Xolmurodov Abdulxamid Erkinovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘ovak-elastik muhitda bir o‘lchovli nochiziqli to‘g‘ri, teskari dinamik masalalarni  modellashtirish va tadqiq qilish», 05.01.07–Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (fizika-matematika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/FM117.

Ilmiy maslahatchi: Imomnazarov Xolmatjon Xudoynazarovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM.01.02.

Rasmiy opponentlar: Urev Mixail Vadimovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Xo‘jayorov Baxtiyor Xo‘jayorovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Xujaev Ismatulla Kushaevich,texnika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi  Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: g‘ovak muhitda energiya dissipatsiyasini hisobga olgan holda nochiziqli to‘lqin jarayonlarining matematik modellarini takomillashtirish hamda bir o‘lchovli nochiziqli to‘g‘ri va teskari dinamik macalalarning korrektligini asoslashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

nochiziqli ko‘ndalang to‘lqinlarning tarqalishini tavsiflovchi termodinamik mutanosib matematik model energiya dissipatsiyasini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;

matematik modellar uchun to‘g‘ri va teskari dinamik masalalarning klassik echimining lokal mavjudligi haqidagi teoremalar isbotlangan;

bir o‘lchamli teskari dinamik (shu jumladan nochiziqli) masalalarning shartli turg‘unligi bahosi olingan;

to‘g‘ri dinamik masala operatorining Freshe ma’nosida differensiallanuvchi ekanligi isbotlangan;

ko‘ndalang to‘lqin tenglamalarining singulyar echimlari qurilgan;

ko‘ndalang to‘lqin tenglamalari uchun teskari dinamik masalalarni ikkinchi tur nochiziqli Vol`terra integral tenglamalar sistemasiga keltirilgan;

teskari dinamik masalalar echimining yagonaligi va «kichik sohada» mavjudligi haqidagi teoremalar hamda teskari dinamik masalalar echimlarining boshlang‘ich ma’lumotlarga uzluksiz bog‘liqligi isbotlangan;

ko‘ndalang to‘lqinlar tarqalishi tenglamalari uchun to‘g‘ri va teskari masalalarni sonli hisoblash sxemalari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

G‘ovak-elastik muhit harakatining energiya dissipatsiyasi hisobga olingan modeli hamda bir o‘lchovli nochiziqli to‘g‘ri va teskari dinamik masalalarga oid olingan ilmiy natijalar asosida:

suyuqlik bilan to‘ldirilgan g‘ovak-elastik muhit harakatining nochiziqli matematik modeli 1.3.1.3 raqamli «Metodi sozdaniya, issledovaniya i identifikatsii matematicheskix modeley o Zemli» grant loyihasida to‘g‘ri va teskari masalalarni echishda foydalanilgan (Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir bo‘limi Hisoblash matematikasi va matematik geofizika institutining 2018 yil 14 fevraldagi 15301/12-01-31-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi elastik karkas siljish modulini, suyuqlik va karkas  zichliklarini, ishqalanish koeffisientining chuqurlik bo‘yicha o‘zgarish  qonunlarini aniqlash imkonini bergan;

g‘ovak-elastik muhit harakatining termodinamik mutanosib nochiziqli  matematik modeli 0115RK00542 raqamli «Matematicheskoe modelirovanie volnovoy dinamiki mnogofaznix sred s uchetom dissipatsii energii (pryamie i obratnie zadachi)» grant loyihasida bir o‘lchovli nochiziqli to‘g‘ri va teskari masalalarni echishda foydalanilgan (Abay nomidagi Qozog‘iston Milliy pedagogika universiteti huzuridagi Matematika, fizika va informatika ITIning 2018 yil 24 maydagi 01-01-56-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi suyuqlik bilan to‘ldirilgan g‘ovak muhitlarda nochiziqli to‘lqin tarqalishining muhim xususiyatlarini tadqiq etish imkonini bergan;

g‘ovak-elastik muhit harakatining nochiziqli  matematik modeli dala va seymoqidiruv ma’lumotlarini qayta ishlash jarayonini takomillashtirishda foydalanilgan («O‘ZBURG‘UNEFTGAZ» aksionerlik jamiyatining 2018 yil 23 fevraldagi  04/BO-188-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi neft` va gaz sohasida seysmoqidiruv ma’lumotlarini qayta ishlash jarayoybning samaradorligini va sifatini oshirish imkonini bergan;

g‘ovak-elastik muhit harakatining nochiziqli matematik modeli murakkab geologik sharoitlarda chuqur joylashgan litolog-stratigrafik komplekslar va noan’anaviy «qopqonlar»ning vaqt bo‘yicha kesimlarini yaxshilashda foydalanilgan («O‘ZBEKGEOFIZIKA» aksionerlik jamiyatining  2018 yil 7 maydagi 16-925-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi seysmoqidiruv ma’lumotlarini qayta ishlash dasturlarini  takomillashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish