Xakimov Raxim Rasuljonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish», 12.00.02–Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Yu38.
Ilmiy maslahatchi: Muxamedov O‘tkirbek Xazratqulovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Husanov Ozod Tillaboevich, yuridik fanlar doktori, professor; Muxamedjanov Omonulla Zokirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Turg‘unov Ilhom Turg‘unovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Oliy Majlis palatalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish tartibi asoslangan;
davlat hokimiyati tizimida muvozanatni ta’minlashning muhim sharti sifatida parlament nazoratining ob’ekti va sub’ektlari, shakllarini aniq belgilash, parlament nazorati mexanizmlari, uning natijalarini amalga oshirish tartib-taomillari taklif etilgan;
konstitusiyaviy nazorat institutini konstitusiyaviy normalarni qabul qilish va xalqaro shartnomalarni ratifikatsiyasi bo‘yicha dastlabki nazoratni joriy etish orqali rivojlantirish asoslangan;
davlat hokimiyati tizimida muvozanatni ta’minlash zaruratidan kelib chiqib, ijro etuvchi hokimiyat tarmog‘ining norma ijodkorligi vakolatini chegaralash, qonun osti huquqiy tartibga solishni qisqartirish va idoraviy norma ijodkorligidan bosqichma-bosqich voz kechish taklif etilgan;
mahalliy darajada davlat hokimiyati bo‘linishi prinsipini samarali amalga oshirish maqsadida hokimlarning kengashlar oldidagi hisobdorligi mexanizmlari asoslantirilgan, mahalliy kengash deputatlarining to‘rtdan bir qismini doimiy asosda ishlashini joriy etish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Oliy Majlis palatalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini, Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzasini ko‘rib chiqish tartibini belgilashga oid takliflar «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida» (261-modda) va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi qonunlarda (251-modda) o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017 yil 24 martdagi 06/2-06/239-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar hukumatning parlament oldidagi hisobdorligini o‘rnatuvchi konstitusiyaviy normalar mexanizmlarini belgilashga asos bo‘lgan;
parlament nazoratining ob’ekti va sub’ektlari, shakllari, amalga oshirish mexanizmlari, uning natijalarini amalga oshirishga oid takliflar “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunda (3–5, 8–9, 17–18, 21–22-moddalar) o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017 yil 24 martdagi 06/2-06/239-son va 2018 yil 4 iyundagi 06/2-06/403-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar milliy parlamentning huquqiy maqomini mustahkamlashga, uning nazorat funksiyalarini kengaytirishga xizmat qilgan;
konstitusiyaviy nazoratni mustahkamlash, sudlarga muayyan qonunning konstitusiyaviyligi bo‘yicha Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish huquqini berish, ushbu sudga O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar konstitusiyaviy qonunlar, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining Konstitusiyaga muvofiqligini aniqlash vakolatini berishga oid takliflar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitusiyaviy qonunda (4-modda) o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 4 iyundagi 06/2-06/403-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar sud hokimiyati va parlament o‘rtasida muvozanatni ta’minlash mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
qonunlarni qabul qilish bo‘yicha yuridik texnika talablarini qayta ko‘rib chiqish, qonun ijodkorligi jarayoniga qonunlarni baholash tizimini kiritish, qonun osti huquqiy tartibga solishni qisqartirish, idoraviy norma ijodkorligidan bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishini ta’minlash yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi R-5239-son Farmoyishida (3-band) o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018 yil 4 iyundagi 06/2-06/403-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida norma ijodkorligi sohasida vakolatlarning muvozanatini ta’minlashga xizmat qilgan;
vazirlik va idoralarni tuzishda Vazirlar Mahkamasining tashabbusini amalga oshirish, hukumatning Oliy Majlis oldidagi, hokimlarning mahalliy kengashlar oldidagi hisobdorligi mexanizmlarini belgilash to‘g‘risidagi takliflardan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” (27–28-moddalar), “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi (251-modda) O‘zbekiston Respblikasi qonunlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017 yil 24 martdagi 06/2-06/239-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar davlat hokimiyati bo‘linishi prinsipini ham respublika, ham mahalliy darajada ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qilgan.