Serkaev Qamar Pardaevichning

dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patentlari asosida

fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtissoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Paxta chigitini kompleks qayta ishlash va chiqindilardan samarali foydalanishning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish», 02.00.17–Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash va qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T23.

Ilmiy maslahatchi: Salixov Shavkat Ismailovich, biologiya fanlari doktori, professor, akademik.

Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01.

“Engil rafinatsiyalanadigan paxta moyini va tarkibida gossipol miqdori kam bo‘lgan shrotni olish usuli”ga berilgan ixtiro patentiga (№IAP 03125-2006 y.) O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 05 apreldagi 02-11/793-son xulosasi.

“Paxta moyini oqlash usuli”ga berilgan ixtiro patentiga (№IAP 03176-2006 y.) O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 05 apreldagi 02-11/794-son xulosasi.

“O‘simlik moylarini rafinatsiyalash usuli”ga berilgan ixtiro patentiga (№IAP 03393-2007 y.) O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 05 apreldagi 02-11/795-son xulosasi.

II. Tadqiqotning maqsadipaxta chigitini tayyorlash, moy ajratish va rafinatsiyalash texnologik jarayonlarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

paxta chigiti yanchilmasini qovurishdan oldin tarkibida 10% karbamid va 1,0–1,5% natriy silikatini  saqlovchi «Silikat-karbamidli eritma» bilan ishlov berib, erkin yog‘ kislotalari, rang beruvchi moddalar va gossipolni samarali bog‘lashga qaratilgan yangi usuli ishlab chiqilgan (№IAP 03125);

paxta chigiti yanchilmasiga silikat-karbamidli ishlov berish jarayonida rafinatsiyalanmagan paxta moyining kislota va rang sonini 25–40% gacha pasayishiga olib keluvchi omillar aniqlangan (№IAP 03125);

ajratib olinadigan paxta moyi va shrot tarkibiga o‘tadigan erkin gossipolning miqdorini 0,01% gacha kamayishida karbamid va natriy silikati eritmasini yanchilmaning mag‘iz qismidagi moddalarga ta’siri asosida gossipolni maksimal bog‘lanishi uchun kerakli optimal sharoitlar aniqlangan (№IAP 03125);

rafinatsiya jarayoni chiqindisi soapstokni koagulyasiyasi uchun beriladigan suv o‘rniga moy massasiga nisbatan 0,125% natriy ishqori va 0,2% karbamid saqlovchi eritma bilan ikki bosqichda suvlash usuli ishlab chiqilgan (№IAP 03393);

o‘simlik moylarini rafinatsiyalash jarayonida moy tarkibidagi fosfatidlar va boshqa hamroh moddalarning ishqor-karbamidli eritma muhitida gidrofil holatga o‘tib, ularning faolligi oshishi aniqlangan (№IAP 03393);

o‘simlik moylarini rafinatsiyalash jarayonida soapstokni ishqor-karbamidli eritma bilan suvlash jarayonining optimal sharoitlari ishlab chiqilgan (IAP 03393). 

moyga oqlovchi tuproq bilan ishlov berishdan oldin 15 daq. davomida moy massasiga nisbatan 0,25–1,0 kg/t miqdorida 200 g/l konsentratsiyali ishqor eritmasi bilan ishlov berish usuli ishlab chiqilgan (№IAP 03176);

yuqori kislotali moylarni rafinatsiyalash jarayonida olingan, rang ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan moylarni oqartirishda rang beruvchi moddalarni o‘zida yutuvchi sorbsion markazlarni hosil qilish maqsadida moyga beriladigan ishqor miqdori, ishlov berish vaqti, harorati hamda adsorbentni maydalanish darajasining optimal parametrlari ishlab chiqilgan (№IAP 03176);

moyni oqlashdan oldin 0,25–1,0% gacha qo‘shiladigan ishqor eritmasi sirt-faol zarrachalarni hosil qilishi va keyinchalik beriladigan 0,5–1,5% gacha oqlovchi tuproqning makrog‘ovaklariga o‘rnashishi natijasida mikrog‘ovaklar hosil bo‘lishi va tuproqning rang beruvchi moddalarning yutish qobiliyatini 60% gacha yaxshilashi aniqlangan (№IAP 03176);

paxta chigitini tayyorlash, moy olish va rafinatsiyalash texnologik jarayonlari takomillashtirilgan (№IAP 03125, №IAP 03393, №IAP 03176).

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Paxta chigitini kompleks qayta ishlash va chiqindilardan samarali foydalanishning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

yaratilgan engil rafinatsiyalanadigan paxta moyini va tarkibida gossipol miqdori kam bo‘lgan shrot olish usulining texnologik jarayoni «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 20 ta yog‘-moy korxonasida amaliyotga joriy etilgan («O‘zpaxtayog‘»  AJning 2018 yil 2 maydagi MS/2-1117-son ma’lumotnomasi). Natijada paxta moyining rang sonini 20% gacha, kislota sonini 30% gacha va paxta shroti tarkibidagi erkin gossipol miqdorini 0,009% gacha kamaytirish imkonini bergan;

yaratilgan texnologiya bo‘yicha olinadigan kam gossipolli paxta kunjarasiga Texnikaviy shartlar «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan (TSh 64-22395588-01:2011). Natijada kam gossipolli paxta kunjarasini ishlab chiqarish imkonini bergan;

yaratilgan texnologiya bo‘yicha olinadigan kam gossipolli paxta shrotiga Texnikaviy shartlar (TSh 40.08-027:2013) va Davlat standarti (OʻzDSt 3098:2016) «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlangan. Natijada kam gossipolli paxta shrotini ishlab chiqarish imkonini bergan;

o‘simlik moylarini rafinatsiyalash usuli asosidagi soapstokni ikki bosqichli suvlash bilan rafinatsiyalash texnologiyasi «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 7 ta yog‘-moy korxonasida amaliyotga joriy etilgan («O‘zpaxtayog‘» AJning 2018 yil 2 maydagi MS/2-1117-son ma’lumotnomasi). Natijada rafinatsiyalangan paxta moyi miqdorini oshirish va soapstokning yog‘dorligini 10% gacha kamaytirish imkonini bergan;

paxta moyi soapstogini ikki bosqichli suvlash usuli bilan rafinatsiyalash jarayoniga texnologik reglament «Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi»ning 2010 yil 15 martdagi «Mahsulot ishlab chiqarish uchun texnologik reglamentlar to‘g‘risida»gi tartibiga binoan tizimdagi 7 ta yog‘-moy korxonalari tomonidan tasdiqlangan. Natijada unumdorlikni 2,0% ga oshirish va moyni rang sonini 20% gacha kamaytirish imkonini bergan;

rafinatsiyalangan paxta moyini adsorbentlar yordamida oqlash texnologiyasi «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 5 ta korxonada amaliyotga joriy etilgan («O‘zpaxtayog‘» AJning 2018 yil 2 maydagi MS/2-1117-son ma’lumotnomasi). Natijada moyning rang sonini 40% gacha kamaytirish imkonini bergan;

yaratilgan texnologik jarayonlar «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar bilan tuzilgan lisenziya va xo‘jalik shartnomalari asosida sanoatga joriy qilingan («O‘zpaxtayog‘» AJning 2018 yil 2 maydagi MS/2-1117-son ma’lumotnomasi). Natijada 2007-2017 yillar davomida 35,9 mlrd. so‘mlik iqtisodiy samara olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish