Tuxtasinova Mahliyoxon Shavkatjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “L.Z.Budagovning “Turk-tatar tillarining qiyosiy lug‘ati”da eski o‘zbekcha qatlamning izohlanish prinsiplari”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Fil2028.
Ilmiy rahbar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 (bir martalik ilmiy kengash).
Rasmiy opponentlar: O‘razboev Abdulla Durdiboevich, filologiya fanlari doktori; Xusanov Nishonboy Abdusattarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va foklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi L.Budagov tomonidan tuzilgan “Turk-tatar tillarining qiyosiy lug‘ati”ning o‘zbek lug‘atshunosligi tarixi va takomilidagi o‘rni hamda lug‘at tuzilishi va unda aks etgan eski o‘zbek(chig‘atoy)cha so‘zlarni statistik, leksik-semantik va mavzuiy guruhlar nuqtayi nazardan baholash, lug‘atdagi eski o‘zbekcha so‘zlarning izohlanish prinsiplarini aniqlash hamda lug‘atda izohlangan eski o‘zbekcha (chig‘atoycha) so‘zlarning qarindosh turkiy tillarda voqelanishini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Turk-tatar tillarining qiyosiy lug‘ati” asosida manbalarning o‘zbek lug‘atshunosligi taraqqiyotidagi o‘rni hamda izohlangan eski o‘zbekcha so‘zlar XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi o‘z qatlamning boyligi, ma’no doirasining kengligini belgilashda qimmatli material ekanligi aniqlanib, o‘zbek tilshunosligi, lug‘atshunosligi, manbashunosligi taraqqiyoti, ayniqsa, eski o‘zbek adabiy tili manbalarida qo‘llanilgan leksik birliklar ma’nosini izohlashda muhim ahamiyatga molik ekanligi aniqlangan;
o‘zbek lug‘atshunosligi tarixida yaratilgan mumtoz lug‘atlarga qiyoslash orqali  L.Budagov lug‘atining o‘ziga xos leksikografik xususiyatlari ochib berilib, turkiy tillar, chunonchi, o‘zbek tili tarixi, leksikologiyasi va leksikografiyasi, shuningdek, etimologiyasi masalalariga oid nazariy qarashlarni ma’lum darajada to‘ldirishi asoslangan hamda lug‘atda mavjud eski o‘zbekcha so‘zlarning mavzuiy guruhlari aniqlangan;
“Turk-tatar tillarining qiyosiy lug‘ati” yaratilgan boshqa lug‘atlardan farqli o‘laroq ko‘p tilliligi, so‘z ma’nolarining ensiklopedik izohlanishida muayyan qardosh turkiy tilda yozilgan badiiy ijod namunalaridan ashyoviy materiallar keltirishi, muqobillar va sinonimlar yordamida izohlanishi asoslangan;
lug‘atdagi eski o‘zbek(chig‘atoy)cha so‘zlarning qo‘llanishi, ular tarkibida yuz bergan fonetik o‘zgarishlar, qardosh xalqlar tillari, adabiyoti, madaniyati aro mushtarak hamda o‘ziga xos jihatlarni ilmiy dalillar orqali aniqlangan, o‘zbek tili lug‘at boyligining tarixiy taraqqiyoti asoslanib, lug‘at matnining eski o‘zbek va lotin yozuvidagi elektron variantlari tayyorlangan hamda eski o‘zbekcha so‘zlarning transkripsiyasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. L.Budagovning “Turk-tatar tillarining qiyosiy lug‘ati”da eski o‘zbekcha qatlamning izohlanish prinsiplari tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
lug‘atshunoslik an’analari, lug‘at maqolati, so‘zlikning berilish usullari, tarixiy manbalar leksikasi, etimologiyasi kabi o‘zbek leksikografiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2019-2022-yillarda bajarilgan A-OT-2019-10 raqamli “O‘zbek tilida neyming: me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi  amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 9-sentyabrdagi 01/10-1899-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbek tilida neyming: me’yoriy-huquqiy asoslari o‘zbek leksikografiyasiga oid terminlar bilan boyitilgan, keltirilgan izohlar mukammallashgan;
lug‘atshunoslikka oid lug‘at strukturasi, so‘zlik, ekvivalentlik, leksika, tarjima lug‘atlar singari tushunchalarga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan F3-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi  amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 9-sentyabrdagi 01/10-1900-son ma’lumotnomasi). Natijada elektron platformada qo‘llanilgan atamalar izohining ilmiyligi hamda mukammalligiga erishilgan;
mavjud ilmiy-nazariy qarashlar, lug‘atshunoslik, turkiy tillar rivojlanishida eski o‘zbek tilining o‘rni, turkologiyada lug‘atnavislikning rivoji, qadimiy qo‘lyozma asarlarni o‘qish, o‘rganishda tarixiy lug‘atlarning ahamiyatiga oid ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Uchinchi Renessans” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2023-yil 13-sentyabrdagi 06-28-1387-son ma’lumotnomasi). Natijada L.Budagov lug‘atining mazmun-mohiyatini ochib berish hamda ommaga yetkazishga xizmat qilgan, ko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammalashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish