Xolov Uyg‘un Raufovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Avtonom fotoelektrik qurilmalarning energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish va energiya yo‘qotishlarni tajribada aniqlash”, 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1640
Ilmiy rahbar: Tursunov Muxamad Nishanovich, texnika fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat koʼrsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mirzaev Shavkat Mustaqimovich, texnika fanlari doktori, professor; Payzullaxanov Muxammade-Sultanxon Saydivalixonovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi avtonom iste’molchilarni ishonchli elektr energiya va issiq suv bilan ta’minlashda fotoelektrik batareya asosidagi fotoissiqlik batareyasini takomillashtirish, energetik va texnik-iqtisodiy samaradorligini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba markazlashgan energiya ta’minotidan olisda joylashgan qishloq ob’ektlari va fermer xo‘jaliklarini yil davomida uzlyuksiz va sifatli elektr energiya hamda issiq suv bilan ta’minlash imkonini beradigan avtonom va ko‘chma polikarbonat kollektorli va to‘la issiqlik kontaktli fotoissiqlik qurilmasi ishlab chiqilgan (SAP 02301);
ilk marotaba avtonom fotoissiqlik stansiyalardagi batareyalar frontal yuzasini tungi changlanishdan himoyalovchi va kunduzgi rejimda quyosh nurlanish oqim zichligining ortishini ta’minlovchi reflektorli, orqa yuzasi suv bilan sovutiluvchi kristall kremniy asosidagi fotoelektrik batareyalardan iborat takomillashtirilgan ta’minot tizimi ishlab chiqilgan;
oqimning issiqlik uzatish va gidrodinamik tenglamalari asosida suvning sarfi, tashqi havo harorati, quyosh nurlanish oqim zichligi va Reynolds sonining 2300 dan kichik qiymatlarida fotoissiqlik batareyasi frontal yuzasi haroratining oʻzgarishini hisoblash imkonini beradigan matematik model ishlab chiqilgan;
fotoissiqlik va fotoelektrik batareyalaridan avtonom foydalanishda tashqi havo haroratining oʻzgarishiga bog‘liq qisqa tutashuv toki va salt yurish kuchlanishini hamda avtonom fotoissiqlik qurilmalarida energiya yo’qotilishlarni hisobga olgan holda energiya samaradorligini aniqlash metodikasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
fotoissiqlik qurilmalardan avtonom foydalanish, ishlash samaradorligini oshirish va takomillashgan tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish va joriy qilishda olingan ilmiy natijalar asosida:
kichik quvvatli koʻchma fotoissiqlik qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligidan sanoat namunasiga patent olingan (№ SAP 02301; 2022-yil). Natijada, markazlashgan energiya ta’minotidan uzoqda joylashgan avtonom iste’molchilar elektr energiya va issiq suv ishlab chiquvchi qurilma bilan ta’minlangan. Mazkur qurilmani amaliyotga qoʻllash natijasida yillik oʻrtacha 43 % quvvat samaradorligiga erishilgan;
avtonom fotoelektrik stansiyalarda takomillashtirilgan fotoissiqlik batareyasi “SOLAR NATURE” MChJ da joriy etilgan (“Uzeltexsanoat” uyushmasining 05.06.2023-yildagi 04-3/699 sonli ma’lumotnomasi). Olib borilgan tadqiqotlar natijasida fotoissiqlik batareyalarning energiya samaradorligini an’anaviy fotoelektrik batareyalarga nisbatan 50% gacha qayta tiklashga va atrof-muhitga chiqariladigan zaharli chiqindilar miqdorini esa 90% gacha kamaytirishga erishilgan.