shimcha kiritilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 yil 31 oktyabrdagi 04/PL-46-16-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik va jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun tayinlanishi mumkin bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining muddatini chegaralashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish