Azizov Nig‘monjon Pardaevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XX asrning birinchi choragida Turkiston siyosiy partiyalari dasturlarida davlat va huquq masalalari», 12.00.01–Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Yu1.

Ilmiy maslahatchi: Toshqulov Jo‘ravoy O‘rinboevich, yuridik fanlar doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.

Rasmiy opponentlar: Muxiddinova Feruza Abdujabbarovna, yuridik fanlar doktori, professor; Mamatov Xudoyor Teshaevich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Turg‘unov Ilhom Turg‘unovich, yuridik fanlar doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: XX asr boshlarida Turkistondagi siyosiy partiyalar dasturlarida ifodalangan davlat va huquq masalalarini huquqshunoslik nuqtai nazaridan kompleks qiyosiy-huquqiy tahlili asosida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

XX asrning birinchi choragida Turkiston o‘lkasida faoliyat ko‘rsatgan partiyalarning tarixiy, siyosiy, huquqiy tajribasi mustaqil O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, jamiyatda ko‘ppartiyaviylik tizimini shakllantirishga, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga xizmat qilishi asoslangan;

sotsial-demokratlar (bol`sheviklar) partiyasi tomonidan Turkiston o‘lkasida ko‘ppartiyaviylik tizimiga barham berilib, zo‘ravonlik bilan alohida guruh, sinf va tabaqalar manfaatlariga xizmat qiluvchi yakkapartiya hokimiyatining o‘rnatilganligi, ijtimoiy hayotning izdan chiqishiga, inson huquq va erkinliklari qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelganligi siyosiy-huquqiy jihatdan isbotlanib, milliy qonunchilikda jamiyatni murosasiz sinf va tabaqalarga bo‘linishini targ‘ib qiluvchi partiyalarning vujudga kelishi va faoliyat ko‘rsatishini taqiqlovchi normalar kiritish lozimligi asoslangan;

hokimiyat uchun kurash va uni qo‘lga kiritish Turkiston o‘lkasi siyosiy partiyalari faoliyatining asosiy mazmunini tashkil etishi isbotlanib, siyosiy partiyalarning davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtiroki, saylovchilarning talab va takliflarining saylovoldi dasturlarida ifodalanishi, dasturiy g‘oyalarining hayotga tatbiq etilishi xalq hokimiyatchiligi prinsiplarining to‘liq ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘lishi asoslangan;

Turkiston o‘lkasida XX asrning birinchi choragida faoliyat olib borgan partiyalarning vujudga kelishi va tadrijiy rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rsatilgan, o‘lkada ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi, partiyalarning maqsadi, unga erishish strategiyasi va taktikasi, ijtimoiy bazasi (elektorati) nuqtai nazaridan tasniflangan, umumrossiya va mahalliy partiyalarning dasturiy g‘oyalariga tub joy aholi vakillari munosabati qiyosiy tahlil qilingan va baho berilgan;

XX asrning birinchi choragida siyosiy partiyalarning tashkil etilishi va faoliyatida Turkiston o‘lkasi keng xalq ommasining faol ishtiroki siyosiy-huquqiy jihatdan ko‘rsatilib, jamiyatda siyosiy partiyalarning elektoratini, sog‘lom siyosiy raqobat muhitini shakllantirish, aholi keng qatlamlari siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ko‘ppartiyaviylik tizimining qaror topishi uchun zarur omil bo‘lishi isbotlangan;

Turkiston o‘lkasida faoliyat ko‘rsatgan mahalliy siyosiy partiyalar dasturlarida xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, davlat mustaqilligi va uni ta’minlashning tashkiliy-huquqiy choralari to‘g‘risidagi g‘oyalar mujassam ifodalanib, hayotga tatbiq etishga intilgani, Turkiston Muxtoriyati – mustaqil davlat sifatida siyosiy partiyalar faoliyatining amaliy natijasi ekanligi, siyosiy partiyalar yetakchilari shu yo‘lda shahid bo‘lgani asoslangan;

XX asrning birinchi choragida Turkiston o‘lkasida siyosiy partiyalarning vujudga kelishi, taraqqiyoti, tasnifi, faoliyat ko‘rsatishi, dasturlarida davlat va huquq masalalarining ifodalanishi hamda davlat mustaqilligini ta’minlashi, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun kurashi, siyosiy partiyalar faoliyatini o‘rganishning metodologiyasi sifatida namoyon bo‘lishi ilmiy asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Turkiston siyosiy partiyalari dasturlarida davlat va huquq masalalarining ifodalanishi bo‘yicha olingan natijalar asosida:

siyosiy partiyalarning tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish bilan bog‘liq takliflar O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 15 fevraldagi 06/1-05/329 vr-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish jamiyatda siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan;

siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish bilan bog‘liq takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonuni asosida «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2018 yil 15 fevraldagi 06/1-05/329 vr-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish mexanizmini belgilovchi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;

siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtiroki, saylovchilarning fikr-mulohazalari, talab va istaklarining saylovoldi dasturlarida mujassamlanishi bilan bog‘liq takliflar siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlarida ifodalangan (O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining 2017 yil martdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlarini shakllantirishga xizmat qilgan;

siyosiy partiyalar tomonidan o‘z elektoratini shakllantirish, jamiyatda ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq takliflar partiyalar faoliyatida, targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishda inobatga olingan (O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining 2016 yil 12 dekabrdagi 01-01/656-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish jamiyatda sog‘lom siyosiy muhitni shakllantirish, aholi keng qatlamini siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishlarini belgilashda xizmat qilgan.

Turkiston siyosiy partiyalarning shakllanishi, siyosiy partiyalar asoschilarining jamiyat, davlat va huquqning kelib chiqishi va taraqqiyoti to‘g‘risidagi g‘oyalarining tahlili, mahalliy siyosiy partiyalar dasturlarida xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, mustaqillik va uni ta’minlash choralari to‘g‘risidagi g‘oyalarining yoritilganligi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozisiyasining «Milliy uyg‘onish harakati, uning namoyon bo‘lishi va amaliy yo‘nalishlari» hamda «Turkiston Muxtoriyat hukumatining tugatilishi va sovet davri qatag‘on siyosatining boshlanishi (1917-1924 yillar)» nomli bo‘limlarini boyitish, shuningdek, viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmalarida tashkil etilayotgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari ekspozisiyasining «Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi va viloyatda bol`sheviklar hokimiyatining o‘rnatilishi (1917–1929)» mavzuidagi 3-bo‘limini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi Davlat muzeyining 2018 yil 19 fevraldagi 39-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish XX asr boshlarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar xususida yangicha tarixiy tafakkurni shakllantirishga, davlat-huquqiy masalalarni tarixiy manbalari asosida ochib berishga xizmat qilgan;

siyosiy partiyalarning vujudga kelishi, taraqqiyoti, tasnifi, faoliyat ko‘rsatishi, dasturlarida davlat va huquq masalalarining ifodalanishi hamda mamlakat mustaqilligini ta’minlash, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun kurash to‘g‘risidagi xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan vazirlik oliy ta’lim muassasalari uchun tavsiya qilingan o‘zbek va rus tilidagi «Davlat va huquq nazariyasi» (2014) (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2014 yil 10 fevraldagi  2/618-son ma’lumotnomasi), «Davlat va huquq tarixi» (2016) (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2016 yil 8 oktyabrdagi 2/4202-son ma’lumotnomasi) darsliklarining tegishli boblarida o‘z aksini topgan. Ilmiy natijalardan foydalanish siyosiy partiyalar tarixini o‘rganishning metodologik asoslarini rivojlantirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish